O’rta Yer dengizining barchaga sevimli dam olish maskanlari, oltin tusli qumlari, zilol suvlari, yorqin quyoshi va toza sohillarga ega bo’lgan Turkiya, dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyuruvchi sayyohlarni yo’qolib ketish xavfi ostida bo’lgan Caretta Carettalari bilan kutib oladi. Haqiqatan ham, Caretta Carettalar ko’payish hududlarining 99 foizi Turkiya va Kiprda joylashgan bo’lib, nasl qoldirish davrida Caretta Carettalarga atrof-muhit omillarining salbiy ta’sirini oldini olish uchun Turkiyadagi 20 dan ortiq sohillar himoyalangan.
Har yili may va avgust oylari davomida tabiatni sevuvchilar yovvoyi tabiatni kuzatish maqsadida, Turkiyadagi sohillarga tuxum qo’yish uchun chiqqan noyob dengiz jonzotlarining quruqlikdagi g’aroyib sayohatlariga guvoh bo’lishlari mumkin. Belek, Patara, Go’ksu, Ko’yjeg’iz-Dalyan, Fethie-Go’jek kabi sohillar muhofaza qilingan sohillar qatoriga kiradi. Dalyandagi Iztuzu sohili Caretta Carettalar tomonidan eng ko’p afzal ko’rilgan sohillardan biridir.
Iztuzu: Caretta Carettalarning sevimli manzili
Iztuzu Turkiyaning Sittaslov (sekin shahar) bo’lgan Ko’yjeg’izda, Marmaris va Fethie o’rtasida joylashgan. Caretta Carettalarning ko’payish mavsumida dengiz toshbaqalari sarguzashtlariga guvoh bo’lish uchun unutilmas sarguzashtlar taqdim etuvchi Iztuzu sohili soat 20:00 dan 08:00 gacha yopiq.
Sayyohlar soat 20:00 atrofida sohilni tark etgandan so’ng, sohil Caretta Carettalar ixtiyoriga qoldiriladi. Ayni paytda esa, polapon toshbaqalar qobig’idan chiqib, uyalarini tark etib, dengiz tomon talpinadilar. Dam oluvchilar kunduzi sohilning soyabonlari va kreslolaridan istalgancha foydalanishlari mumkin bo’lsada, “ko’payish hududi”da bunga ruxsat berilmaydi. Sohilda tadqiqot, qutqaruv va reabilitatsiya markazi ham mavjud bo’lib, u yerda hasta va jarohatlangan toshbaqalar davolanadi va dengizga qaytariladi. Kirish va chiqish nuqtalari nazorat ostida bo’lgan ushbu sohilda olib borilgan himoya ishlari tufayli Caretta Carettalar populyatsiyasi so’nggi yillarda sezilarli darajada ortdi.
Chuchuk suv va dengiz suvi orasidagi noyob sohillardan biri bo’lgan Iztuzu sohili, o’zining qumli qirg’og’i hamda yashil va moviyni uyg’unlashtirgan mo»jizaviy manzarasi bilan o’z mehmonlariga tabiat qo’ynidagi dam olish tajribasini taqdim etadi. Yevropaning eng yaxshi sohillaridan biri deb qabul qilingan Iztuzuda piyoda yurish, toqqa chiqish, sohil voleyboli va futbolidan bahramand bo’lishingiz mumkin. Dalyandagi IV asrga oid Kaunos qadimiy shahri, Iztuzuga ta’til va Caretta Carettalarni kuzatish uchun kelgan sayyohlarning tez-tez tashrif buyuradigan joylaridan biridir.
Tarixiy qoldiqlar va Caretta Carettalar: Patara sohili
Turkiyadagi eng uzun (18 km) sohillardan biri bo’lgan Patara ham Caretta Carettalar uchun ajralmas hayot manbaidir. Pataraning keng sohilida O’rta Yer dengizi quyoshi, shabadasi va moviy suvlardan bahramand bo’lish bilan birga, Caretta Carettalarni kuzatganingizdan so’ng, qadimgi Pataraning qadimiy shahri bilan qiziqarli vaqt sayohatiga chiqishingiz mumkin. Likiya Ligasining tarixiy poytaxti bo’lgan Patara butun Ellinistik, Rim va Vizantiya davrlarida ham o’z obro’sini saqlab qoldi. U Parlament binosi va teatr kabi monumental inshootlari bilan ajralib turadi.