Qadimgi O’zbekiston zaminida, jumladan, ko’hna Xorazmda Qiyot nomi bilan bog’liq toponimlarning ko’pligidan bu urug’ning yurti aynan shu makon bo’lganligi oydinlashadi.
Buyuk bobomiz Beruniy Qiyot kentida tug’ilgan (4 sentyabr 973 yil), ulug’ o’zbek shoiri Ogahiy esa Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog’ida tug’ilib, vafot etgan (1809.17.12 — 1874.14.12).
Yurtimizda, jumladan, Xorazm, Surxondaryo, Samarqand va boshqa hududlarda qo’ng’irot eli nomi bilan ataladigan toponimik joylar ko’p! Bu el vakillari shu joylarda yashagan. O’zbek xalq eposi qahramoni Alpomish ham qo’ng’irot eli vakili!
Ayrim tarixchilar tomonidan mongol, deb kelingan Chingizxon ota tomonidan qiyot, ona tomonidan qo’ng’irot eli o’g’loni bo’lgan!
Qiyotlarning «Bo’ritegin» («Bo’rchig’an») tarmog’i eli o’g’loni Yasukay Bahodir o’g’liga tatarlarning xoni Temur chin (Chin Temur) nomini bergan. Hozirda Chingizxonga taqalayotgan «Temuchin» degan nom Temur chinning buzilgan shakli bo’lib, bu nom «r» tovushi talaffuz qilinmaydigan xitoy tilidan o’zlashgan.
Chingizxonning onasi Oylun esa qo’ng’irot urug’ining olxonut eli qizi! Chingizxonning bosh xotini — Bo’ritoy ham qo’ng’irot qizi. Qo’ng’irotlardan qiz olish odatini keyinchalik Amir Temur avlodlari ham davom ettirishgan.
Bu haqda Alisher Navoiy ushbu misralarni ham bitgan:
Men tilab husn, vale shoh tilab aslu nasab,
Menga lo’li birla hindu, anga qo’ng’irotu qiyot.
Ey Navoiy, menga bas ul sanami lo’livash,
Bekka qipchoqu og’ar, shohga qiyotu bilgut.
Rashididdin Fazlulloh, xitoylik tarixchi Chjao, Abulg’ozi Bahodirxon fikrlarini umumlashtirsak: «Temur chin uzun bo’yli, salobatli, manglayi keng, sariq soch-soqoli uzun, ko’zlari ko’kimtir-zangori» bo’lgan.
Chingizxon o’z davlatida xitoy yoki tibet yozuvini emas, balki hamma turkiy qabilalar uchun tushunarli bo’lgan uyg’ur yozuvini tatbiq qilgan. U xalxa-mongollarning ona bug’usiga (buddizm va shamanizmga ham) emas, balki turkiylarning Ko’k Tangrisiga sig’ingan. Chingizxonning ajdodlari, avlodlari va qo’mondonlarining nomlari turkiycha bo’lgan.
Chingizxon qo’shini qo’mondonlari: Jebey (jip yoy — o’q – yoy) merkit, Subudoy qiyot, Mukoli jaloyir, Ketbug’a nayman-bog’onali (bog’onali — Past Darg’om tumanida shunday joy nomi bor), No’yon Tog’o’char qo’ng’irot bo’lgan. Bu urug’larning barchasi o’zbekning 92 urug’i tarkibiga kiradi.
Oltin O’rda xonlarining ismlariga e’tibor bering. Ular ham mongolcha emas, turkiycha bo’lgan: ya’ni, O’zbek, To’xtamish, Mamay, Temur, Tinibek, No’g’ay, Berdibek, Qog’onbek va boshqalar.
Mongol ismlari asli qanday bo’ladi? Quyida mongollarning taniqli yozuvchilari ism-familiyalarini keltiramiz: Damdinsuren Sendiyn, Injinash Vanchinbali, Lodoydamba Chadraavalin, Natsagdorj Dashdorjiyn, Rinchen Byambыn, Sengee Dashzevegiyn, Tudev Lodongiyn, Sevegmed Sebegmid Dondogiyn, Sedev Dodjoogiyn, Chimid Choyjilыn, Erdene Sengiyn.
Chingizxonning o’zi va avlodlari turkcha xon (hoqon, qog’on), deb atalgan. Chingizxongacha Alp Er Tung’a (Afrosiyob) avlodlari — Qoraxoniylar bu unvon bilan atalish huquqiga ega bo’lishgan! Hozirgi xalxa-mongollarning ajdodlari esa xon unvoniga ega bo’lmagan. Ularning podshohi xuntayji, deb atalgan!
1206 yili Temurchin — Chingizxon, ya’ni Chin O’g’uzxon nomini olib, xon bo’lib ko’tarilgan buyuk qurultoyda qo’ng’irot, nayman, jaloyir, kereitlar qatnashgan. Biroq bu qurultoyda hozirgi mongol xalqini hosil qiladigan oyrot, xalxa, choras, durbet, xoshimiut kuntayji (boshliq)lari ishtirok etmagan edi.
Xitoy manbalariga asoslansak, mongol ulusini hosil qiladigan oyrot, xalxa, choras, durbet, xoshimiut kabi qabilalar Chingizxon yurishlarida qatnashmagan.
Oltin O’rdaning barcha boshkentlari (poytaxtlari) mongolcha emas, turkcha nomlangan: Saroy Botu (Eski Saroy) 1254-1480 yillar, Saroy Berka (Yangi Saroy) 1260-1395 yillar, Saroy Chiq (Kichik Saroy) XIV-XVI asrlar.
Oltin O’rda yirik kentlari hozirda yo’q bo’lib ketgan Saroy Botu o’rnida Astraxanga qarashli Selitrenovo selosi, Saroy Berka o’rnida Volgogradga qarashli Sarevo selosi vujudga keldi.
Saroy Chiq shahri O’rol daryosining o’ng tomonida Atirau va Uralsk shaharlari orasida bo’lgan.
Xorazmning ko’plab xonlari va saroy shoirlari, Abulg’ozi Bahodirxon, Ogahiy, Munis Xorazmiy kabilar o’zlarini Chingizxon urug’idan, deb bilishgan.
Chingizxon barpo etgan imperiyadagi inson resurslari: turkiy tilli xalqlar (o’zbeklar, qozoq, uyg’ur, tatar, boshqird, turkman, turk, qashqay, ozarbayjon, no’g’ay, ko’ko’g’uz (gagao’g’uz), qumiq, no’g’ay, oltoyliklar, chuvash, yoqut, qrim tatarlari, turva, qirg’iz, qoraqalpoq, tuvalik, shors, bulg’or, qorachoy, haqas, qoraim va boshqalar) 150 mln. atrofida.
Mongol tillilar (xalxa, buryat, qalmoqlar) — 15 mln. atrofida.
Nisbat 1:10. Buyuk imperiya qaysi inson resurslariga suyanganligini shundan ham anglash mumkinmi?
Chingizxonning zamondoshi bo’lgan Rashididdin barcha turkiy ellarni sanab o’tib, «Ular o’zlarini buyukligiga urg’u berib, o’zlarini mo’g’ul (mangu el — E.M) deb atashdi, garchi tarixan ular turk edilar», deydi.
«To’rt ulus tarixi» va «Shajara ul-atrok» («Turklar shajarasi») asaridagi Chingizxon aytgan mana bu yir (qo’shiq)ning tili qaysi til?
«Dengiz boshtin bo’lg’onsa, tindirur o’g’lum Jo’lchidur.
Terak tubdan yiqilsa, turg’uzar o’g’lim Jo’lchidur».
Akademik Boris Vladimirsov 1929 yili «Sravnitelnaya grammatika mongolskogo pismennogo yazыka i xalxaskogo narechiya» asarida ilmiy asoslangan faktlarga tayanib, Chingizxon tilini turk tili, deydi.
Tarixchi Ibn al-Asir keltirgan ma’lumotga ko’ra: «Samarqand qal’asining yengilgan askarlari g’oliblarga shunday deyishgan ekan: Biz Chingizxon urug’idanmiz!..»
Mirzo Ulug’bekning keltirishicha, qipchoqlar oloniylar (alanlar) bilan birlashib, Chingizxon qo’shiniga qarshi jangga chiqqanda chingiziylar qipchoqlarga shu gaplarni aytib, jangdan qaytarmoqchi bo’lishadi: «Biz va sizning kelib chiqishimiz bir, shubhasiz sizlar bizning qarindoshlarimizsizlar, lekin hozirda bizga yomonlikni ravo ko’ruvchisizlar. Negaki, sizlar o’z yaqinlaringizni parishon qilmoqchisizlar. O’z dushmanlaringizga esa madad qilmoqchisizlar. Shunday ekan, biz jangu jadal qilsak, sizlar dushmanga yordam qilmasliklaringiz kerak!»
Mashhur sayyoh Marko Polo (1254-1324) Xubilay xon haqida gapirib, uning gaplari va chet elliklar bilan suhbati turkiycha bo’lgani va shu tilda davlat yorliqlarini yozganini keltiradi. Bu vaqtda Xubilayxon Xitoyni boshqarar edi…
Xulagu xon askarini arab davlatlarida «Turon qo’shini», deb atashgan.
Gilom de Rubruk (1220-1293) Chingiziylar saroyidagi tarjimonlar mongolchadan emas, turkchadan tarjima qilishganini keltiradi.
Nima uchun xon Quyuqxonning (Guyuk) Rim Papasi Innokentiy IV yozgan yorlig’i (1246 y.) eski o’zbek tilida bitilgan? «Ulug’ ulusning… xon yorlig’imiz!»
Chingizxon bilan Xorazmshoh o’rtasidagi urushning sababchisi kim?
Ko’pchilik tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Chingizxon hudud jihatidan hozirgi O’zbekiston, Turkmaniston, Afg’oniston va Forsni egallagan ulkan Xorazm saltanati bilan bo’ladigan ayovsiz, ulkan urushga boshida qarshi turdi. Bu haqda Lev Gumilevning ushbu e’tirofi ham bor:
«… Mo’g’ullar uylariga qaytishdi: Xorazm bilan urushish istagi ularda yo’q edi, hatto buning aksi, Chingizxon bor kuchi ila Xorazmshoh bilan munosabatlarni yo’lga qo’yishga intilar edi. Axir, O’rta Osiyo orqali Buyuk Ipak yo’li o’tgan edi. Yo’l o’tgan hudud egalari savdogarlar to’lagan boj hisobiga boyir edilar. Savdogarlar har qanday miqdordagi bojni to’lashga rozi edilar, chunki ular barcha xarajatlarni iste’molchilar zimmasiga yuklar edilar, o’zlari esa amalda hech narsa yo’qotmas edilar. Barcha ustunliklarni saqlab qolishni istagan mo’g’ullar karvon yo’li bilan bog’liq o’z hududlarida xotirjamlik va tinchlikni ushlab turishdan manfaatdor edilar».
Keltirilishicha, hatto o’sha davr musulmonlarining bosh xalifasi An-Nosiriy Chingizxonni Xorazmga, musulmonlarga qarshi yurishga da’vat qilganda ham Chingizxon uni inkor qiladi. Chingizxonning boyligi, ayniqsa, Xitoy yurishidan keyin juda yetarli bo’ldi. Oltin, kumush, ipak, chinnilari ko’p edi. Biroq unda Turkistonda ishlab chiqiladigan va Osiyoning boshqa joylarida topilmas dunyodagi eng zo’r po’lat, paxta va shishaga ehtiyoj paydo bo’ldi. Bu tovarlarni ayirboshlash uchun u Xorazmga savdo karvonini yuboradi.
Biroq…
Bu haqda Mirzo Ulug’bek shunday deydi: Chingizxon savdogarlari… «O’tror diyoriga yetganlarida, Sulton Muhammad Xorazmshoh tomonidan qo’yilgan O’tror hokimi Inolchuq huzurida janjalga duch keldilar. U Sulton Muhammad Xorazmshohning onasi Turkon Xotunga qarindosh bo’lganidan G’oyirxon laqabini olgan edi. Savdogarlar jamoasidan biri hindi bo’lib, ilgari juda mashhur ekan. Uni tanir edi. Ilgarigi odaticha ul hindi uni Inolchuq deb atadi. Bu ma’ni ul sohibi davlat xotiriga og’ir botibdi. Darg’azab bo’lib, bozorgonlar moli tama’ida tojirlar joniga qasd qildi. Ul begunohlarni hibsga oldi… O’trorda savdogarlarni tutib qoldi. Bu ishni dev ko’rsa ham lol qolardi». Xullas, O’tror hokimi 1218 yili Chingizxon tarafidan yuborilgan qimmatbaho sovg’alar ortilgan savdo karvonini talatib, savdogarlarni qatl qildiradi.
Bu xiyonatning o’zi ham Chingizxonga Xorazmshohga qarshi urush ochish uchun yetarli edi. Uzoqni o’ylagan xon bosiqlik bilan diplomatiya qonuniga ko’ra Xorazmshohdan qotilni jazolashni so’raydi. Biroq xalqning taqdiridan o’zining obro’ini ustun qo’ygan kaltabin va kalondimog’ Xorazmshoh navbatdagi fitna va nomardliklarni boshlaydi.
Shundan keyin ori toptalgan Chingizxon urushni boshlamasa, u yaqinlari, «Mangu el» (mo’g’ul)i orasida sharmanda va beobro’ bo’lishi aniq edi!
Kaltafahm sultonning injiqliklari Chingizxonni g’azabga keltiradi.
U Burxon tog’iga ko’tarilib 3 kechayu 3 kunduz suvsiz va och-nahor yig’lab, Ko’kka iltijolar qildi. Urush ochish uchun ilohiy ishorani anglagan va ko’z yoshlari oqib aftoda holda qo’shinning «Tangri», degan qichqiriqlari ostida tog’dan tushib kelgan Chingizxon Sulton Muhammad Xorazmshoh huzuriga xat yubordi: «Ekkan urug’lar unib chiqdi. G’azab tig’ini g’ilofdan olgin, zero sen jabru zulm tuxmini ekding. Olganing yuzi qoralik, o’tkir qilich zaxmi. Seni o’z yurishimdan ogoh qilmoqchiman. Sen ham jang asbobini rostlagin. Shuni bilginki, men yetib borurman, keyin g’ofil qolibman, deb aytmagin!» («To’rt ulus tarixi»dan).
Xorazm saltanatiga qarshi ulkan yurish boshlandi…
Otasining qochoqligini bilgan Jaloliddin Manguberdi (Mangburni) dedi: «Agar Sulton Iroqqa ketadigan bo’lsa, lashkarlarini menga qoldirsin. Men esa Jayhun daryosi bo’yida turgum. Daryoning u tomonini (Chingiziylar) egallaydigan bo’lsa, bu tomonga o’tkazmagayman, mone’lik qilurmen. Eng to’g’ri yo’l shul». («To’rt ulus tarixi»dan). Sulton Xorazmshoh o’g’li Jaloliddinning so’ziga iltifot qilmadi. Yosh yigitning keksalardek so’zlarini uquvsiz Sulton eshitmadi.
Turkistonning buyuk farzandlari Jaloliddin Menguberdi va Temur Malik kabi vatanparvarlar mas’uliyatsiz va qo’rqoq sulton kasofatiga qolib, aslida yengilish uchun atalgan urushga kirishishga majbur bo’lishdi…
«Sohibqironi a’zam Chingizxoni muazzam tomosha uchun Buxoro ichkarisiga kirdi. Masjidga yetganda so’radi: «Sultonning saroyi shulmi?» Javob berdilar: «So’ramang». «Kimniki axir?» Dedilar: «Bu osmonu zamin Xoliqining uyidir». U otidan tushdi va ikkinchi minbarning poyasiga chikdi va o’ltirdi. Shunday dedi: «Ey Tangrining g’azabiga uchragan qavm, u meni sizlarning boshingizga yubordi. Sizlar kibrli sipoh edingiz va Tangri g’azabini o’zlaringiz chaqirib oldingiz» («To’rt ulus tarixi»dan).
Qora dengizdan Tinch okeaniga qadar bo’lgan Chingizxon tiklagan imperiyada (Rusiya, Xitoy, Fors, Hind, Kavkaz, Sharqiy Yevropa va boshqa hududlarda) mongol tili emas, turk tili hukmron edi.
Chingizxon avlodi O’zbekxon o’zbek elining ajdodi!
O’zbekxon saroyida davlat tili o’zbek tili edi. Shoir Qutb Xorazmiy Oltin O’rda xoni Muhammad O’zbekxonning (1312-40 yillar) Oq O’rdadagi noibi, o’g’li Tinibek saroyida yashab ijod qilgan. Qutb Tinibekka bag’ishlab «Husrav va Shirin» dostonini yozgan. Bu doston o’sha yer tilida — sof o’zbek tilida yozilgan!
E’tiboringizga shu asardan parcha keltiramiz:
Qozontek qaynab ush savdo pishurdum,
Nizomiy bolidin halvo pishurdum…
Oshiq bo’lmasa ushbu etti qat er,
Nedin muncha xaloyiq zaxmini yer?
Kishiningkim ko’ngulda ishqi bo’lsa,
Netong bulbul mengizlik ul zori qilsa.
Oltin O’rdada yashagan Sayfi Saroiy asarlaridan namuna:
Qamishli yurt mening tuvg’on elimdi,
Biling, g’urbatga kelturg’on bilimdi.
Kelib bo’ldum saroyda she’r fidoyi,
Saroyning shoiri, elning gadoyi.
Jahon shoirlari, ey gulshani bog’,
Kimi bulbuldurur so’zda, kimi zog’.
Abdurauf Fitrat bunday dedi:
«Ey ulug’ Turon, arslonlar o’lkasi! Senga ne bo’ldi? Ey, Chingizlarning, Temurlarning, O’g’uzlarning, Otillalarning shonli beshiklari! Qani u chiqdig’ing yuksak o’rinlar?» Yoki:
Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?
Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir?
Temur ila Chingiz qoni toshdi tomurimda –
Aytgil, Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdir?
Yov suqg’ali kelgach, qilichini yuragingga,
Tush oldiga, ol ko’ksumi – qalqonmi kerakdir?..
E’tiboringizga havola qilingan ushbu maqolada keltirilgan barcha faktlar ilmiy asoslangani bois hech ikkilanmay Chingizxonni turkiy, ya’ni o’zbek deyishimizga asos bor.
Kimga va nima uchun kerak bo’ldi bu xil yolg’on tarix?
Muallif: Erkin MUSURMONOV, SamDU dotsenti
Chingizxon Turk emas ,U haqiqiy Mo’g’ul xoni ,uning izdoshlari Hozirgi Mangolya , uni turklashtrish kerak emas ,Qozoqlar qozoq desa ,Xitoylar Xitoy desa ,Uzbeklar Uzbek desa bu nma degani gap.Chingizxon mogul ,Uning kelib chiqishi ham mgul. Faqat Onasi Turk bugan