Biz ko’pincha usmoniylar imperiyasi haqida materiallar berib borardik. Imperiyadagi sirli voqealarni o’quvchilar e’tiboriga havola etishga harakat qilardik. Bu gal esa Buxoro amirligi ichkarisidagi sirlardan voqif etish imkoni tug’ildi. Buxoro amirligi 1753 yildan to 1920 yilga qadar gullab-yashnagan. U o’z ichiga O’zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonning bir qismini mujassam etgan. Amirlikda turli millat, din vakil va vakilalari istiqomat qilgan. Davlatni esa amir boshqargan.
QANDAY QILIB AMIRNING SUYuKLISIGA AYLANISh MUMKIN?
Shubhasiz, Buxoro amirining qo’lida cheksiz qudrat bilan birga ko’plab xotinlar, kanizaklar bo’lgan. Amirga faqat musulmon ayoli xotin bo’lishi mumkin edi. Boshqa millat vakilalari esa haramda kanizaklik qila olishardi. Ularning aksariyati ozod qiz-juvonlar hisoblangan. Kanizaklikka qadar Buxoro amirligi hududida yashagan.
Kanizak sifatida qizlarni 13 yoshdan haramga olish uchun izn berilgan. Haramga tushishning o’zi esa qizlar uchun shon-sharaf hisoblanardi. Amir uchun eng go’zal qizni topish katta haram og’a va boshqa yaqin ayyonlar zimmasida bo’lgan. Aynan ular go’zal deb topilgan qizning ota-onasi bilan kelishgan, savdolashgan. Albatta, ota-onalar so’zsiz rozi bo’lishgan. Chunki amir haramiga qizini topshirish faqat sharaf bo’lib qolmasdan, amirga qarshi borish qaltis ekani ham ayon edi.
Haramda rosmana qul qizlar ham bor edi. Ularni o’zga yurtlarni bosib olgach, kishanlagan holda Buxoroga olib kelishardi. Ular ham o’zga millat, din vakilalari hisoblanishgan. Faqat haramdagi ozod kanizaklardan huquqlari cheklangani bilan farqlanishardi. Unday qizlarni qul bozorlarda, karvonsaroylarda sotishardi. Boyvachchalar ham qul bozorlaridan o’zlari uchun go’zal qizlarni sotib olishi mumkin edi. Faqat ularning o’zi bozorga kelmasdi. Boyvachchaning o’rniga qo’lida ishlaydigan tabiblar va boshqa yaqinlari kelib qul qizning salomatligini obdon tekshirgach, sotib olardi. Qul bozorda yosh qizlar turmush ko’rganlarga nisbatan ikki barobar qimmatroq sotilardi.
Amir saroyiga olib kelingan qul kanizaklar umuman huquqqa ega emasdi. Ular asosan amirning xotinlariga xizmat qilardi.
Amirga biror xotini yoki kanizagi yoqmay qolsa, u bilan ajrashish imkoniga ega edi. Amir ajrashgan xotin yoki kanizakni «iste’fodagi xotin» deb atashardi. Ularni amir hurmat qiladigan biror ayyonga uzatishardi. Unday ayyonning esa amir ajrashgan xotin, kanizakka uylanishi bilan lavozimi oshirilar, katta boylikka ham ega bo’lardi.
AMIRNING KANIZAKLARI, XOTINLARI QANDAY YaShAGAN?
Kanizaklar ham, xotinlar ham amirlik saroyida yashagan. Faqat amirning xotinlari birinchi, kanizaklar ikkinchi qavatda yashardi. Hech narsadan kamlik ko’rishmasdi. Faqat erkinlik chegaralab qo’yilgandi xolos.
Haramni amirning onasi boshqargan. Uning ruxsatisiz na xotinlar, na kanizaklar saroydan chiqa olgan. So’roqsiz faqat saroydagi bog’ga chiqib aylanishi mumkin edi. Shunda ham albatta hijobda bo’lishlari, yuzlarini ot yungidan tayyorlangan maxsus to’r bilan to’sib olishlari talab etilardi. Faqat shuni aytib o’tish kerakki, ot yungidan tayyorlangan to’r taqib yurishning o’zi mushkul edi. Taqqan odam nafas olishga qiynalar, quyosh nuri deyarli tushmasdi. Shuning uchun amirning xotinlari ko’pincha organizmida D vitamini yetishmasligidan qiynalardi.
Haramga begona ayollardan faqat savdogar ayollar kira olardi. Ularning aksariyati juhud ayollar bo’lgan.
Amirning xotini va kanizaklari saroydagi begona erkak bilan gaplashsa, o’rtada qora to’siq turishi, yuzlari to’silgan bo’lishi shart edi.
Haramga musiqachi, muallim, xonanda erkaklar ham tez-tez tashrif buyurardi. Ammo amir farmoniga ko’ra bu kasb egalarining faqat so’qirlarigina taklif etilardi.
Biror begona erkak amirning xotini yo kanizagini ko’rmasligi shart edi. Agar shunday hodisa sodir bo’lsa, ayol ham, erkak ham qatl etilardi.
Cheklangan, yopiq tarzdagi hayot kechirishlariga qaramay, haramdagi kanizaklar, amirning xotinlari eriga, xojasiga yoqish uchun kun bo’yi o’ziga oro berar, ayrimlari esa bu ishni zerikib o’lmaslik uchun qilardi.