NINAChI VA ChUMOLI…
(yoxud shu nomdagi masalning zamonaviy nusxasi)
***
Yo’q, bizning ninachi qachonlardir Krыlov tasvirlagan ninachi emas, zamonaviylar xilidan. Bo’y cho’zib-cho’zmay shou-biznesga o’zini urgan. Fonogrammadagina qo’shiq kuylay olsa-da, turish-turmushiga shou-bizneschasiga zeb berib qo’ygan. Uni ko’rgan chigirtkalar tilini tishlaydi. Asalarilar ninachidan taralayotgan shirin atir hidini dimog’ida tuygach, asal yig’ish-yig’maslikni o’ylab ko’rishga tushib qoladi. Hatto, afg’ondan kelib qolgan jangari maynalar ham ninachining qo’shig’i yangray boshlasa, bir-biri bilan mushtlashishdan to’xtab, ma’yus tortib qoladi. Ninachi ana shunaqangi mashhur bo’lib ketgan…
U yoz bo’yi tarallabedod qildi. To’yma-to’y, ziyofatma-ziyofat yurib yayradi. Kuzga borib banketlar mavsumi deganday. Sattanga bulbulboy og’alar ninachini orqavarotdan maqtashdi. Bu maqtashlardan keyin ninachining kazo-kazolardan tanishlari ko’paydi…
Ammo chumoli ahyon-ahyonda unga uzoqdan boqardi-yu, bosh silkiy-silkiy ketardi. Xayolan, «Qish g’amini yesa o’larmikan? Bu turishda sovuqdan, ochlikdan o’ladi-ku! Pensiya yoshiga yetganda xor bo’ladi-ku!», deya koyinardi.
Vaqt o’tib qilich yalang’ochlagancha qish kirib keldi. Chumoli qo’rqmaydi. G’amlaydiganini g’amlab olgan. Asosiysi bir milyonminan pensiyaga chiqdi. Umrining oxirigacha yetadi shu pensiyasi…
Bir kuni tashqariga chiqib nafas rostlash niyatida qaddini ko’targandi, qaerdandir ninachi uchib kelib qoldi. Chumoli uning egnidagi qimmatbaho matohlarga qarab turib ensasi qotdi.
«Allaqachon pensiya yoshiga yetgan, sharti ketib parti qolgan, — o’yladi u. — Ertasi haqida o’ylasa, oila qursa, bola-chaqa orttirsa o’larmikan?..»
Til qurg’ur yomon-da! Achinganidanmi, jahli chiqqanidanmi, bilmaydi, chumoli ichidagini to’kib soldi.
— Yoziminan yurding tarallabedod qilib, — dedi ninachiga. — Mana, qish keldi. Buyog’i pensiya yoshidasan. Bu yurganlaring uchun hech kim senga pensiya bermaydi, ojiza. To’g’ri, muxlislaring ko’p. Qo’shiqlaringni yaxshi ko’rishadi. Lokigin o’sha muxlislar qishda och qolsang, bitta don berishga yarashmaydi-da, singil!.. Xo’sh, unda nima qilasan?..
Ninachi chumolining gaplarini eshitib turdi-yu, kutilmaganda qotib-qotib kuldi. Keyin esa asta chumoliga yaqinlashib bankdan olgan omonat daftarchasini ko’z-ko’z qildi…
Chumoli omonat daftarchadagi raqamlarni ko’rib baqa bo’p qolgandi.
Ha, umrida buncha ko’p raqam ko’rmagan. Ninachini ishyoqmaslikda ayblagan. Och qolishini o’ylab qayg’urgan, koyingan. U esa…
Qanday qilib?.. Buncha pulni qaerdan oldi?..
Ninachi esa xuddi uning xayolini o’qigan kabi asta qulog’iga shivirladi:
— Buni shou-biznes deb qo’yibdi, og’a!..
Qissadan hissa shuki, kim bo’lsangiz ham, bulbulmisiz, maynamisiz, shermisiz, baribir, shou-biznesga o’zingizni uring, oka! Pensiya yoshiga yetganda, dar qolmaysiz. Sizdan faqat bir narsa talab qilinadi.
Fonogrammani qoyillatib aytishni o’zlashtira olsangiz bas.
Omon bo’ling!
Olimjon HAYIT