12 avgustda meteor yomg’iri kuzatiladi
Quyosh tizimida 109P/Swift-Tuttle deb nomlangan kometa mavjud. Kometa Yer orbitasi bilan kesishgan nuqtasi bor.
Fanlar akademiyasi xabariga ko’ra, Yer va kometa bu nuqtada uchrashmasa-da, bu bir kun sodir bo’lishi mumkin.
Kometaning diametri 26 kmga teng. Bu 65 mln yil avval dinozavrlar qirg’iniga sabab bo’lgan asteroiddan 2,5 baravar kattadir.
“Agar Yer bilan to’qnashuv sodir bo’lsa, dinozavrlar ko’rganidan 27 marta kattaroq portlashga guvoh bo’lamiz. Xayriyatki, yaqin orada to’qnashuv bo’lishi kutilmayapti”, deyiladi xabarda.
Kometa Quyoshga yaqinlashganda juda katta miqdordagi gaz-chang va mikrometeorit oqimini sochib yuboradi. Bu esa meteor yomg’irini hosil qiladi.
“Bu yilgi meteor yomg’iri vaqtida Oy juda yorqin bo’lganligi sababli ularning bir qismini oddiy ko’z bilan ilg’amaslik ehtimoli bor. Ammo, Osmon sferasining Oydan uzoqroq bo’lgan qismlarida ularni bemalol tomosha qilsa bo’ladi”, deyilgan xabarda.