Ko’rish o’tkirligi maxsus jadvallar asosida aniqlanadi. Ular turli kattalikdagi belgilardan iborat — bu harflar, yonlari uzilgan halqalar (Landolt halqasi) yoki rasmlar (bolalar uchun) bo’lishi mumkin. Ilk bor bunday jadvalni 1862 yili gollandiyalik oftalmolog G.Snellen o’ylab topgan. U hozirgacha xorijda ishlatiladi.
Bugungi kunda oftalmologlar xonasida osig’liq turadigan jadval esa 1923 yilda yaratilgan. U mashhur rus vrach-oftalmologi Sergey Selivanovich Golovin shogirdi doktor Dmitriy Aleksandrovich Sivsev tomonidan ishlab chiqilgan. Jadvalda rus alifbosining atigi 7 ta harfi ishlatiladi: Sh, B, M, N, K, Ы, I. Bu harflar tasodifan tanlanmagan. Ularni eslab qolish qiyin. Harflarning joylashuvi yodlanmaydi, ularni ko’rish kerak.
Ko’rish qobiliyatini tekshirish asosan mutaxassis kuzatuvida amalga oshiriladi. Jadval ko’zdan 5 metr masofada joylashgan bo’lishi shart. Belgilarni aniqlashga 2-3 soniya ajratiladi.