Teatr va kino aktyori Boir Xolmirzayev 1961 yilning 5 mart sanasida Tojikistonda tug’ilgan. Aktyor Mirza Ali ota va Saydiniso aya oilasida o’n farzandning ikkinchisi bo’lgan. Boir Xolmirzayev 1978 yildan 1983 yilgacha, poytaxtdagi Toshkent teatr va rassomchilik san’ati oliygohining Musiqali drama bo’limida tahsil olgan. Keyinroq, aynan shu oliygohning Rejissyorlik kursini ham tamomlagan. Aktyor o’z faoliyatini 1983 yilda, Muqimiy nomidagi O’zbekiston davlat musiqali teatrida boshlagan. Ushbu teatrda u bir necha ustoz san’atkorlar bilan bir sahnada faoliyat yuritib, o’nlab spektakllarda esda qolarli obrazlarni ijro etgan. Qahramonimiz tomoshabinlarga asosan kinodagi faoliyati orqali yaxshi tanish bo’lib, bugungacha, “Chavandoz”, “Chol va nabira”, “Zanjir” hamda “Ko’ngil ko’chalari” kabi ko’plab film va seriallarda suratga tushgan. Bulardan tashqari aktyor dublyaj sohasida ham sermahsul ijod qilib, yuzdan ortiq kino va multfilm qahramonlariga ovoz bergan. Boir Xolmirzayev o’zining san’at sohasidagi uzoq yillik faoliyati orqali, 2004 yilda “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’atkor” unvoni bilan mukofotlangan.
Qahramonimizning shaxsiy hayotiga to’xtaladigan bo’lsak, u oilali. Bugungi kunda uch o’g’il va bir qizning otasi. Aktyor haqida yana bir qiziq ma’lumot. Boir Xolmirzayev o’zbek san’atkorlari orasida shu ismdagi yagona aktyor hisoblanadi.