Kompaniya global yarimo’tkazgich taqchilligidan raqobatchilariga nisbatan kamroq zarar ko’rgan.
BMW 2015 yildan beri birinchi marta premium avtomobillar savdosi bo’yicha Mercedes’dan o’zib ketganini e’lon qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, BMW boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarga qaraganda global yarimo’tkazgichlar taqchilligidan kamroq zarar ko’rgan
«Biz 2021 yilda BMW brendining jahon premium avtomobil segmentida birinchi o’rinni egallaganini e’lon qilishdan faxrlanamiz», — degan kompaniyaning Myunxendagi sotuvlar bo’limi rahbari Piter Nota.
Qayd etilishicha, BMW kompaniyasi hali yil bo’yicha batafsil sotuv hisobotlarini e’lon qilganicha yo’q. Kompaniya vakiliga ko’ra, ular 12 yanvarda e’lon qilinadi. Biroq yilning ko’p qismida BMW Mercedes’dan avtomobil savdosi bo’yicha o’zib ketgan. Uchinchi chorak yakuniga ko’ra, Myunxendagi avtomobil ishlab chiqaruvchisi 1,8 million dona premium avtomobil sotgan, uning shtutgartlik raqibi esa 1,5 million dona sotishga erishgan.
Xabarga ko’ra, 2021 yilning to’qqiz oyida BMWbrendi ostida 1,7 million avtomobil sotilgan. Bu Daimler’ning Mercedes-Benz ko’rsatkichidan 112 ming ta avtomobilga ko’pdir.
Ta’kidlanishicha, BMW boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarning sanoat liniyalarida uzilishlarga olib kelgan global yarimo’tkazgich tanqisligidan raqobatchilariga qaraganda kamroq zarar ko’rgan.
Shu bilan birga, bir qator kompaniyalarning chiplar inqirozi cho’qqisining qiyin uchinchi chorakdan keyin tugashi haqidagi prognozlari o’zini oqlamagan. Mercedes matbuot xizmati xabar berishicha, sanoatdagi butlovchi qismlar taqchilligi 2022 yilning birinchi yarmida ham sezilishda davom etadi.
Avvalroq BMW’ning sof daromadi uchinchi chorakda 42,4 foizga oshgani xabar qilingandi. Shuningdek, BMW va Audi McLaren’ni sotib olishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berildi.