O’LIM HAQIDAGI AYRIM HAQIQATLAR
Olimlarning ma’lumotiga ko’ra, odam o’lgach, uch kun ichida organizmda qolib ketgan fermentlar jasadni chirish pallasiga olib kiradi. Bir-biridan ayro qolgan to’qimalarni ichak tizimidagi bakteriyalar yeb bitiradi. Shu yo’l bilan ichkaridagi zaharli gazlarni tashqariga haydaydi. Xuddi shu gazlar tiriklar uchun o’ta xavfli sanaladi.
Ayrim ma’lumotlarda ta’kidlanishicha, Hindistonda zoroastrizm tarafdorlari (qadimiy Erondagi din shunday deb atalgan. Keyinchalik bu din tarafdorlari Eron musulmonlari tarafidan haydab solingach, ular Hindistondan panoh topgan) olamdan o’tgan odam jasadini o’laksaxo’r qushlarga yedirarkan.
Boshqa bir ma’lumotda aytiladiki, Madagaskarda yashovchilar yaqini o’lgach, oradan ma’lum vaqt o’tib, qabrni ochishadi va marhum yo marhuma o’ralgan matoni olib farzandga zor er-xotinga berishadi. Jasad qoldiqlarini esa boshqa qabrga qayta dafn etishadi. Mato egasiga aylangan er-xotin uni irimiga o’zlari yotadigan karavot ustiga to’shaydi. Shu yo’l bilan xudodan farzand so’raydi.
19-asrda Misrdagi temiryo’l qurilishi paytida bu ishga jalb etilgan kompaniyalar ishchilari juda ko’p miqdorda mo’miyolangan odam jasadlarini topishgan va ulardan lokomotivlar uchun yoqilg’i sifatida foydalanishgan.
Darvoqe, yana bir ma’lumotga e’tiboringizni qaratamiz. 1907 yili Amerikaning Massachusets shtatida faoliyat yuritgan bir olim odamning o’lgunga qadar va o’limdan keyingi vaznini aniqlash masalasida izlanish olib borgan. Shu narsa aniqlanganki, odam o’lgach, tanasi atigi 21 gramm vazn yo’qotibdi. Vaholanki, inson ruhining vazni ham aynan 21 grammni tashkil etadi.
Ha, maqola so’ngida shu narsani aytib o’tmoqchimiz. Olimlar hisoblashibdi. Insoniyat yer yuzida paydo bo’lgandan beri shu kunga qadar 100 milliarddan ortiq odam o’lim topibdi.