FOLBIN OVI… (yoxud shayton malaylari shayton ta’qibi ostida)
Qadimda folbin, jodugar, afsungarlarni katolik cherkovlari ruhoniylari hazm qila olmasdi. Aynan ular folbinlarga qarshi kurash kompaniyasini boshlab bergan. Bu operatsiyalar 15-asrning ikkinchi yarmida boshlandi. Yevropaning o’zida qisqa vaqt ichida folbinlikda ayblanib qatl etilganlar soni 100 ming kishiga yetgan. Mahalliy amaldorlarga kimnidir folbinlikda, afsungarlikda ayblash sira qiyinchilik tug’dirmasdi. Masalan, sochi malla yoki qizg’ish bo’lsa, yoki indamas, kamgap bo’lsa, demak, bu odam folbin, jodugar hisoblanardi. Gumon qilingan shaxsning shaytonga aloqador yoki aloqador emasligini aniqlash uchun uning bo’yniga og’ir toshni boylab suvga cho’ktirishardi. Agar shu tosh bilan cho’kib ketmay, suv yuziga chiqa olsa, demak, u shayton malayi deb hisoblangan. Cho’kib ketsa, «adashibmiz, begunoh odam o’lib ketdi», deyishardi-yu, qo’l siltab qo’ya qolishardi.
Masalan, Janna d’Ark ham folbinlik, afsungarlik, jodugarlikda ayblanib tiriklay yoqilgan.
Hozir ham Afrika mamlakatlarida folbinlarga qarshi kurash to’xtagani yo’q. Misol uchun 2008 yili Keniyada olomon jami 11 kishini jodugarlikda ayblab tiriklay yoqib tashladi. 2009 yil martida esa Gambiya maxsus xizmati vakillari 1000 kishini o’g’irlab ketgan. Ular ham shayton malaylari sifatida aybdor deb topilib xufiyona tarzda o’ldirib yuborilgan.
Hindistonda folbinlikka qarshi kurashdan kimningdir yerini, uyini, pulini tortib olmoqchi bo’lganlar unumli foydalanadi. 1995-2009 yillar oralig’ida bu davlatda shunday ayblov bilan jami 2500 kishi o’ldirilgan.
Saudiya Arabistonida ham folbin, jodugar, afsungarlik jinoyat hisoblanadi.
Olimjon HAYIT tayyorladi