BILASIZMI?..

 

 

NEGA «DOKTORSKAYa» KOLBASASI «DOKTORSKAYa» DEB NOMLANGAN?..

 

Bu savol ko’pchilikni o’ylantirishi tayin. Ma’lumotlarga ko’ra, bu nom kolbasaning yaratilish tarixi bilan bog’liq ekan. Uni yaratish esa 1935 yili boshlangan. O’shanda kommunistlar partiyasi go’shtli mahsulotlar ishlab chiqarish sanoati mutasaddilariga uzoq vaqt och qolib xastalanganlar uchun parhez taom ishlab chiqarish haqida ko’rsatma bergan. Mutasaddilar bu taomni avval «Stalinskaya» deb nomlamoqchi bo’lishdi. Ammo Stalinning o’zidan cho’chishdi. Ularning nazarida bu nom Stalinga yoqmasa, davlat xavfsizlik qo’mitasi tarafidan jazoga tortilish mumkin deb hisoblashdi. Shuning uchun kolbasaga «doktorskaya» deb nom berishdi. Xuddi o’sha paytlarda yangi kolbasa tarkibi 25 foiz oliy navli mol go’shti, 70 foiz u qadar yog’li bo’lmagan cho’chqa go’shti, 3 foiz tovuq tuxumi, 2 foiz yog’i olingan sut, 2 foiz ziravorlar, shakar, yong’oqdan iborat bo’lgan.

Lekin oradan ko’p o’tmay, kolbasa sifatiga putur yetdi. Bunga sabab shuki, qoramol va cho’chqalarga baliq chiqindilari yem sifatida berila boshlagach, kolbasadan yoqimsiz hid taraladigan bo’ldi. O’tgan asrning 70- yillariga kelib kolbasaga istalgan narsani aralashtiradigan bo’lishdi. Hatto, odamlar o’zaro hazillashib, «doktorskaya» kolbasasiga hojatxona qog’ozi qo’shilishini ham aytib kuladigan bo’ldi.

Hozirgi paytda «doktorskaya» kolbasasi patenti hech kimda yo’q. Shuning uchun kolbasa ishlab chiqaruvchilar shu nom ostida o’zlari ma’qul deb bilgan aralashmalar asosida o’z kolbasasini ishlab chiqarishga o’tgan.

Olimjon HAYIT tayyorladi