BILASIZMI…

 

 

DUNYoDAGI ENG XAVFLI OROL

 

Braziliya sohillaridan 35 kilometr uzoqlikda Keymada-Grandi degan orol bor. Aytishlaricha, bu orol yer yuzidagi eng xavfli orol hisoblanadi. Xavfliligi shundaki, orolda faqat ilonlar istiqomat qiladi. Qachonlardir shu ilonlar orolda yashovchi odamlarni siqib chiqargan. Hozir bu yerga jonidan to’yganlargina tashrif buyurishi mumkin.

Orolning maydoni atigi 4 kvadrat kilometr keladi. Braziliya hukumati orolga xoh quruqlik, xoh okean orqali bo’lsin, kelishni taqiqlab qo’ygan.

Tarixiy manbalarda orolning o’tmishi haqida bir qator ma’lumotlar bor. Haqiqatan, qachonlardir shu yerda ham odamlar istiqomat qilgan. Ular asosan baliqchilik bilan shug’ullangan. Lekin ajoyib kunlarning birida orolga ilonlar to’dasi kirib kelgan. Odamlar qochishga tutingan. Ammo hech kim jon saqlay olmagan. Barchalari zaharli ilonlar chaqishi tufayli o’lim topgan.

Ilonlar bu oroldan nafaqat odamlarni, balki jami tirik jonzotlarni quvib solgan. Qurbaqalar, qumursqalar ham allaqachon yo’q qilingan. Orol hukmronlari bo’lmish bu ilonlar asosan qushlar bilan oziqlanadi. Nima ham qilishsin. Bilib-bilmay orolga qo’ngan qushlar ilonlarga yem bo’ladi.

Oroldagi eng xavfli ilon sifatida «Botrops» iloni hisoblanib, uzunligi 1 metrga teng. Bu ilon chaqsa, odamga o’z vaqtida ko’rsatiladigan tibbiy yordam ham ish bermaydi. Miyaga qon quyilish va buyraklar faoliyati buzilish jarayoni juda qisqa fursatda jabrlanuvchini o’limga mahkum etadi.

Orol ichkarisidagi hayotdan ozmi-ko’pmi ma’lumotga ega mutaxassislarning ta’kidlashicha, har kvadrat metr maydonga kamida beshtadan zaharli ilon to’g’ri kelarkan.

Olimjon HAYIT tayyorladi