«Baxt qasri» seriali haqida siz bilmagan faktlar

 

Serialda teleyulduzlar suratga tushgan

Serial yulduzli tarkibi bilan ham tomoshabinlar e’tiborini tortdi. «Baxt qasri»da bosh rollarni Gurmit Chaudxari (Yash) va Kratika Sengar (Arti) ijro etdi.

Chaudxari Hindistonning eng yaxshi teleaktyorlari o’nligidan joy olgan. Ommabop loyihadagi ishtiroki uni yanada mashhur qildi.

Sengar — «Qirolicha Jxansi» («Ek Veer Stree Ki Kahaani… Jhansi Ki Rani», 2010) tarixiy serialida Lfakshmi-bai — Hindistonning britanlarga qarshi kurashgan milliy qahramon ayolini o’ynagandan so’ng tanildi.

Ssenariyga badiiy asarlar
va Bollivud ta’sir qilgan

Teleserial ijodkorlari ssenariyni yozayotganda, badiiy manbalar va Bollivud filmlaridan faol foydalanishgan. Xususan, syujetda Osiyo davlatlarida mashhur bo’lgan «Layli va Majnun» dostonining ta’siri seziladi. «Baxt qasri» qahramonlaridan biri hatto bosh qahramonlar Yash va Artini «zamonamizning Layli va Majnuni» deb ataydi. Serialdagi aksar romantik sahnalar mashhur hind filmlari — «O’g’irlanmagan kelin», «Hayotda hamma narsa bo’ladi», «Gohi shodlik, gohi g’am»dagi sahnalarga o’xshaydi. Teleserial mualliflari Bollivud xiti — «Biz hamisha birgamiz» (1999) filmidan ham ilhomlanishgan.

 

Syujet markazida — qaynona
va kelinning o’ziga xos munosabati

Syujet bo’yicha bosh qahramon Artini birinchi eri Prashant yangi tug’ilgan chaqalog’i bilan tashlab, boshqa ayolning yoniga ketadi. Arti Prashantning onasi Shobxa bilan yaxshi munosabatda bo’ladi, Shobxa ham uni o’z qizidek yaxshi ko’radi. Prashantning ota-onasi uni uydan haydab, kelinning yonini oladi. Artiga chin dildan baxt tilagan Shobxa uni ikkinchi marta turmushga chiqishga ko’ndiradi. Keliniga bu borada yordam berish uchun o’g’lini o’ldi, deb e’lon qiladi. Bir necha yildan so’ng Prashant yana ota-onasining uyida paydo bo’lganda, onasi uni «Men uchun o’lgansan», deb qarg’aydi. Bularning bari hind jamoatchiligi uchun noodatiy, chunki oila doim o’g’ilning yonini oladi.

 

Serialda Bollivud yulduzlari ko’rinish beradi

«Baxt qasri»da Bollivud yulduzlari — Karina Kapur va Ranbir Kapur ham suratga tushgan. To’g’ri, ular faqat bir nechta qismda ko’rinish beradi. Teleloyihaning reklama kampaniyasida Shohrux Xonning o’zi ishtirok etdi. Bollivud qiroli teleserial promoroliklaridan birida suratga tushdi.

«Baxt qasri» seriali haqida siz bilmagan faktlar

 

Muhim ijtimoiy muammo
tilga olinadi

Syujet asosida — ikkinchi nikoh masalasi. Hindistonda ajrashgan yoki beva qolgan ayolning yana turmushga chiqishi qiyin. Bir paytlar bu butkul taqiqlangan edi. Hozir vaziyat o’zgargan. Shunday bo’lsa-da, bu mamlakatda an’anaviy qarashlar juda kuchli, jamoatchilik hali ham ikkinchi marta turmushga chiqishga qaror qilgan ayolni qoralaydi.

 

Ko’plab mukofotlarni qo’lga kiritgan

«Baxt qasri» 2012 yilda ekranga chiqishi bilan faqat «Zee TV» emas, umuman, hind televideniesining eng reytingi baland loyihasiga aylandi. Serial ko’plab nufuzli mukofotlarni olishga muvaffaq bo’ldi. Eng yaxshi rejissyor sifatida Xemant Prabxu «Zee Gold Award»ni qo’lga kiritdi. Bosh rol ijrochilari — Gurmit Chaudxari va Kratika Sengar televideniening eng mashhur juftligi deb e’tirof etilgan. Aktrisani «Zee Rishtey Awards» marosimida eng yaxshi kelin sifatida ham taqdirlashdi.

 

 

Hordiq gazetasidan olindi