Birlashgan Arab Amirliklarida qiyin ahvolga tushib qolgan O’zbekiston fuqarolariga yordam ko’rsatildi. Buhaqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolar M.U. va D.K. Bosh konsullikka qilgan murojaatlarida BAAga yolg’on va’dalarga ishonib kelib qolganlarini va ish beruvchi tomonidan doimiy ravishda tazyiq o’tkazilayotganini bildirgan.
Jumladan, o’zini ish beruvchi deb atagan shaxs O’zbekiston fuqarolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini olib qo’ygan va turli bahonalarni ro’kach qilib, qaytarib bermagan.
O’zbekiston diplomatlari tomonidan ko’rilgan chora-tadbirlar natijasida M.U. va D.K.ning pasportlari qaytarib olingan. Faol vatandoshlar ko’magida ularning Vatanga qaytishi uchun bepul aviachipta olib berilgan.
Ular Uzbekistan Airways kompaniyasining Dubay—Toshkent havo qatnovi bilan O’zbekistonga kuzatib qo’yilgan.