Hammasi xotinimning dugonasi uyimizga kelgan o’sha kundan boshlandi. Ishdan qaytsam, uyda rafiqam bir dugonasi bilan chaqchaqlashib o’tiribdi. Ularni ko’rib, bir hazillashgim keldi: “O! Ilonlar bazmi boshlandimi?!” Bu gapim ularga yoqmadi. Ayniqsa, turmush o’rtog’im mening gapimdan xafa bo’lib, bir necha haftagacha ayollarning naqadar yaqin va sodiq do’st bo’la olishini isbotlashga urindi. Qizlarning o’zaro do’stligi haqidagi bo’lgan-bo’lmagan hikoyalarni menga o’qitib, obdan tinkamni quritdi. Oxiri toqatim toq bo’lib, unga ayollarning do’stligi qanchalar “mustahkam” ekanini ko’rsatib qo’yish uchun bir tajriba o’tkazishga qaror qildim. Bu tajribani amalga oshirish uchun xotinim ikkalamiz bir varaqdan qog’ozni qo’lga olib, o’zimiz bilgan va ishongan do’stlarimizdan 12 nafarining ismini yozishimiz lozim edi. Ishongan do’stlarimizning o’ntasi qo’ng’iroq qilish uchun, ikkitasi esa har ehtimolga qarshi zaxira sifatida tanlandi.
Tanishlarimiz orasidan aynan bizning shahrimizda yashaydigan, yaqindan bilgan va tanigan, eng muhimi ishongan kishilarimizni tanlab olib, ularning raqamini telefonimizdagi “qora ro’yxat”ga kiritdik. Sababi, ular bizga qaytib qo’ng’iroq qilish imkoniyatiga ega bo’lmasliklari lozim edi. Dasturxonni shohona tuzab, tuni bilan uxlamay tajribani amalda sinab ko’rishga kirishdik. Ro’yxatdagi do’stlarimizga qo’ng’iroq qilishni seshanbadan chorshanbaga o’tar kechasi, naq yarim tunda 02:30 da boshladik. Go’shakning narigi tarafidan ovoz eshitilgach, “Ahvolim og’ir, tezda yordaming kerak, iltimos, hoziroq … uy, 57 xonadonga yetib kel! Qaytaraman, … uy, 57 xonadon!” deya vahimali ovozda gapni yakunlab, go’shakni joyiga ilib qo’ydik. Abonent javob bermagan holatda esa zaxiradagi raqamlarimizni ishga soldik. Umuman javob bermagan yoki aloqani uzib qo’ygan do’stlarimzini esa “yordam bermaydigan”lar safiga kiritdik. Oxir-oqibat natijalar shunday bo’ldi: xotinimning dugonalaridan ikkitasi javob bermadi, bittasi qayta qo’ng’iroq qilib ko’rdi, ikkitasi esa manzilga yordam berish uchun keldi. Ularning bittasi tunda va bittasi ertasiga tongda eshik qoqqanini alohida aytib o’tishim shart! Mening do’stlarimdan esa bittasi javob bermadi, ikkitasi azbaroyi imkoni yo’qligidan kela olmadi (biri kasalxonada davolanayotgan, yana biri esa shahardan tashqarida xizmat safarida edi). Lekin ular boshqa do’stlariga qo’ng’iroq qilib, xabar olish uchun uyimizga jo’natishdi.
Umumiy hisobda menga to’qqiz nafar do’stim yordamga keldi, uning esa faqat ikki dugonasi xabarga javob qaytardi, xolos. Uyimizga kelgan “do’stlarimiz”ga nega bunday qilganimizni birma-bir tushuntirishimizga to’g’ri keldi. Menikilar to’g’ri tushunib, kulgancha ortga qaytishdi, uning dugonalari esa… Xullas, biz butun tun “haqiqiy do’stlik uchun” qadah ko’tarib, bayram qildik. Ammo ikkalamizda hissiyotlar ikki xil edi. O’sha kuni birimiz haqiqiy quvonch bilan, birimiz esa g’azab va alam bilan tong ottirdik. Shundan buyon rafiqam ayollarning sadoqatli do’stligi to’g’risida bir og’iz ham gapirmaydi.