Amir Temur xalqqa zulm qilganlarni qanday jazolagan?

Sohibqiron Amir Temur “Kuch adolatdadir” degan gapiga, eng avvalo, o’zi amal qilganiga shubha yo’q, chunki “Temur tuzuklari”ni o’qisak, bu fikrga yana bir bor amin bo’lamiz. Ulug’ sarkarda o’z tuzuklaridan birida shunday deydi: “Yana hukm qildimki, qaysi bir sipohiy haddidan oshib, qo’l ostidagi kishiga zulm o’tkazar ekan, uni tutib, mazlum qo’liga topshirsinlar, toki uning jazosini zulm ko’rganlar bersin.

Qishloq oqsoqoli va shahar ulug’lari kichikroq darajadagi odamga zulm qilsalar, o’sha zulmga yarasha, har kimning ko’tarishicha jarima solsinlar. Agar darug’alar va hokimlar xalqqa jabr-zulm etib, ularni xarob qilgan bo’lsalar, ishlariga loyiq jazo berilsin”.

Soliq yig’ish borasida Sohibqironning siyosati

Ulug’ bobomiz, Sohibqiron Amir Temur davlat boshqaruvida jismoniy zulm, zo’ravonlik emas, diplomatiya tarafdori bo’lganini bugun dunyo hamjamiyati ham e’tirof etmoqda. Nafaqat xalqaro aloqalar, balki o’z saltanatida istiqomat qiluvchi oddiy insonlar bilan muomalada ham adolat va diplomatiyani ustuvor deb bilgan. Chunonchi, xalqdan soliq yig’ish borasida jismoniy tazyiq o’tkazmaslikni buyurgani uning quyidagi tuzugidan ayon bo’ladi: “Yana buyurdimki, xirojni raiyatdan kaltaklash va savalash yo’li bilan emas, balki ogohlantirish, tushuntirish yo’li bilan undirsinlar. Qaysi hokim hukmining ta’siri kamroq ekan, unday hokim hukumat yurgizishga yaroqsizdir”.

Yana bir “Tuzuk”da soliqlarni oshirmaslik lozimligi haqida ham ma’lumot bor: “Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig’ishda ularni og’ir ahvolga solishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo’yishdan saqlansinlar. Negaki raiyatni xonavayron qilish davlat xazinasining kambag’allashuviga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab bo’ladi. Sipohning tarqoqligi, o’z navbatida, saltanatning kuchsizlanishiga olib boradi”.

 

manba: protoday.uz