USM bosh direktori Ivan Streshinskiyning boyligi uning xoldingdagi ulushi 3 foizdan 5 foizga oshganidan keyin 1,3 mlrd dollargacha o’sgan
Foto: Forbes uchun Semyon Kas surati
USM bosh direktori Ivan Streshinskiy milliarderga aylandi. Bu haqda Forbes xabar bermoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko’ra, USM bosh direktori Ivan Streshinskiyning boyligi uning xoldingdagi ulushi 3 foizdan 5 foizga oshganidan keyin 1,3 milliard dollargacha o’sgan. 2021 yilda USM’ning asosiy egasi Alisher Usmonov o’zining top-menejeriga qo’shimcha 2 foizlik USM aksiyalarini o’tkazgan.
Bu Streshinskiyga nafaqat milliarder bo’lish, balki kapitalist direktorlar reytingida birinchi o’rinni egallashga imkon berdi. USM rahbarining o’zi Forbes nashriga bergan intervyusida kompaniyadagi ulushini oshirish haqida gapirgandi.
Alisher Usmonov 2018 yilning dekabrida Forbes’ga bergan intervyusida yaqin kelajakda holding aksiyalarining 10 foizini USM top-menejerlariga o’tkazish va kelajakda ularga o’zining deyarli barcha ulushini (49 foiz) berishini aytgandi.
Keyinchalik, 2020 yil boshida Financial Times gazetasiga bergan intervyusida u o’z niyatini tasdiqlab, unga tegishli aksiyalarning 50 foizi oila a’zolariga, qolgan yarmi esa «bunga munosib» menejerlarga berilishini ta’kidladi.
Avvalroq eng ko’p milliarder yetishib chiqqan sohalar bo’yicha tahliliy maqola e’lon qilingandi.