Forbes xayriya va ekologiyaga eng ko’p mablag’ sarflagan investorlar reytingini tuzdi. Alisher Usmonov qariyb 3 mlrd dollar bilan ikkinchi o’rinni egalladi.
Forbes Rossiyadagi ijtimoiy va ekologik muammolarga katta mablag’ yo’naltiradigan investorlarning birinchi reytingini tuzib chiqdi, deb xabar beradi Esquire.
Forbes ro’yxatni tuzishda «Rossiyaning eng badavlat 200 biznesmeni» reytingidan o’rin olgan 31 kishining 2010 yildan buyon xayriya, ijtimoiy loyihalar, tabiat muhofazasiga sarflagan xarajatlarini hisoblab chiqqan.
Mazkur reytingga Rossiyaning sobiq aloqa vaziri va Yota sobiq direktori Denis Sverdlov boshchilik qildi. Nashrning hisob-kitoblariga ko’ra, Sverdlov 2010 yildan buyon xayriya, ijtimoiy va ekologik loyihalarga 5,65 milliard dollardan ortiq mablag’ sarflagan. Shuningdek, ta’kidlanishicha, u Arrival tijoriy elektrokarlarini ishlab chiqarish bo’yicha «mutlaqo yashil» kompaniyaga asos solgan.
Sverdlovdan tashqari, top-10 ro’yxatdan quyidagi tadbirkorlar ham o’rin olgan:
USM Holdings rahbari Alisher Usmonov — 2,99 milliard dollar;
«Renova» direktorlar kengashi raisi Viktor Vekselberg — 2,53 milliard dollar;
«NLMK»ning asosiy aksiyadori Vladimir Lisin — 2,42 milliard dollar;
«Chelsi» futbol klubi va Millhouse investitsiya kompaniyasi egasi Roman Abramovich — 2,23 milliard dollar;
Sibir ko’mir-energetika va «EvroXim» kompaniyalari egasi Andrey Melnichenko — 2,02 milliard dollar;
En+ xoldingi asoschisi va uning sheriklikdagi egasi Oleg Deripaska — 1,94 milliard dollar;
«Nornikel» prezidenti Vladimir Potanin — 1,86 milliard dollar;
«Severstal»ning asosiy aksiyadori Aleksey Mordashov — 1,75 milliard dollar;
«Lukoyl» prezidenti Vagit Alekperov — 1,16 milliard dollar.
Reytingdan o’rin olgan biznesmenlar tomonidan jami 31,5 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Reyting mualliflarining ta’kidlashicha, ro’yxatdagi ishtirokchilarning korxonalari tabiatga katta zarar yetkazadi, ammo ularning ekologiyaga investitsiyasi «e’tiborga molik».
Avvalroq Forbes 2020 yilda Alisher Usmonovning boyligi 5 milliard dollarga ortganini ma’lum qilgan edi. USM Holdings kompaniyasining asoschisi va asosiy aksiyadori dunyo milliarderlari ro’yxatida 99, rossiyalik milliarderlari ro’yxatida yettinchi o’rinni egallagandi.