(18+) «Zato, qalbim toza» deya kibrlanayotgan fohishalarni sen oilangga olib kirayapsan, ey erkak!

Maqola ba’zi erkaklarga qarata yozilgan, ba’zi!

 

Buzuqlarga yaltog’lanishni to’xtatarsiz, azizlar.

Xoh ayol bo’ling, xoh erkak. Ammo fohishalarga kun-tun maqtov yog’dirib, ularga tavallo qilayotganlar haqida gapirmay o’tib ketish mumkin emas. Onasiga to’rtta non ilinmay, iflos ko’chalarga «Kaptiva» kalitini ham tashlab chiqayotganlarga «shirin» gaplarimiz bor!

Bu balchiqqa botib ketgan ko’chalardan chiqolmay qolganlar, orqa-oldiga bir qarab qo’yishsa, dunyoda qilish mumkin bo’lgan boshqa ishlar ham borligini ko’rishar. Nahot ular bu  yurishlar pok ayollariga, jondan-da aziz farzandlariga qaytishini, kasb-korlaridan barakani uchirishini bilishmaydi?!

(18+) «Zato, qalbim toza» deya kibrlanayotgan fohishalarni sen oilangga olib kirayapsan, ey erkak!

 

Sen «go’zal»san (soxta labingdagi suyuqlik oqib tushmaguncha, linzalaringni yo’qotmaguningcha, ulama sochlaring yulinmaguncha), qomatingga gap yo’q (baxtingga fitnes klublaru plastik operatsiya jarrohlari bor), yirtiq-yamoq, to’rt tarafi lang ochiq qizil ko’ylaklaring yarashgan. Sen «go’zal»san!

Goh u, goh bu qimmat mashinada, har yangi ochilgan restoranda, hashamatli oromgohlarda ko’rinib qolasan. Toshbo’ron qilinadigan, nafrat-la boqiladigan zamonlar o’tdi, ajdodlaring kabi berkinib yurmaysan. Aksincha, ko’ksing g’oz, qadamlaring bejo, murda kabi sovuq yuzingda ochiqdan-ochiq hirsli tabassum. Nahot ularning davri kelgan bo’lsa?! Ha, ha, davri keldi! Axir «akaxon»laring senga zarar yetishiga, davralaridan sen kabi eng arzon qo’g’irchoqlari yo’qolishiga yo’l qo’yisharmidi?! Garchi internetga joylayotgan son-sanoqsiz olifta suratlaring orasida ularning faqat qo’li, sochi, kiyimigina ko’rinsa-da, o’zlari sen bilan hatto suratga tushishdan ham orlansa-da, seni «himoya» qilishadi.

Seni reklama qiluvchi tekin internet, minglab «like»lar, bexijolat bildirilayotgan maqtov va takliflar avvalgi «kasbdosh»laringda bo’lmagan-ku. Sen XXI asrda yashab qol, davringni sur. Zero, avvallari sen bilan do’stlashish tugul, senga qarashdan ham jirkanishar, jamiyatning eng past qatlamiga ham noloyiq eding. Qara, bugun o’rning qanchalar yuksalibdi!

(18+) «Zato, qalbim toza» deya kibrlanayotgan fohishalarni sen oilangga olib kirayapsan, ey erkak!

Bugungi kun bilan bir asr avvalgi yuzsizlarni solishtirarkanmiz, o’z-o’zidan «Oldingi fohishalar hozirgilaridan a-ancha uyatli ekan», deb yuborasan kishi (Kunimiz nomusini sotganlarni uyatliroq deyishga ham qolibdi). To’g’ri-da, chunki o’tgan asrlarga razm solsak, behayo ayollar o’zlarini panaga olib yurganini, chirkin qilmishlarini berkitishga uringanini ko’ramiz. Yetishmovchilik, majburlik va yana shunga o’xshash yuzlab sabablarni keltiradigan bu tusdagi ayollar shu kungacha burchak-burchaklarda pisib yotishardi. Ularning jamiyatda emin-erkin «kasb»larini bajarishiga hech ham yo’l qo’yilmas, o’z qadri, sha’nini bilgan erkaklar behayolik urug’ini sepayotganlarga otgani o’q topolmay yurishgani ma’lum.

 

Bugun-chi?! Bugun ular bosar-tusarini bilmay qolishdi. Uzoqqa bormang, mana, hozir ijtimoiy tarmoqlarning istalgan sahifasi orqali «poisk» bering yoki shunchaki «lenta»ni kuzating. Dahshatli manzaralarga guvoh bo’lasiz. Endilikda tanasini sotishni ochiqdan-ochiq biznesga aylantirib olganlar har qaysi ijtimoiy tarmoqdan unumli foydalanyapti. Super megayulduz singari ularni kuzatuvchilar soni kundan-kunga oshayotganiga nima deysiz?

Yarim yalang’och suratini internetga joylab, ming xil ko’z tushib, kirlangan rasmlariga «Zato, qalbim toza», «Ayol kishi bo’lsam ham mardman», «Ko’nglimda Xudo bor», deya izoh qoldirishiga-ku, kulishni ham, nafratlanishni ham bilmay qolasan. Xudo deya turib, gunohi kabiraga boshi bilan sho’ng’ib ketish va yetmaganiga erkaklarday mardlikka da’vo qilish…

Xo’sh, bu kabi suratlarni qaysi or-nomusli, chin ma’noda mard ayol e’lon qilishi mumkin?! Kechirasizlar-u, ochiq tanasini ko’z-ko’zlab, yana hurmatni talab qilish aqlan noqislikdan boshqa narsa emas. Yoki biz zamondan shu darajada ortda qolib ketdig-u, «ochilib-sochilib» yurishni tushunmayotganmikinmiz?

Eh, aslida-ku, fohishalar bilan hech bir zamonda talashib bo’lmagan. Qo’yib bersangiz, farishtalikka ham da’vo qilishadi. Berilgan tanbeh, bildirilgan salbiy fikrlarga javoban «Buncha hasadgo’ysizlar?» degan gaplariga qanday qaraysiz? Ha, ular o’zlarini kim ekanligini, jamiyatdagi o’rnini unutib, kattaroq narsalarga da’vo qilishni boshlashibdi! Shunisidan asrasin hammamizni!

 

Yo’q, biz azbaroyi hayratdaligimiz sabab yana mavzudan tashqariga chiqdik. Qaytaraman, nasihat, tarbiyaviy soat o’tish uchun aqlimiz noqislik qiladi, birovning gunohini o’lchab yurishdan ham yiroqmiz. Faqat bir narsa qiziq. Nima uchun XXI asrga kelib, odamlar o’z tubanliklari bilan faxrlanishni boshlashdi? Kirdikorlar hammamizning ichimiz, ishimizda topilishi har zamonda ham insonligimizga borib, xato qilishimiz rost. Biroq ayni qaysi lahzadan biz shu qadar tubanlashib ketdikki, gunohlar bilan faxrlanishni boshlayapmiz? O’zimiz emasmi, jamiyatning eng past tabaqalarini ko’klarga ko’tarib, ular ustidan maqtovlar yog’dirayotgan?! Bizning oramizdagi erkaklar emasmi, behayolarni misoli qirolichalarga taqqoslab yaltog’lanayotgan?! Hatto yozilgan mana shu maqola ham kerak bo’lsa, «antireklama»ning o’zginasi.

Nafaqat erkaklar, balki ko’rinishidan tuppa-tuzuk ko’ringan qiz-ayollar yuqorida e’tirof etilganlarning surati ostiga «Siz zo’rsiz» «Sizga havasim keladi» «Opa, qanday qilib sizga o’xshashim mumkin?» deya yozishlari aqlu hushi joyida har qanday insonning qonini qaynatadi. Oq-qorani ajratolmayotgan bu qizlar kimga fanatlik qilishayotganini, «opalari»ga o’xshash uchun ular bosgan eng tuban yo’llarni bosishi shartligini bilisharmikin?!

Kun sayin «echilib» ketayotgan bu turdagi ayollar (ayol nomiga ham aslida noloyiq) o’zlarini qachongacha zo’r, mard, bamisli qirolicha deb yurishadi? Umuman olganda, jamiyatda zarracha o’rni yo’q, manzili qamoqxona hisoblangan yuzsizlar qachondan boshlab hurmatga loyiq bo’lib qolishdi?!

Biz behayolikni kasb darajasiga aylantirgan ayollarni hech bo’lmasa, internetda jonlanib ketishiga yo’l qo’ymasligimiz shart!

Aynan siz behayoni oilangizga yaqinlashtiryapsiz!..

Bir narsa kunday ravshan. Yengil tabiatli, behayo, buzuq ayollar hammaniki va «hammaniki» hech qachon qadr topmaydi. Faqat tanasi bilan faxrlana oladigan bu ayollarning hayotida oila, yuksak tuyg’ular, maqsadlaru go’zal orzulardan asar ham yo’q. Yuzi qora bu ayollar, aslida, bechora. Ular yolg’iz hayotida yolg’on bo’lsa-da, ozgina yupanch qidirishadi, internet esa ular uchun ochiq maydon. Tarmoqlarga joylanayotgan ehtirosni junbushga keltiruvchi suratlari ostiga yozilayotgan arzon maqtovlar og’ushida sarmast yurishibdi. Siz esa, ha, ha siz ularga «like» bosayotgan, yalinayotgan, maqtovlar yomg’irini yog’dirayotgan erkaklar, aynan siz ularning narxini oshiryapsiz.

Aynan siz singlingiz, jufti halolingiz, qizingiz yashayotgan mana shu jamiyatning to’riga ularni o’z qo’llaringiz bilan chiqarib qo’ymoqdasiz. Shu emasmi asl fojia?!

 

Mohigul
DIYoRXO’JAYEVA