Poraxo’rlikka qarshi kurash ketyapti. Qani, birovdan bir so’m pul olib ko’ring-chi, ko’rasiz ko’radiganingizni.
Oliy ma’lumotli vrach bo’lib ishga tushdim. Tuman poliklinikasida ishlayman. Oylik maoshim ham uncha ko’p emas. Axir yarim shtatga qancha ham berardi? Boz ustiga, qishloqdan qatnayman. 3 ming borishga, 3 ming kelishga, uning ustiga tushlik ham bor. Maoshning yarmi yo’lkiraga ketadi. Ammo «chap» yo’q. Birovdan bir so’m ololmaysan. Hamma joyga, hatto xonalarimizga ham korrupsiyaga qarshi kurashish haqida balodek yozuvlar osib tashlangan. Ammo ba’zi bir bemorlar:
— Mana uka, sizga ataganim bor, — deb bir ikki so’m choychaqa uzatsa bormi, sen:
— Yo’q, yo’q, aka, ololmayman. Vijdonim yo’l qo’ymaydi, qasam ichganman deb qo’lingni krest qilib, oyoq tirab turib olasan.
Ha, shunaqa. Ammo, sekin-sekin ishlayversang, hammasining yo’lini bilib olaverar ekansan. Mana misol. Qo’shni xonada salkam oltmish yoshga yaqinlashib qolgan Otaboy doktor ishlaydi. Topish-tutishimdan nolisam, u miyig’ida kulib:
— Ha, bola, darrov milliarder bo’lmoqchilarmi? Hali ikki-uch yil qiynalib ishlang, ana undan keyin asta-asta bo’laveradi, akosi! — deydi.
Bir kuni zimdan Otaboy doktorni kuzatdim. U xonasiga kirgan kasal bilan yaqin qarindoshlardek quyuq so’rashib, keyin kasalini tekshirib, dori yozib berar ekan-da, to koridorgacha kuzatib chiqarkan. Mijozga: «Dorini falon dorixonadan oling, xo’pmi? U yigit dorini faqat chetdan olib keladi, ham arzon, ham foydasi zo’r!» deb qo’yar ekan bosh barmog’ini ko’rsatib. Tavba deb hech nimaga tushunmay, endi xonamga kirib, joyimga o’tirgan ham edimki, bir yigit kelib stulga o’tirdi.
— Siz falonchi doktormisiz yangi kelgan? — deb so’radi dabdurustdan.
— Ha, aka, nima hizmat? Qaeringiz og’riydi? — so’radim men ham pinagimni buzmay.
— Soppa-sog’man, ammo sizga bir taklifim bor, men huv pastdagi dorixonaning xo’jayiniman. Ismim Akmal. Akmal milli desangiz, hamma taniydi. Dorilarning hamma turidan bor. Ham arzon, ham foydali. Savdomiz yurishsin, aka. Bu zamonda sizga ham, bizga ham foyda bo’lsin deb keldim. Klientlarni bizga jo’nating, xo’pmi? Anavi Sattor semizdan sizga nima naf? Sizdan nima ketdi, bitta qalamni shundoq qilib «Lola»ga, deb yozib qo’ysangiz, olam guliston.
Men uning gaplarini obdon eshitdim. “Ha, obbo, Otaboy aka-ey, bizga «yo’li»ni o’rgatmagan ekansiz-da”, deb qo’ydim ichimda.
“O’ylashib ko’ramiz”, deb uni asta jo’natib yubordim, shunda bu gaplarni eshitib o’tirgan hamshira qiz Guli:
— Doktor aka, o’zi xamma shunaqa qiladi bu yerda. Mana, masalan, xirurg Soli aka ham, bolalar vrachi Shahnoz opa ham, hatto Otaboy doktor ham shunday qiladi. Ish vaqti tamom bo’lgach, asta o’sha dorixonaga kirib, ulushini olib ketaveradilar. Vrachlar resept yozib o’tirganida, o’zining ulushi qancha bo’lishini hisoblab ham qo’yishadi. Shunaqa. Bu ham bir yo’li-da. Hatto, doktor aka, sizga yana bir yo’lini aytay. Tashqarida, ya’ni ko’chada bir ikkita klienttopar topib qo’ymasangiz, yutqazasiz, nonsiz qolib ketasiz. Ha, sizning xonangizga kasal yo’lamaydi. Anavi «qari tulkilar» har qaysisi uch-to’rtta odam yollab qo’yishgan. Har bir kasal uchun besh ming-o’n mingdan berishadi.
Obbo ustomonlar-ey, hali gap bu yoqda ekan-da!
Shu bugun juda charchadim. Kirakash bolalarning mashinasiga o’tirib uyga qaytayapman. Xayolimda bugun bo’lib o’tgan voqealarni jonlantiraman. Yarim yo’lda yo’l harakati inspektorining hushtagidan hushyor tortdim.
— Nima bo’ldi? — desam, shofyor:
— Nima bo’lardi, aka, hozir ko’ramiz, — deb tushib ketdi.
GAIga hujjatini ko’rsatar-ko’rsatmas iziga qaytib, mashinasiga o’tirdi.
— Xo’sh, tinchlikmi? — desam:
— Qayoqda, tinchlik, huv benzinfurushlarni ko’ryapsizmi? Ha, balli! Shularning Qadamboy deganiga 10 litr benzinning pulini berar ekanman, — dedi shofyor, — ishlatishmaydi bular!
— Benzin olgandir-da, — desam, shofyor bechora:
— Qanaqa benzin? Bu ham bir yo’li-da, aka, yo’li shunaqa! — deb qo’ydi…
Boltaboy Matqurbonov