XIRA PAShShA (hajviya)
Men qonxo’rmanmi?

— Ie, Oqpashshaoy, tuzuk yuribsizmi? Ha-a, ja oyoqchalaringizni cho’zvolib uchyapsiz? Tinchlikmi?

— Voy, Qoranisaxon, sizmidingiz? Muncha bo’shashib qopsiz? Dadil edingiz-ku kuni kechayam!?. Aytgancha, necha yoshga kirdingiz?

— Bugun sakkiz kunga to’ldim, o’rgilay!

— O’, yaqin qolibdi-ku uyog’iyam, hi-hi-hi-hi-i-i-i!!!

Betingdan buzulgur! Ranging oqarmay o’l, pes!.. Men nasib bo’lsa yigirma kun yashayman, ovsar!.. Shu oq pashshayam juda jonimga tegdi. Vizillashi o’zidanam sovug’-a! O’zimga qolsa, qitiqlab adabini berardim-u, nishi bor-da! He kalboshning boshida sirpanib o’lgur! O’tgan kuniyam shu yer yutkurning enasi nervimga tegovdi. Nimaymish, men qonxo’rmishman! Tuhmatchi, munday nishingga qarab vizillagin-da! Qachon ko’rgansan qoranisaning qonxo’rlik qilganini? Men-chi, qitiqlashni bilaman, xolos. Shunaqa beozor jonzotlardanman! Ie-e, anavi qorindor erkakning xurrak otib uxlashini qaranglar! Ha-a, choyxonaga ketuvdi, to’yib palovxonto’rani urgandan keyin otadi-da xurrakni! So’lagingga tiqilib o’lgur-ey! Shoshmay tur hali! Ie, biz bedor, oyoq, qanot og’rig’idan azoblanib yursag-u, bu qorinboy maza qilib uxlasa! Shuyam adolatdanmi? Buning o’rniga anavi zarli dasturxoning ustiga shakarmi, asalmi sepib qo’ysang asakang ketarmidi?!. Bizam tirikchilik qilvolardik, birpas mizg’ishga bahona topilarmidi… Odamlaram ja noinsof bo’lib ketishdi o’zi. Faqat o’zini o’ylaydi. Hech bo’lmasa savob uchun menday g’arib pashshalarni parvarish qilay demaydi. Yaqiniga borsang, faqat haydab solishni, bo’ralab so’kishni, tayoq olib quvlashni bilishadi. Shoshma, hozir borib xuddi o’sha kal boshingga qo’nay, keyin bilasan xurrak otish qanaqa bo’lishini!..

Ta’qib

Olimjon HAYIT