Kasalxona jonlantirish bo’limi palatasi. O’ngdagi karavotda o’rta yashar, soqollari o’sib ketgan, badanining uch-to’rt yeriga qandaydir shlanglar ulangan yigit yotibdi. Chapdagi ikkinchi karavotga yoshi yetmishga yetayozgan, cho’qqisoqol qariya o’rnashib o’tirib oladi-da, eshik tarafga o’qraygancha eshitilar-eshitilmas g’udranadi.
Qariya: — Yotqizmasmish-a! Voy yaramas-ey! Meni kim deb o’ylaydi o’zi?.. O’l-a, kattangni chaqir deganimdan keyin tipirchilab qoldi-ku! Qo’rqmaysan-a, qo’rqmaysan!.. Uf-f, qachon kirib ukol qilisharkin endi? Yurak tortishib ketyapti-ku!.. Anavi jinqarcha xomshirasi kela qolsaydi!.. Umuman, g’alati do’xtirakan. Nuqul duduqlanadimi-ey! Dori yozaman deganiga o’laymi?!. Oldin og’riqni qoldir, xumpar, keyin gaplashaveramiz!.. Anavi yigitning hammayog’iga shlanka ulab tashlashibdimi? Bechora, anchagina o’sal bo’pti shekilli-da!.. Lokigin manavi kursi, mayda-chuydalarni yonimga qo’ydirvolib yaxshi ish qildim. Ana endi jon og’rimay qolsa, bemalol yotaveraman. Jinam urmaydi!.. Betamizlar, tezroq kelmasmikan-a? O’likmisan-tirikmisan deyishmaydi-ya!..
Shu payt palata eshigi ochiladi-yu, do’xtir yana bir oq xalatli erkak, ikki hamshirani ergashtirib ichkariga kiradi. Barchalari qariyaning tepasiga bostirib keladi. Do’xtir ingichka mo’ylabchasi ucha-ucha qariyaga sovuq tikiladi. Orqadagi erkak va hamshiralar ham qariyani yeb qo’ygudek kuzata boshlashadi.
Qariya (qo’rqibmi, hayratlanibmi, bir muddat tepasidagilarga g’alati boqadi): — Ha, bolam, tinchlikmi? Biror gap bo’ldimi?.. Ie, nega menga bunaqa yomon qarab qoldilaring? Undan ko’ra tezroq ukol qilsalaring-chi!
Do’xtir: — U-ukolga ulgurasiz. B-b-boshqa gap chiqib qoldi, b-boboy!
Qariya (qaysarligi tutib): — Yo’q, bunisiga kelishmaganmiz. Oldin ukol qil, ana undan keyin gaplashaveramiz!
Do’xtir og’ir xo’rsinib yonidagi hamshiraga imo qiladi. Hamshira qisqa muddat ichida qariyaga ukol qiladi. Qariya shundan so’ng chuqur-chuqur nafas oladi-yu, cho’qqi soqolini tutamlagancha do’xtirga yuzlanadi.
Qariya: — Xo’sh, bolam, nima gap? Mana endi gapir!
Do’xtir (orqadagi sherigining biqiniga turtib olib): — B-bizga aytishdiki, siz palataga xavfli dori olib kirganmishsiz? Qani o’sha dori?
Qariya (endi cho’qqi soqolini ikkala qo’li bilan oldinma-ketin tutamlab): — Astag’firillo-o! Men-a?
Do’xtir: — H-ha, siz! Q-qani o’sha dori? K-k-ko’rsating!
Qariya: — Vey, bolam, tuhmat qilasan-a ko’zimga qarab! Tergovchi bo’lganingdayam tergayverib o’ldirib qo’yarkansan-da-a?
Do’xtir: — S-s-siz kim bo’psiz menga b-b-baqirib?
Qariya: — Menmi? Men pensanerman! Nima deysan?
Do’xtir: — D-d-dorini ko’rsating!
Qariya (battar qaysarlanib, soqol-mo’ylabi titrab): — Ko’rsatmayman!
Do’xtir: — H-h-hali shunaqami? Ya-ya-yaxshi-i-i!!!
Do’xtirning nimadir qilish uchun taraddudlanganini ko’rgan hamshiralar, orqadagi erkak karavotga yaqinroq kelishadi.
Qariya: — Ie-e-e! Bu nimasi tag’in? Urmoqchimisanlar meni? Meni-ya? Pensanerni-ya? Ur, qani, ur! Yurak og’rib turibdi-da, bo’lmasa, anavi hassaminan savalardim hammangni!
Do’xtir (qariyaning so’zlariga e’tibor qilmay, kursidagi idishchaga, bir tutam qirqilgan qog’ozchalarga ishora qiladi): — Xo’sh, anavi nima?
Qariya: — Umi?.. Vey, bolam, kulgimni qistatmagin! O’zi-chi, mazam qochib turibdi.
Do’xtir (battar qovog’i uyilib): — Boboy, shu yoshda maza qolarmidi? Gapiring, bu nima?
Qariya (hamshiralarga alanglab): — Qo’y, shu gapni ayttirmay qo’yaqol! Harqalay ayollarning oldida noqulay…
Do’xtir: — A-a-ayollar bilan ishingiz bo’lmasin! Bu nima deb so’radim! J-j-javob bering!
Qariya: — Nima bo’lardi? O’zing ko’rmayapsanmi? Idish. Haligi… Nimaydi… Ha, koffedan bo’shagan.
Do’xtir (idishni qo’liga oladi va qog’ozchalarni ko’rsatadi): — Ular-chi? Ular nima?
Qariya: — Q-q-qog’oz-ku!!! (Shunday deyishga deydi-yu, kutilmaganda ikki yelkasi osha tuf-tuflab, irimiga erinmay engashgancha uch marta polni mushtlab qo’yadi) — Bilib, ko’rib turib so’raysan-a!.. Ishonmasang, ichini ochib ko’r!
Do’xtir qog’ozni ochadi-da, ichidagini hidlab qariyaga javdirab qaraydi.
Qariya: — Ma, mana bu noskadi, buniyam tekshirib ko’r!
Do’xtir nos to’la idishni qo’liga olib uni ham hidlab ko’radi va ko’zlari olayib yonidagilarga bir-bir qarab oladi.
Do’xtir: — Axir… B-b-bu… Zahar-ku! H-h-hali siz a-atrof-muhitni, b-b-bemorlarimizni zaharlamoqchimidingiz?
Qariya: — Yo navzambillo! Qo’y-e, bolam, qo’y-e! Bu matohni ellik yildan beri otaman. Hali birovning zaharlanib o’lganini ko’rganim yo’q. Qo’ygin-e!..
Do’xtir (qaddini g’oz tutib, xalati yoqalarini to’g’rilab): — Q-q-qani, gapiring, boboy, maqsadingiz nimaydi?
Qariya: — Ezvording-da o’zingam! Ko’rding-ku, bu nos! Men-chi… Haligi… Nimaydi… Ha, akkuratniy boboylardanman. Manavi palatang ifloslanmasin deyman. Shuning uchun nosni xuddi o’sha qo’lingdagi qog’ozga tuflab, idishga berkitib qo’yaman. Sen qip-qizil tuhmatchi ekansan-ku! Voy-voy-ey, yuragim battar og’rib ketdi-ya! Ukolingam o’zingga o’xshagan qaysarmidi deyman sira ta’sir qila qolmayapti!..
Do’xtir qariyaning so’nggi gapi ta’sir qildimi, sal bo’shashgan bo’lib yonidagilarga «chiq» ishorasini qiladi. Qolganlar biri yelka qisgan, boshqasi kulimsiragan ko’yi chiqib ketishadi. Do’xtir esa qariyani yelkasidan tutgan holda karavotga yotqizib, qulog’iga shivirlaydi.
Do’xtir: — H-h-hazillashdim, boboy, hazillashdim! Faqat buni kamroq oting, o’zingizga foyda! Tuzalib keting!..
Shunday deydi-yu, do’xtir ham pildiragancha palatadan chiqib ketadi. Qariya bir muddat kalovlanib yotgach, dast o’rnidan turadi.
Qariya: — Obbo, qizitalog’-ey! Ja hazilkashakansan-ku-a? To’ychi nevaramdanam yomon hazillasharkansan. He uying donga to’lgur! Yurakni yorvoray deding-a!..
Qariya so’zlana-so’zlana, daf’atan cho’ntaklarini paypaslay-paypaslay, jonholatda tashqariga qo’l cho’zib qichqiradi: — Hoy, do’xtir bola-am! Hech bo’lmasa nosni tashlab ketgin, nosni-i-i!!!
Olimjon HAYIT