SOG'IN SIGIRNING «SAVIL»I…

 

Shilqim ho’kiz

Mo’-o’ — o’-o’o’o’-o’!!! Ie, tomog’im xirillayaptimi? Qaysi yashshamugurdan yuqdiykan? Uyi kuysin! Qanday tovushim bor edi-ya bir paytlar! Bir mo’rasam, egaginamning uyini ko’chirvoray derdim. Ammo ovozim shirali edi. Qo’shnilar, daladagi bo’yi sattang-a chinorday ho’kizlar kavshanishdan to’xtab, turgan yerida depsina boshlashardi. «O’la, yer yutkurlar, — derdim o’zimcha dumimni likillatib-likillatib. — Mendaqa sigir dunyoda yo’q. Lekin senlarga sigirlik qilmayman! Baring lattadan battarsan! Depsinishingga balo bormi? Hammang to’g’ri ichaksan, juvonmarglar! «Hm-m-m, hm-m-m»lashdan nariga o’tolmaysan! He meshqorin bo’lmay ketlaring!..»

Iloyo ordona qolsin! Ordonagina qolsin! Nega tomog’im xirillaydi-i-i?.. Shu issiqda, quyosh tig’ida turaveramanmi? Yangam… Ha, o’sha yanga esimga tushsa, yelinlarim titrab ketaveradi! Dumalanmay o’lsin oytovoq! Qo’li temirga o’xshaydi-ya! Jonimni sug’urvolay deb sog’adi! Munday madaniyat, nafislik bilan ayolchasiga sog’sa qo’li sinib tushmaydi-ku! Erkalagani-chi? O’zicha ashulalar aytvoradimi-ey! Xudo ko’rsatmasin, mening o’rnimda chaqalog’i eshitsa o’sha ashulani… Vuy-y, qo’rqqanidan vos-vos bo’p qolardi!..

Ie, anavi kim? Mening «terito’ramga» o’tvolibdimi? Savil-ey! Ko’ziyam teshvoray deydi-ya!.. Voy sho’rim qursin! Yuragim nega dukillab ketyapti? Nima bo’ldi menga o’zi? Lablarimgacha titrab, og’zimdagi ajriqlar yerga osilib tusha boshlashdi! Bas qil, savil! Kimsan o’zing? Namuncha tikilasan? Sigir ko’rmaganmisan umringda?..

Tavba-a, g’alati ho’kiz ekan! So’ytolday kallasini silkitib salom berganini qaranglar! Shunday qilsam, iydirvolaman deb xayol qilyapti shekilli! Ovora bo’lasan! Men qaysi ho’kiz bosh qimirlatsa, yugurib ketadigan sigirlardanmasman!..

Shunday deyman-u, oting o’chgur rahmatli ho’kizimga o’xshab ketarkan. Mening ho’kizim ham shunaqa sersavlat, ola-bulaydi. Dumiyam xuddi shunaqa uzun edi. Depsinsa, yer qimirlayaptimi deb o’ylardingiz, ha! Keyin… Ha, topishgan kunimizni eslasam, mo’ragilarim kep ketadi…

Savilginamni ho’v uzo-oqdagi bir qishloqdan olib kelishganakan. Nuqul bosh irg’ab irg’ishlayverdi. Uyatdan yer yorilmadi, yerga kirmadim, egachi! Axir, keng dala bo’lsa, mingta ko’z! Nima deb o’ylashadi? Buning ustiga… Umrim bino bo’lib hali biror ho’kiz bilan tillashib ko’rmagan bo’lsam…

O’taketgan qaysar ekan. Orqamdan qolmadi. Diydoring qurg’ur o’sha ho’kizim arqonlanmaganidan foydalandi-yu, xushomad qilaverdi, peshonamga kelvolib aylanaverdi…

Hali ajriq, hali maysa, makkajo’xorini tishlab opkelib, oldimga tashlayverdi…

Menday mag’rur, injiq, buning ustiga shaharlik, oliftalar oliftasi, nozik tab g’unajinning boshini aylantirdi-qo’ydi…

Maqtanishga yo’ymang-u, hamma sigirniyam shunaqangi ketvorgan, baland bo’yli ho’kizi bo’lsin ekan. Yashshamagur savilim bir mo»rasa, dumimdan burnimgacha qaltirab ketardi. Yuragim orziqib, iyiblar qolardim. Biroq sirimni ham boy berib qo’ymasdim. Atayin arazlagan bo’lardim, dumim bilan yelkasi bormi, oyog’i bormi shapatilab-shapatilab qochardim. Yoki «Savil avatar-ey!» deb jig’iga tegardim. Aslida ho’kizginamni jonimdan ortiq yaxshi ko’rardim. Taqdir ekan. Savilimni qassobga topshirvorishdi…

Sigirman-da, sel bo’ldim!

Mo’-o’-o’-o’-o’-o’-o’!!! Hay yanga-yu-yu-yu-yu!!! Qay go’rda qolib ketdingiz? Ha do’mbillamaygina o’ling siz! Iloyim ariqdan sakrab o’taman deb dumalab tushing-a! Anavi savil shilqimni haydasangiz-chi! Bu turishda sigirsiz qolmasangiz go’rgaydi, yanga!

Tavba-a-a, ho’kiz deganiyam shunchalik bezbet, shilqim bo’ladimi?! Miq etmay tikiladi-ya ko’zing oqib tushkur! Ho’kiz degan she’r-per aytib, yoki ashula kuylab ko’ngil ovlamaydimi? Soqovga o’xshab turaveradimi qotib? Ie-e, men o’lib qo’ya qolay-y! Borakansiz-ku, mullaka! Voy savi-il! Ovozi xuddi katta hofizlarnikiga o’xshaydi-ya! Tavba-a! Afsuski, ko’ylagim yo’q-da! Bo’lmasa yoqamni tishlardim! Sho’rim qursi-in, ho’kizning ovozi munchalik shiraliligini umrimda ko’rmagandim!..

E, nariroq bori-ing! Namuncha mushukka o’xshab suykalmasangiz? Meni kim deb o’ylayapsiz o’zi? Ashula aytsam, erib ketadi, sevib qoladi deb o’ylaysizmi? Toshiyzzi tering, yaxshi yigit! Men-chi…

Uf-f, xudoyim-ey! Nima qilsam bo’ladi-a bu ho’kizni? Mo’-o’-o’-o’-o’-o’!!! Yo’q, unday qila olmayman! Enam rahmatli «Ho’kizning ko’nglini og’ritgan sigir qisir bo’p qoladi», deb bekorga aytmagandir?!. Xudo asrasin! Tuf-tuf-tuf!.. Qolaversa, u rahmatli savilimga o’xsharkan. O’tmishdagi muhabbatim qaytganday bo’ldi. Qaysarlik qilib nozlanyapman-u, qalbim boshqa gapni aytyapti. Nima bo’lsa bo’lar, tanishaman. Faqat bitta shartim bor. Hay savil, beriroq keling! Ha, arqonlari yetmayaptimi? Ana shunaqa-a! Bizdaylarga yetish uchun arqon uzunroq bo’lishi kerak-da, oka!

Xullas kalom, shartimni aytaman. Birinchisi, arqonni uzaytirasiz, ikkinchisi, anchadan beri makkajo’xorini ko’nglim tusab yuribdi. Qo’shnimizning dalasiga tushib makkajo’xorining dumbulidan opkelib turasiz. Uchinchisi, har kuni ashula aytib berasiz. To’rtinchisi, uch uy narida bir oq eshak bor. Nuqul shang’illab meni qarg’ayveradi. Tepib tashlay deyman-u, sigirchilik ekan, yon-verimdagilardan nomus qilaman. Alamimni mo»rashdan olaman. Borib o’shani boplab tepasizmi, anavi qaytarma shoxlaringizni ishga solib suzasizmi, menga baribir, ishqilib, jag’ini tiyasiz! Beshinchi shartim shuki, haftada ikki marta qayga bo’lsayam kunjaraxo’rlikka olib tushasiz. Oltinchisi…

Ie, hay-y, qayoqqa? Nima jin urdi sizni? Hali shartlarimni aytib bo’lmadim-ku!.. Tavba-a! Voy men o’lib qo’ya qolay-y! Arqonini uzib qochdi-ya, yuzsiz! Voy yer yutku-ur savi-il!.. Voy qirchiningdan qiyilgu-ur!.. Eh, peshonam qursin! Shuning xushomadiga ishondimmi? Yurakkinam shu latta ho’kizni deb bezovta bo’ldimi? Sadqai ho’kiz ket-e! O’zi-chi, hozirgi ho’kizlarning bari bir go’r! Qo’rqoq, latta! Xudoyo traktorning tagida qolgur! Tag’in uzoqdan tikilganingni ko’ray, nima qilarkanman, juvonmarg! Mo’-o’-o’-o’-o’!!! Hay dumaloq yanga! Sog’volmaysizmi tezroq? Yuragim kuyib ketdi-ku anavi uying kuygurning dastidan! Jahlimni chiqaraversangiz, qochi-ib ketaman, sutsiz qolib ketasiz! Faqat… Jon yangajon, ertaga meni o’zimizning eski tomorqaga opchiqib qo’ying! Nega deysizmi? Bilasiz-ku, men or-nomusi kuchli sigirlardanman. Nomahram ho’kizlarning ko’zi tushmasin deyman-da!..

Rostdanmi, yanga? Ertaga tomorqaga boylaysizmi?.. Rahmat sizga, iloyim chelagingiz sutga to’laversin! Yig’layapsan deysizmi? Nima qilay? Turib-turib ho’kizim rahmatli esimga tushib ketdi. Mayli, peshonam sho’r ekan. Siz-chi, yig’lashimga e’tibor bermang! Ho’kizimni eslab, shu bahonada ko’nglimni bo’shatvolaman. Ajabmas, eski tomorqaga chiqqanimda taqdir charxpalagi g’iz etib bir aylansa-yu, rahmatli ho’kizim yonimda bo’lib qolsa!

Olimjon HAYIT