Rossiyalik hajv ustasi marhum Mixail Zadornovning yorqin xotirasiga: “QO'LINGNI TORT, VASYa!..” (hajviya)

 

Hoy, Vasya, azizim, qani, tez karavotga yot-chi! Voy, nega qo’lchalaring menga qarab yuguraveradi? Tort qo’lingni! Bilaman nimani xohlashingni. Senga qo’yib bersa… Kel, yaxshisi, birgalashib orzu qilamiz! Qara, osmondagi yulduzlarning kichkinaligini! Xuddi kolxozimizning olmalariga o’xshaydi-ya!.. Qo’lingni tortsang-chi! Agar shunaqa qilaversang umuman yoningda yotmay qo’yaman! Aytgancha, nega rejani bajarmading? Axir, qo’llaring gul-ku! E, qanaqa sabrsizsan-a? Bilasan-ku, men «Mehnat zarbdori»man! Sen esa, yaqinda partiya safiga kirishing kerak. Qo’llarimni qara, agar hozir bir ursam seni bo’laklab partiyaga qabul qilishadi. Qani, o’zingning partiyasiz qo’llaringni tizzaga qo’y-chi! Ie, mening tizzamgamas, o’zingnikiga!..

Vasya, faqat rostini ayt, sen… Hohlarmiding?.. E, bunimas, qush bo’lib osmonga uchib ketishni istarmiding? Fedya hohlarkan. Uning o’zi aytdi. «Agar qush bo’lib qolganimda, baland-balandlarga uchib chiqardim-da, g’ishtga aylanib kolxozimiz raisining boshiga tushardim» dedi. Eh, Vasya, seni shuning uchun ham yaxshi ko’raman-da! Bir narsani ko’zladingmi, albatta yetmay qo’ymaysan! Fedya bo’lsa, tuni bilan yulduzlarga termulib o’tirishdan bo’shamaydi…

 

ORADAN O’N BESh YIL O’TDI…

 

Vasya, Vasya, nega yotdik deguncha devorga o’girilib olaversan-a? Nima, men senga uyqu dorimidim? Menga qara, eshityapsanmi, qara! Qizimizga aka kerak ekan. Xo’p, agar o’g’ilni istamayotgan bo’lsang, kel, boshqa narsalar haqida gaplashib yotamiz. Axir, umr o’tib ketyapti! Nega jimsan? Kel, yaxshisi, nimanidir orzu qilib ko’ramiz. Masalan, senga kostyum sotib olishni. Menga bo’lsa, paypoq sotib olishni. Sen o’sha kostyumni kiyib klubga raqs tushgani borasan. Ha, aytgancha, esimdan chiqayozibdi. O’sha men olmoqchi bo’lgan paypoqlarni-chi, shaharda ikkitasini bir qilib tikishayotganmish… Mayli, men yana kenggina karavotimiz bo’lishini orzu qilaman. Voy-vo-ey, uyg’onsang-chi! Kel, Italiyaga boramiz! Rimni tomosha qilardik. Vasya, bu nima qilganing? Qorningga qara, xuddi tarvuzga o’xshab kattarib ketyapti!.. Eh, Vasya, baribir o’z bilganingdan qolmaysan-a!..

 

ORADAN ELLIK YIL O’TDI…

 

Mana, Vasya, senga guldasta olib keldim! Anavi qabrtoshing ustiga qo’yaman. Voy, o’zim yonginangga o’tiray! Bir gaplashaylik! Birga yashab hech narsa haqida gaplashishgayam ulgurolmadik. Sen doim jim eding, faqat o’zim gapiraverardim. Bolalarimizni haliyam ko’rganim yo’q. Chunki, shaharga borib bo’lmay qoldi. Avtobuslar qatnamay qo’ydi. Benzin taqchil emish. Yaxshiki, sen bu yerdasan, Vasya.

Esingdami, biz sen bilan bir yili yoti-ib pul umuman yo’qolib qolishini orzu qilgandik. Ana, o’sha orzuimiz ushaldi. Kommunizmning birinchi sharpasi biz tomonlarga uchib keldi. Hozir na oylik berishadi, na pensiya. Yaqinda bir kosmonavtni fazoga chiqarishgandi. Yerga qaytarib tushirib olishga pul yo’qmish. Ikki yildan beri osmonda aylanib yuribdi ekan. Yerda bo’lsa uchinchi farzandi tug’ildi.

Yana nima desam bo’ladi? E, yangiliklar ko’p kolxozimizda. Mol do’xtirimiz bor edi-ku, o’sha bashoratchi bo’p qoldi. Bir kuni mastlikda yerto’laga tushib ketgandan beri o’zicha bashoratlar qiladigan bo’ldi.

Bo’pti, men boray. Qorong’i tushib qolyapti. Guldastalarniyam o’zim bilan olib ketaman. Manavi o’rindiqniyam ola qolay. Bu yerga narsa qo’yib bo’lmay qoldi. Hammayoqni o’g’ri bosgan. Kolxozimiz raisining uyiniyam o’marib ketishibdi. Birgina «Bunday yashab bo’lmaydi» degan yozuvli qog’ozni eshigiga qistirib ketishibdi. Ko’rdingmi, harqalay haqiqat bor dunyoda! Xo’p, men ketdim. Mendan xavotir olma! Bir amallab yashayman. Axir, men «Mehnat zarbdori»man! Qolaversa, yonimda ba’zi bir bezorilarning adabini berib qo’ya oladigan qurolim — gaz to’ldirilgan balloncham ham bor!

Mixail ZADORNOV

Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi