QIBRAYDAGI “ROMANTIKLAR QAL'ASI…” (yoki sa-al nordonlashtirilgan satira)

 

 

***

 

O’nqo’rg’ondan shundoq o’ngga burilib to’g’riga yursangiz, Moy qo’rg’oniga borasiz. Ammo Moy qo’rg’onigacha borishingiz shart emas. Sizni yo’lda “Zafarobod” qishlog’i qarshi oladi. Nega qishloq “Zafarobod” ekan deb o’ylanib qolaman. Hoynahoy, kimdir qachonlardir shu yerda dushmanga qarshi kurashib zafar quchgan-u, keyin qishloqni obod qilgan bo’lsa kerak. Lokigin qishloq sira obod qilinganga o’xshamaydi. Bittagina do’koni bor. Bu do’konda nondan mixgacha hamma narsa topiladi. Faqat do’konga kirsangiz, juda ehtiyot bo’ling. Basharti bilib-bilmay, sotuvchining asabiga tegib qo’ysangiz, hayotda sizga narsa sotmaydi. Ana undan keyin yo’lkira qilib o’sha narsani ikki barobar qimmatiga shahardan topib kelasiz. Shu sizga kerakmi?..

Ha, mayli, hozir g’iybatning mavridi emas. Endi shundoq chap ko’chaga kirib “qal’a”ga o’ting. Faqat “qal’aning baland devori yo’q ekan. Shuyam qal’ami?, deya ensangizni qotirmang. Agar o’tgan zamonlarda kattadan-katta qal’alarda yashagan o’sha tumonot odamlarning yuragi sichqonnikidek mayda bo’lgan chiqsa, biz aybdormi? Bizning qal’a ochiq qal’alardan. Atayin devor qurilmagan. Chunki biz manaman degan dushmangayam to’g’ri yo’lni ko’rsatib qo’ya oladiganlar xilidanmiz. Mabodo dushman zo’r, yuzsiz, shartaki bo’lsa, mana deb uylarimiz eshiginiyam ochib qo’ya olamiz. Eh-he, shu kungacha qanchasini ko’rdik biz qal’adagilar…

Aytgancha, nega bizning qal’a “romantiklar qal’asi” deb atalishini bilasizmi? Bilmaysi-iz. Baraka topishsin, elektr tashkilotidagilar mehr ko’rsatvorishgan bizga. Xuddi o’shalar hammamizni romantikka aylantirishgan.

— Hoy fuqarolar, — deyishgan bir kun kelib. — Bu yorug’ dunyoning shundog’am g’am-anduhlari, muammolari ko’p. Shundog’am kuni bilan talashib-tortishib, itday, eshakday ishlab charchaysizlar. Kelinglar, sizlarga hech bo’lmasa qorong’i kechalarni romantikaga aylantirib beramiz! Ishonovring, hammangiz romantikka aylanasiz…

Ko’ribsizki, do’ppini boshdan olguncha romantikka aylandik qo’ydik…

Oh, kechalar sham yorug’ida rosmana romantik kecharkan. To’g’ri-da, oy ham kechasi chiqadi. Oy shu’lasida ko’cha kezish ham romantika…

Biz romantikaga shunchalar berilib ketdikki, bittagina do’konimizda sham qolmasa, yo’lkira qilib bo’lsayam o’sha matohni shahardan opkeladigan bo’ldik. Ie, shamsiz romantika romantikamidi…

Elektr tashkilotidagilar ham bizdagi romantikani ko’rgach, azbaroyi ilhomlanib ketganidan, daraxt shoxlari bir marta shitirlab qo’ysayam chiroqlarimizni o’chiradigan bo’lishdi. Havo aynisa-ku, va-abщe mas’uliyatni o’n hissa ortiqroq his etib, chiroq o’chirishga chopadigan bo’lishdi…

Ikki tomchi yomg’ir tomchiladimi, tamom, o’smir, yigit yoshidagilar qolib bizday ellik besh, saksonni urib qo’yganlar ham romantik lahzalardan “bahra” oladigan bo’ldik…

Ha, bizning Qibraydagi romantika qal’amiz ana shunaqa romantik, kimsan elektr tashkilotining nazariga tushgan qal’alardan.

Faqat… Romantika ko’payib ketsayam bo’lmaskan. Tirikchilikning mazasi qocharkan. Nega deysizmi? E, birodar, hozir texnika asri. Hamma narsa o’sha bizning mehrli homiymiz elektr tashkiloti tarqatadigan quvvatga ishlaydi. Romantik kecha boshlandimi, tamom, kompyuterdan tortib, boshqasigacha ko’zlarini yumishadi-yu, biz aka-opa-ena-dodalarining romantikasiga mahliyo bo’lgancha tosh qotadi. Ishqilib, o’zi asrasin! Ko’z tegmasin!..

Shunday romantik kechalarda romantikadan bahra oli-ib o’tirib, o’ylab qolamiz.

Xudo ko’rsatmasin, bizning romantik lahzalarimiz boshliqlarimizning joniga tegsa-yu, hammamizni qatorasiga ishdan quvib solishsa, elektr tashkilotidagi mehrli va ziyrak homiylarimiz bizni boqib olisharmikan?

 

XOTIMA O’RNIDA

 

Agar Qibraydagi elektr tashkiloti rahbarlarining farosati bo’lsa, shu feletondan to’g’ri xulosa chiqarishadi. Hadeganda chiroqni uzib, odamlarni romantik ertaklar bilan aldamaydigan bo’lishadi. Agar o’sha rahbarlarning farosati butun bo’lsa, mahalladagilarni hayotga romantik ko’z bilan emas, real ko’z bilan boqishga ko’niktirishadi. Ya’ni, besababdan-besabab chiroq o’chirishmaydi. Agar o’shalarning iymoni butun bo’lsa, chiroqsiz uyda faqat boqiy dunyoga ketganlar uchungina sham yoqish mumkinligiga ishonishadi. Mahalla-ko’yni sham yorug’idan nari bo’lishga undab turishadi. Agar shu rahbarlarning miyasi butun bo’lsa, chiroq o’chiraverishlari yaxshilikka olib kelmasligini, bir kun kelib mahalladagilar ommaviy ravishda tegishli idoralarga arz qilishi muqarrarligini anglab yetishadi.

Astag’firillo!

Astag’firillo!

Astag’firillo!

Olimjon HAYIT