Quruvchi (qo’lidagi andavasi bilan qansharini qashlay-qashlay): — Ie, aka, bu qanaqasi? Soppa-sog’ odamning karavotga yastanib olganini qaranglar-a! Bir og’iz aytib ham qo’ymabsiz-a, vey! G’isht qolipdan ko’chgandan keyin bilibmiz-a, aka!?.
Qassob (uzundan-uzun o’tkir pichog’ini tosh qayroqqa ishqalab): — Bay-bay-bay-bay-y-y!!! Muncha rangingiz oqarib ketibdi, inim? Qon chiqarvormasa bo’lmaydi!
Suvchi (qo’lidagi o’n kilolik ketmonni yerga alam bilan urib): — Senga necha marta aytgandim-a uyoq-buyog’ingga qarab yur deb, uka!?. Mana, baribir dahanang tiqilib qopti-ku-u-u!!!
Taksi haydovchisi: — E, oka, bor yo’g’i val ushlab qolibdi-ku! Hozir-chi, texnika rivojlanib ketgan. Xafa bo’lavermang, bir marta ochib yopvorishsa, ishlab ketadi!
Go’rkov (yaktagi etagini qoqa-qoqa): — Inim, avvalo shifo bersin-u, lokigin bu taxlit yotavermang! Tez-tez soch-soqolni qirtishlab, uyoq-buyog’ingizga atir-patir sepib turing! Olloh go’zal, tartibli bandalarini xush ko’radi!
Otarchi: — Qani, oka, endi omin qilaylik! Iloyim uyingizda to’y bo’lsin-u, sizga «Munojot»ga bearmon o’ynash nasib qilsin! Biz… Mayli, «tomsuvoq»da bo’lsayam xizmatda turaylik! Faqat… Boyvachcha inilardan ko’proq chaqirasiz-da, oka, hi-hi-hi-hi-hi!!! Hazil, hazil!!!
Mashshoq (yuzini ters burib): — Sal sozdan chiqibdi-da, sho’rlik! Hechqisi yo’q, bir-ikkita simini yangilashsa, yana jaranglab ketadi.
Novvoy (yuzlarini dastro’molchasi bilan yelpiy-elpiy): — Kecha deng, tandirga non yopayotsam, nonimning bittasi tushib ketuvdi. Ammo kuymadi harqalay… Emiga-da, oka, emiga! Mana, ko’rdim, xayriyat, ikki yuzingiz patirlarimday qip-qizil ekan!
Suvoqchi: — Kemtik bo’p qolganingizni ko’rib achinib ketdim. Ha endi suvoq chiroyli, mustahkam chiqishi uchun loyi pishiq bo’lishi kerak-da!
Traktorchi (bolg’asi bilan karavot temiriga urib-urib): — Oka, pritsepingizga tan berdim, tan! Vey, ballonlari teshilib, yalpayib qolsayam orqangizdan qolmaydi-ya! Men hali yana uzoq yillar qora tutun sizga begona bo’lmasin deyman!
Hasadgo’y: — Menga qarang, anavi qo’shnimni taniysiz-a? E, boshining oldimas, orqa tarafi kal bo’p qolgan boyvachcha qo’shnim bor-ku, o’sha! Kecha yap-yangi «Jip» opkelib, darvozasi yoniga qo’yvolibdi yaramas! «Sening «Neksiya»ngam mashinami?», demoqchi bo’lgan-da! Xudoyo xudovando yaqin orada mana shu bo’sh karavotga kelib yotib, sizga palatadosh bo’lmasa rozimasman!
Paxtakor: — Shunday odam-a, shunday odam! Voy tavba-a-a! Rangingiz paxtaday oqarib, g’o’zapoyaning cho’piga o’xshab qolibsiz-a, mullaka! Iloyim tezroq tiklanib, munday tuzuk-quruq tosh bosadigan bo’ling!
Bozorchi (norozi qo’l siltab): — Qurib ketsin, anchadan beri bozor nol! Savdo yo’q! Pashsha qo’rishdan nariga o’tolmay qoldik, akamullo!.. Voy-voy-voy! Qaerlarda yotibsiz, akamullo? Ko’rpaning choki noto’g’ri tikilgan! Ohori ketib bo’pti! Yostig’ingizam Xitoynikiga o’xshayapti. Irimiga to’g’ri kelmaydi-ku, axir!.. Yangamga ayting, bugunoq yuz ming so’m olib menikiga chopqillasin! Ko’rpa-yostiqning dodalari o’zimda, ha! Bosh-ko’zingizdan sadaqa-e o’sha yuz ming so’m!
Montyor: — Oka, yuragingizning vat-pattlari pasayib ketgan ko’rinadi. Bir-ikki zazemlenie berib, zamikat qilvorish kerak! Yorishib ketasiz!
Duoxon domla (qo’lidagi qamchinni silkitib): — Voy-bo’-o’-o’, bo’tam, sizni oq-qora jinlar o’rab bo’libdi-ku! Sira paysalga solmay qora tovuq atang! Semizrog’idan, qattiqroq qag’illaydigan xilidan bo’lsin! Jinlarni haydaydi o’sha!
Qo’yfurush (bemorning o’ng qo’lini mahkam siqib): — Vey, do’st, meni aytdi deysan! Uzog’iminan bir yarim oyda yugurishda qora qo’chqordanam o’tadigan bo’lasan! Nima? Ikki oy? Bo’pti, senikiyammas, menikiyammas, bir yarim oy-u ikki kun! Baraka topaymi?
Oshpaz: — Olov edingiz-da o’zingizam, inim! «Hay, sal o’zingizni bosvoling, alangalanavermang», degandim-ku! Mana, baribir oshni tagiga oldirib bo’psiz!
Duradgor: — Avvaldan poydevoringiz mustahkam bo’lmagan ekan, birodar! Mayli, ishqilib, sinch-ustunlar baquvvat bo’lsin! Ha, sinch-ustunlar baquvvat bo’lsa, uy cho’kadi, lokigin qulab tushmaydi!
Kompyuter ustasi (kerishib): — Ie, oka, namuncha murvatlaringiz beta versiyaga o’xshab bo’shashib qopti? Ekranni yorishtirmaysizmi munday?
Hofiz: — Oka, sizning tomoqminan yurakdagi avj pardalaringiz zaiflashib qolgan! Kuniga xom tuxum yutib turing, tez orada Ma’murjon Uzoqov bo’p ketasiz!
Olimjon HAYIT