MEKSIKA SERIALIDAN SO'NG…

 

 

Oynisaning paytavasiga qurt tushdi. Azbaroyi behalovatlanganidan oyog’iga kalish kiyishni-da unutib, ko’chaga chopdi. Ko’chadagi mahalladoshlarning hay-haylashlari ham qulog’iga kirmadi. Qanday bo’lmasin, Burgut birgadning shiyponiga yetish, qizi Tilanisani juvonlar orasidan nariga chaqirib olib bor haqiqatni aytish ilinjida bo’ldi. Ammo yarim yo’lga yetganda taqqa to’xtadi. Bo’ynidan yergacha osilib tushayozgan ro’molini qo’liga olib mahkam g’ijimladi-da, o’yga toldi.

«Qanday, qay yuzminan aytaman bu gapni qizimga? — o’ylardi Oynisa do’rdoqi lablarini asabiy tishlab. — U-chi? Tilanisam qanday javob qaytaradi? Yolg’izgina qizim basharamga shapatilab yuborsa nima qilaman? Haqi bor! Qilg’ilikni biz qilganmiz! Qizimda ayb yo’q! Lekin baribir qo’rqyapman, xudoyim! Birdan yomon bo’lib o’zini tappa yerga tashlavorsa nima bo’ladi? Daladagilar-chi? Jinni, beaql, nomussizga yo’yishmaydimi meni? Aytgancha, Burgut birgad-chi? U nima deydi? »Kelishuvimiz borligini yuzimga solsa-chi? Tilanisa kim bo’pti? Tur yo’qol! Qizingam ishdan haydaldi! Ko’zimga ko’rinmalaring! Yo’qsa, hozir melisa chaqiraman! Tuhmatchi deb qamatvoraman!» — deb ayuhannos solsa-chi? Ha-a, undan kutsa bo’ladi hamma narsani. Sharmandalikda xotini Xalchadanam o’taman deydi-ku! Xumday kallasini yerga qaratvolib aytsa aytaveradi-yam!.. Yo indamasmikan? Balki meni umuman ko’rmas? Axir, erkaklarning orasida o’tiradi birgad degan. Borganimni qaydan bilib o’tiribdi?!. Yo’q, Tilanisa nima desa desin! Dod-voy qilsa, sal o’tib o’ziga keladi. Kichkina bola emas-ku! Ikki o’g’ilning onasi bo’lsa!.. Xudoyim, shu yoshga kirganda namuncha men sho’rlikni qiynoqqa solmasang? Yoshlikda shunchalik yengiltak bo’lganmidim indamay birgadning qo’yniga kiraversam?.. Yo’q, undaymasidim. Mushtday yuragimni muhabbat o’ti zabtiga oldi-da o’shanda! Birgadning bir martalik xushomadi aql-hushimni o’g’irladi-qo’ydi. Qilar ishni qilib, meni Xolmirzaga tegishga majburlasayam lom-mim demadim. Uni ayadim, gapga qolib ketishidan, birgadlikday amalidan ayrilib qolishidan cho’chidim. Shuning uchun u Xolmirzani menga uylantirganda, qo’liga dasta-dasta pul berib, uyimizni qayta ta’mirlatganda, bosh miroblikka qo’yganda tilimni tishladim. Hayot, taqdir shunday ekan, muhabbat kuchli bo’larkan dedim. Endi-chi? Endi vijdon qiynala boshladi. Yolg’iz qizim haqiqiy otasi kimligini bilishi zarurday tuyulib ketdi. Mayli, sharmanda bo’lsam men bo’laman. Qizim meni tushunsa, birgadni otam deb bilsa bas. Bo’lar ishlar bo’lib o’tdi… Xudoyim, menga kuch ber! Yuzimni shuvut qilma! Imi-jimida tushuntiraman, uqtiraman. Hadeb yuragimni o’rtayverma, xudoyim! Nima bo’lgandayam, ayolman! Qizimning aldovlar changalida o’tib ketishini xohlamayman. Haqiqatni bilishini istayman…»

Oynisa xayolidan kechgan xuddi shu o’ylar ta’siridami, daf’atan sergaklandi. Kuchiga kuch, irodasiga iroda qo’shilgan kabi to’g’ri dalaga bordi.

O’ylaganidek, erkaklar shiyponning kunbotar tarafida choylashib o’tirgan ekan. Ayollar esa belanchaklar qurshovida chaqchaqlashyapti.

Oynisa oldin erkaklar tomonga ko’z tashladi. Burgut birgad nimadir deyapti, boshqalar kulyapti. Faqat eri Xolmirza mirobgina kulmayapti. Boshini quyi solgancha tek o’tiribdi.

«« Voy, sho’rim, — o’yladi Oynisa yuragi qinidan chiqqudek titrab. — Bildimikan elburutdan? Kim aytdi? Qaerdan bildi? E, yo’q, erini biladi-ku! Kecha go’rkovning sabzi archarida ko’proq ichib yuboribdi. Boshi og’riyotgan bo’lsa, kulmayotgandir. Qurib ketsin! Shunchalik qiyinmi bu dunyoda yashash?..

Oynisa o’zicha yana nimalardir deb g’udrangancha ayollar tarafga o’tdi va uzoqdan turib qizi Tilanisani chaqira boshladi. Qizi uni ko’rdi-yu, bolasi yotgan belanchakni qattiqroq tebratib qo’yib, boshidagi durrani to’g’rilay-to’g’rilay onasiga yaqin keldi.

— Ha, ena, nima bo’ldi? — so’radi Tilanisa xavotir aralash. — Tag’in qichima kasalingiz qo’zib qoldimi?

— Yo’-o’q! — dedi Oynisa yuzini ters burib. — Qo’zigani yo’q. Buvinisaning malhamidan survolganman. Qichimaydi.

— Unda nega keldingiz?

— Dadang jinnilik qilmadimi mabodo?

— Voy, nega jinnilik qiladi dadam? Ishladi, hozir shiyponda erkaklarminan choylashib o’tiribdi.

— Kecha go’rkovnikida ko’p ichvoribdi-da! Shunga… Xavotir olib…

— Shu xolosmi? — toqatsizlanib shiypon tomonga qarab oldi Tilanisa. — Ketavering endi! Borib dam oling! Kechqurun kirib o’tarman uyga! Tag’in sheriklarim nima gapakan deb yurishmasin!..

Oynisa endi ketishga chog’langan qizini yelkasidan tortib to’xtatdi.

— Shoshma! Men senga bir muhim gapni aytgani kelgandim.

— Nima muhim gap? Uydagi mol bo’shalib ketdimi, yo og’ilxonadagi qo’ylardan biri arqoniga o’ralib qolibdimi? Q-qo’shnilarni yordamga chaqirsangizam bo’lardi-ku, ena! Gapirsangiz-chi! Muncha rangingiz totarib ketibdi? Yo dadamni chaqiraymi?

Oynisa boshini quyi solgancha yana yuzini ters burdi.

— Dadangni aslo chaqirma! Agar, shu gapni aytsam, meni urishmaysanmi? Menminan yuzko’rmas bo’lib ketmaysanmi?

— Oldin ayting-chi! Voy tavba, bunaqa odatingiz yo’g’idi-ku! Yo et-betingiz og’riyapti-yu, istihola qilyapsizmi aytishga?

— Hech yerim og’rigani yo’q. — lablari pulkillab burnini tortdi Oynisa. — Boshqa gapim bor.

— Ayting unda! Muncha odamni xunob qilmasangiz?

Oynisa bu savoldan keyin ham qiziga yer ostidan o’g’rincha qarab oldi-da, eshitilar-eshitilmas so’z qotdi.

— Sening dadang Burgut birgad bo’ladi, qizim, — dedi Oynisa beixtiyor ko’zlaridan shashqator yosh oqib. — Eshityapsanmi? Men ahmoq senginani shuncha vaqt aldab keldim. Burgut birgad sening haqiqiy dadang bo’ladi! Eshityapsanmi? Sening dadang Xolmirzamas, Burgut birgad!..

Tilanisa bu gapni eshitdi-yu, to’satdan rangi gezarib, onasiga nafrat bilan boqdi. So’ngra birpas ikkilanib, titrab turgach, kutilmaganda orqa-ketiga qaramay, dod solgancha shiypon tomon chopib ketdi.

— Hay, bolasi tushmagur, birov eshitmasin! Sharmandalik qilma! Meni kechi-ir, qizim!.. Xolmirza eshitmasi-in! Eshitsa, ikkovimizniyam so’yib tashlaydi. Ketma-a-a-a!!!

— Hoy, ena, sizga nima bo’ldi? Yo yomon tush ko’rdingizmi? Ko’zingizni ochsangiz-chi! Nega yig’lab dod solyapsiz?

Oynisa seskanib ko’zini ochdi. Ne ko’z bilan ko’rsinki, hovlidagi kattakon so’rida yotibdi. Tepasida qizi Tilanisa javdirab turibdi.

— Mana shu Meksika serialingiz sizni ado qiladi, ena! — Oynisani urishgan bo’ldi Tilanisa. — Aytaman, tayinlayman. Baribir shu Meksika serialini ko’rganingiz-ko’rgan-a! Miyangizni zaharlab tashlabdi shu serial! Qurib ketsin!

Oynisa biroz hushyor tortdi. Nimalar bo’lganini, tushida ko’rgan voqealarni eslab, mulzam bo’ldi va alam aralash deraza tokchasidagi savlat to’kib turgan televizor tomon yuzlandi.

— O’chir dilibizoringni, o’chir! Oti o’chsin shu dilibizorning! Meksika serialini ko’rishga ko’zim yo’-o’q!.. Hay, nega kelding o’zi-a? Nimaga uyingga ketmay, biznikiga kirding?

— Sizlarni ko’rgim kelgandi-da, ena! Hozir ketaman!

Oynisa sergaklangan bo’lsa-da, baribir hali tush ta’siridan chiqa olmagandi. Tushida ko’rgan-kechirganlarni qayta-qayta xayoliga keltirib, battar vahimaga tusha boshladi va qizi sezib qolmaganiga amin bo’lib ehtiyot shart erining ismini atayin tilgan olgan ko’yi qo’shib qo’ydi:

— Halizamon Xolmirza dadang kep qoladi! Mastavani tezlat, mastavani!

Olimjon HAYIT

MEKSIKA SERIALIDAN SO'NG…MEKSIKA SERIALIDAN SO'NG…MEKSIKA SERIALIDAN SO'NG…