Ishtirok etuvchilar:
1. Taxminan 110-120 yoshni urib qo’ygan, nihoyatda harakatchan, har ikki sayrashning birida qag’illab atrofga sinchkov boqadigan, musofirchilikda bo’lsa-da, o’ljasini birovga oldirib qo’ymaydigan qarg’a;
2. O’tgan yilgi mo’l hosil orasidan rizqini terib yeb ancha semirgan, hadeganda nozlanib boshini goh chap, goh o’ngga burib olishga odatlangan mayna.
Keng o’tloq. Qushlar to’dasi shovqini atrofni tutgan. Ammo bir qarg’agina o’z to’dasiga qo’shilmay, qanot qoqa-qoqa o’zidan uch-to’rt, balki o’n metr naridagi maynaxonning tevaragini aylanib chopadi.
Qarg’a: — Qag’-g’-g’-g’-g’! Qag’-qag’-ey-y-y!!! Voy-voey-y!..
Maynaxon (Don titkilashdan to’xtab, boshini yanada nozliroq qarg’a tomon bir burib oladi-yu, norozi pichirlaydi): — Shilqim!..
Qarg’a: — Maynaxon, biz tarafga o’girilib, bir kulib qo’ye-eng endi! Yurak o’rtanib ketdi-ku!..
Maynaxon: — Shilqim! Yo’lingizdan qolmang!
Qarg’a: — Qo’ying endi shunaqa gaplarni! Sizni ko’rganimdan beri tomog’imdan don o’tmay qoldi-ku! Bunchalik shafqatsiz bo’lmang, opoq qiz!
Maynaxon (qanotlarini yoyib obdon kerishadi-da, noz va norozilik aralash so’z qotadi): — Uyalmaysizmi? Qarindoshlarim ko’rib qolishsa, nima bo’ladi? Men sizni tanimasam!?.
Qarg’a (yanada jonlanib Maynaxonga yaqinroq keladi): — Tanimasangiz, tanishamiz, opoq qiz! Mana, masalan… Mening ismim Qarg’aboy! Sizniki-chi?
Maynaxon: — Meniki Maynaxon!
Qarg’a: — Ana, tanishib ham oldik. Bilasizmi… Sizni birinchi ko’rganimdayoq yuragim jig’ etgandi. Ishoning, bu muhabbat, ha, aniq!
Maynaxon: — Yo’g’-e! Ja oshirvormayapsizmi shilqimlikni?
Qarg’a: — O’lay agar! Boshimdan dumimgacha sezib turibman. Sizni sevib qolganim aniq!
Maynaxon (kerilib): — Necha kishini sevasiz o’zi?
Qarg’a (ikki qanotini baland ko’tarib qag’illaydi): — Faqat sizni!
Maynaxon: — Aldamang! Kecha singlim bilan don olishib turganingizni o’zim ko’rdim!
Qarg’a: — Ie, bu nima deganingiz, opoq qiz? Singlingiz bilan haligi…
Maynaxon: — Cho’qilashib turgandinglar! Tonmang!..
Qarg’a (qanot qoqa-qoqa maynaxonning tevaragini aylanib): — Qasam ichaymi, qasam? Shunda ishonasizmi?
Maynaxon (qarg’aning bu harakatlarini o’ta jiddiy qabul qilib, birdan bo’shashadi): — Yo’g’-e, ishondim, ishondim, Qarg’aboy aka! Haligi… Nima desamiykin?.. Sizni bir sinab ko’ray devdim-da!
Qarg’a: — Xo’sh, sinovdan o’tdik deb hisoblasak bo’ladimi? Qag’-g’-g’!!!
Maynaxon (mamnun chirqillab bosh egadi): — O’tdingiz, o’tdingiz!
Qarg’a: — Unda buyuring, malikam! Sizni qanday xursand qilsam bo’ladi? Bir og’iz buyursangiz, kerak bo’lsa, osmondagi oyni olib beraman!
Maynaxon: — Oh, oy dedingizmi? Qaniydi… Ammo…
Maynaxon birpas bosh qashib oladi-da, davom etadi:
Maynaxon: — Anchadan beri hov anavi yoqdagi olis go’ngtepaga chiqishni orzu qilardim. Olib borasizmi o’sha yoqqa?
Qarg’a: — Qag’-g’-g’!.. Go’ngtepa tugul kultepaga desangizam olib boraman, jonim!
Maynaxon (yanada bo’shashib, ko’ngli iyib): — Qanday yaxshisiz-a!.. Aytgancha, necha yoshga kirdingiz o’zi?
Qarg’a: — Hali o’n gulimdan bir gulim ochilmadi. Bir yuz yigirmaga kirdim xolos.
Maynaxon: — Sizdan ba’zi narsalarni so’rab olsam maylimi? Har holda…
Qarg’a: — So’rang!
Maynaxon: — Nega boshqa qarg’alarga qo’shilmaysiz? Doim yolg’iz yurasiz?
Qarg’a (qanotlarini silkitib, asabiy aylanadi. Qur-qur o’ng qanoti bilan bosh qashib oladi): — Men bu yurtlarda musofirman. Qolaversa, do’stlarga ishonmayman. Hozirgi qarg’alar juda muttaham bo’lib ketgan. Do’stingman deydi-yu, ilojini topsa, tumshug’ingdagi oxirgi luqmangniyam tortib olishga tayyor turadi. Keyin men sizga aytsam, maynaxon, mening dunyoqarashim butkul boshqa. Bu yovvoyi qarg’alar bilan tillasha olmayman. Tillashsam, bo’lar-bo’lmasga qag’illab asabimni buzishadi.
Mayna (og’zi lang ochilib): — Voy, faylasuf bo’lib keting-e! Nima bo’lsayam, dunyo ko’rgansiz-da!..
Qarg’a: — Ha endi… Tarbiyamiz щunaqa, Maynaxon! Bizga turmushga chiqsangiz, kam bo’lmaysiz! Topganingiz tumshuqda bo’ladi.
Maynaxon: — Xo’sh, Qarg’aboy aka, go’ngtepaga olib borasizmi shunday qilib?
Qarg’a (chap qanoti bilan boshini qashib olib): — Hozirmi? Balki…
Maynaxon: — Hozir ayni mavridi edi-da!.. Yo’q, yo’q, agar ishlaringiz ko’p bo’lsa, keyin oborsangizam mayli!
Qarg’a: — Juda aqlli qizakansiz. Sharqliksiz-da! Farosatingizga tasanno!..
Maynaxon maqtovlar xush yoqib pildiragancha qarg’aning atrofini ikki-uch aylanib chopadi-da, birdan to’xtab, ko’kka orzumand boqadi:
Maynaxon: — Bilasizmi, Qarg’aboy aka, mening bitta ushalmagan armonim bor. Agar shu armonimni ushaltirsangiz, muhabbatingizga rosmanasiga ishonardim.
Qarg’a: — Qag’-g’-g’! Oh, jonim, ayting o’sha armoningizni! Aytdim-ku, siz uchun kerak bo’lsa, osmondagi oyniyam olib beraman!
Maynaxon: — Men-chi… Marsga sayohat qilishni bir umr orzu qilganman.
Qarg’a (qanotlari bilan qansharini qashib): — Axir, uyoqlarda havo yo’q deyishadi! O’lib-netib qolsangiz, men nima qilaman?
Maynaxon: — Armonim ushalsa, o’lsam ham roziydim. Xo’sh, olib borasizmi Marsga?
Qarg’a kutilmagan taklifdan ensasi qotadi-yu, eshitilar-eshitilmas qag’illagancha nari keta boshlaydi. Bunday bo’lishini kutmagan maynaxon esa azbaroyi qo’rqib ketganidan qarg’aning yo’lini to’sadi.
Maynaxon: — Qarg’aboy aka, hazillashdim, hazil! Iltimos, meni tashlab ketmang! Go’ngtepaga olib borsangiz bas! Men… Ixtiyorim qo’lingizda, og’a!..
Shunday deb maynaxon bir oyog’ini xun bo’lgan yuragiga bosgan ko’yi bosh egadi va xayolan so’zlanadi: «Tavba, hozirgi yigitlarga shart ham qo’yib bo’lmaydi-ya! Darrov ensalari qotadi, juftakni rostlashga urinib qolishadi. Yo’q, Qarg’aboy aka, sizday «inastrans»ni birovga berib qo’yadigan ahmoq yo’q! Uylanmay ko’ring-chi menga, nima qilarkanman!..»
Oradan uch kun o’tib Qarg’aboy Maynaxonga uylandi. To’yda Maynaxonning qarindosh-urug’lari shu qadar ko’p bo’libdiki, go’ngtepa bo’shab qolibdi. Ikki haftagacha yangi kelin-kuyovlarni qo’shni musicha yig’ib qo’yganidan berib boqibdi. Ammo Qarg’aboy bundan sira afsus qilmabdi. Bahor kelishi bilan maynaxonni olib shimolga uchishni mo’ljallabdi. Ota-onasi bilan tanishtirsa, xotinini shimoldan beri keltirmaslikka ont ichibdi. O’zining fikrlashicha, xotinining qarindosh-urug’lari ko’pligi malol kelarkan.
Olimjon HAYIT