MAShINA BALLONI MONOLOGI… (hajviya)

«Made in China»

Ota-buvalarim baquvvat, kirishimli bo’lishgan ekan. Faqat men yovvoyilashib ketibman. Buning sababini uzoq o’yladim, bosh qotiraverib, suyulib ham ketay dedim. Keyin bilsam, men Xitoyda tug’ilgan ekanman. Kunlarning birida yumalanib yoti-ib ko’rib qoldim. Shundoq ko’ksimga katta qilib «Made in China» deb yozib qo’yishibdi. Xafa bo’lib ketdim. Vatanim o’zgaligi, atrofimdagilarga begonaligimdan kuydim. Iloj qancha? Peshona-da! Ammo o’ylab qoldim. Mendaqangi ballonlar hech qachon Xitoyda tug’ilmasdi. Xitoylik og’alar qachon ulgurib qo’ya qolishdi?..

Alam

Alam faqat odamlarda bo’ladi deb o’ylasangiz xato qilasiz. Bu mendek ballonniyam chetlab o’tmagan. O’ylab ko’ring, men faqat «Zaporojes» bilan «Moskvich»ga to’g’ri kelaman. Shunchalik qadrim pastmi? Nega Xitoydagi ota-onam meniyam «Mersedes», «Neksiya», «Lasetti»lar bilan bemalol kirishib ketadigan qilib dunyoga keltirishmagan? Arzimaymanmi shunga? Men ham keng, ravon, ikki tarafiga ajobtovur belgilar, ketvorgan svetoforlar o’rnatilgan yo’llarda yurishni orzu qilaman. Afsuski, orzum shilingan, g’adir-budur bag’rimda qolib ketaveradi.

Kalbosh

Meniyam uncha-muncha narsalarga fahmim yetadi. Masalan, odatda kallik odamlarga xos edi. Biroq yaqinda bir voqea bo’ldi-yu, ho’ng-ho’ng yig’lagim, dod solgim kelib ketdi. Nadomatlar bo’lsinki, dod solgan taqdirimdayam chiyillashdan nariga o’tolmayman…

Xo’jayinim almisoqdan qolgan «Moskvich»ini minib qaysidir omborga borgandi. Qishloqchilik-da, ulfatlari darrov mashinani o’rab olishdi. Bular qanaqangi hasadgo’y, g’arazgo’y odamlar ekanki, hammasining ikki ko’zi menda bo’ldi.

— Ie, Bolta, balloning kal-ku! — dedi bittasi meni tepib-tepib. — Yaltirab qopti! Munday tuzukrog’iga almashtirsang bo’lmaydimi? Ustiga pashsha qo’nsa, sirg’anib yiqiladigan bo’p qopti-ku!

Xayriyat, xo’jayiin yonimni oldi. Ko’nglimni ko’tardi. Jonimga oro kirdi.

— Bu ballon menga qadrdon bo’lib qolgan, — dedi u qovog’ini uygancha bag’rimni siypalab. — Nimagadir tashlavorgim kelmaydi.

— E, boshingga balo bo’ladi, — deya meni ikki-uch marta tepib ming’irladi ulfatlaridan biri. — Kal balonning joyi axlatxonada, jo’ra!..

Bu haqorat shunchalik qattiq botdiki, sal bo’lmasa simchalarim uzilib-uzilib ketayozdi.

«Oynak bo’lgim keladi»

Orzu ekan-da, gohida o’tiri-ib ezilib ketaman. Chunki meniyam jonim temirdan emas. Oddiy rezinadan. Lokigin xo’jayin vaqti kelganda ayamaydi. Jonim og’rishi, qiynalishim, nafasim qaytishi, bukchayishim bilan umuman ishi bo’lmaydi. Mashina saloniga sakkiztami, o’ntami, ishqilib, siqqanicha odam yuklaydi. Buyam yetmaganday, tomidagi yuk qo’ygichga og’irdan-og’ir temirmi, muzlatkichmi, duch kelgan buyumni ortadi. Xo’sh, ayting, asosiy og’irlik kimga tushadi? Albatta ballonga. Bukchayish ham uyoqda qolib yer tishlay deyman. Ana shunday lahzalarda mashina oynasiga qarab turib havasim keladi. Sababi, xo’jayin bo’sh qoldi deguncha qo’liga momiqdek dokani oladi-yu, oynakni artishga tushib ketadi. Artaveradi, artaveradi… Oynak jamoli guldek yashnab, ko’zni qamashtirar darajaga yetadi. Xo’jayin uning yarqirashiga havasi kelib, yuzlarini silab-silab qo’yadi. Eh, qaniydi taqdir charxpalagi bir aylansa-yu, menam oynakka aylanib qolsam, mengayam xo’jayin oqibat qilsa, har kuni rang-boshimni artsa, hadeb yaxshi yomon yuklarni ortib inqillatavermasa!..

Farosatsizlar do’koni

Yaqinda yo’lda ketayotib bag’rimga sim kirib ketdi. A’zoyi badanimga botib azob berayotgan o’zimning simchalarim yetmasmidi?.. Shunchalik ingrandimki, hammayog’imdan o’t chiqib ketayozdi.

Xo’jayinning bebosh bolasi meni g’ildiratgancha do’konga kirdi. Do’konni chet ellik ballonlar bosibdi. Chetlariga allambalo qizg’ish chiziqlar tortib olishibdi. Tanalariga gard yuqmagan. To’g’ri-da, do’konda yastanib yotishni menam bilaman. Lekin bizni zavod ishlash uchun yaratib qo’yibdi. Yastanish, bir joyda tek turish faqat zavodga xos. Bunisi mayli, bilgan qandini yeyishmaydimi?! Men tomonga masxara aralash qarab pichir-pichir qilishganiga o’laymi? Ustiga-ustak, ulardan biri menga o’qrayib: «Ho’v, bu yerni firmenniy do’kon deb qo’yibdi, chang bosgan kiyimda kirib kelaverasanmi, ovsar?» deb baqirgani oshib tushdi.

— Vey, olifta, — dedim tanamni teshib chiqayozgan simchalarimni jilovlay olmay. — Sen nimani ko’rding zavoddan chiqib? Shu do’konnimi? Haqiqiy erkak ballon-chi, tashqarida yuradi, hayot qozonida qaynaydi, umrning o’nqir-cho’nqir ko’chalaridan zipillab o’tadi, bir egiladi, bir tarang tortadi, menga o’xshab zahardan zaqqum sim, mixlar jabrini tortib ko’radi. Ana o’shanda charxlanadi, past-balandni, oq-qorani taniydigan bo’ladi. Sen bo’lsang, g’irt farosatsiz ekansan-ku! He tramvayning tagida qolgur!..

Shunday dedim-u, yana xo’jayinning o’g’li meni g’ildiratib chiqib ketdi. Jahlim chiqqanini sezdimi, sim zahri tekkan yerimni silab-silab qo’ydi.

Yana yo’lga, jo’ra!

Hammaniyam bizning xo’jayinday egasi bo’lsin-da! Bir zumda sim teshib darz ketgan ko’ksimga yamoq soldirib, damimni ko’tardi. Dikonglab, xuddi tulporday chopar bo’ldim. Tag’in yo’lga chiqdik. Ezilgan, dard chekkan ballon qaysidir tilda aytganda, «restavratsiya»dan keyin go’yo zavoddan yangi chiqqanday yengil tortadi. U yer, bu yeriga botadigan toshlarniyam bir zarb bilan uchirib yuboraveradi. Chang-to’zonni mensimaydi.

Faqat mening hayot yo’limda baribir o’nqir-cho’nqirlar ko’p. Keksaygan jussam bu chuqurlarga har tushib chiqqanda, jonim uzilay deydi. Nafasim qaytib, bo’larim bo’ladi. Ayniqsa, betimga loy chaplangan kezlarda xafa bo’laman. Yonimdan g’iz-g’iz uchib o’tib qoladigan chet ellik ballonlarga kirlangan, loylangan yuzimni ko’rsatishga or qila boshlayman. Masxaralashlari, qo’llarini bigiz qilib meni ko’rsatishlarini bilsam-da, berkingim keladi. Afsuski, umr davom etmoqda. Hozir ham xo’jayin faqat oldinga yurish, meni tezlash, majburlash bilan ovora. Ishqilib, hech qachon ko’ksimga qismatning zaharli simlari, mixlari sanchilmasin! Garchi hashamatga to’la mashinalarning balloniga aylanish nasib qilmasa-da, shu kalligimni xudo menga ko’p ko’rmasin!

Olimjon HAYIT

MAShINA BALLONI MONOLOGI… (hajviya)

Facebook’dagi sahifamizda yangiliklarni kuzatish yanada qulay!

Marhamat! A’zo bo’lish uchun «Nravitsya stranitsa» tugmasini bosing: