Payg'ambarimizning to'ylari qanday o'tgan?

Ayni kunlarda o’zbek xalqining rivojiga to’siq sifatida baholanayotgan to’y marosimlardagi dabdababozlik holatlarini bartaraf etish muhim masala bo’lib turibdi. Ushbu holatda, nazarimizda, taqiqlovdan ko’ra muhokamaga qo’yish, tushuntirish ishlari ko’proq samara beradi. Ayni shu maqsadda Islomning ziynati Muhammad (s. a. v) davrlarida o’tkazilgan to’ylar, rasulimizning to’ylar borasidagi hadislarini yodga olishni lozim topdik.

Payg’ambarimizning to’ylari qanday o’tgan?

Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Safiyya onamizga uylanganlarida shirin taom va xurmo bilan, Zaynab binti Jahsh onamizga uylanganlarida esa qo’y so’yib to’y qilib berganlari hadislardan ma’lum. Shuningdek, payg’ambarimiz nikohlanishda, avvalo, kelinga mahr berish, shuningdek, nikohni ovoza qilish uchun ziyofat o’tkazish kuyovning zimmasida ekanini ta’kidlaganlar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayotidan hikoya qiluvchi bir hadisda nikohlash uchun, albatta, qizning roziligini olganliklari aytiladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:  «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon qizlaridan birortasini uzatmoqchi bo’lsalar, uning pardasi oldiga o’tirib, «Falonchi Falonani zikr qilmoqda», deb, uning ham, uni zikr qilgan erkakning ham ismini aytar edilar.

Agar u sukut saqlasa, nikohlar edilar. Agar u qiz yoqtirmasa, pardani chertar edi. Qachon qiz pardani chertsa, uni nikohlamas edilar».

(Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Shuningdek, uylangan kishilarga, albatta, mahramiga mahr berishi, shuningdek, bir qo’y so’yib bo’lsa ham to’y qilishi lozimligi uqtirilgani yana bir hadisda keltiriladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abdurohmon ibn Avf roziyallohu anhuda sariqlik alomatini ko’rib:

— Bu nima? —  dedilar.

— Ey, Allohning Rasuli, danak og’irligidagi tillaga bir ayolga uylandim, — dedi u.

— Alloh senga baraka bersin! Bir qo’y so’yib bo’lsa ham to’y qilgin, — dedilar».

Bizning hozirgi to’y-marosimlarimiz son jihatidan ham, dabdabaning ko’pligi jihatidan ham Rasulullohning tutgan amallari, so’zlagan hikmatlariga ziddir. To’y marosimi faqat nikohni ommaga bildirib qo’yish maqsadida o’tkazilishi lozim, aslida. O’z boyligini, uy-joyini yoki kelin hamda kuyovning jamolini ommaga ko’z-ko’z qilish, soxta obro’ orttirish uchun emas. Shu jihatdan qaralganda, nikoh marosimida qiz tomonning to’y o’tkazishi yoki elga osh berishi lozim topilmaydi. Aksincha, to’y faqat kuyov tarafning zimmasida bo’lib, Payg’ambarimizning zamonlarida kuyov kelinga mahrni ham, to’y ziyofatini ham o’zi o’tkazishi shart bo’lgan.

Ayni kunlarimizda qiz uzatishning og’irligidan, kelin tarafga to’y uchun qilinadigan sarf-xarajatlar ko’payib ketayotganidan noliydigan yurtdoshlarimiz Rasulullohning xulqidan o’rnak olishsin. Axir siz necha yil ko’zingiz ustiga qo’yib, avaylab-asrab o’stirgan qizingizni boshqa oilaga farzand qilib jo’natyapsiz. Uni boshqa oilaga jo’natar ekansiz, tilloyu hashamga burkab, mebelu pardalarini dabdabali qilib berganingiz nimasi? Axir shundoq ham xizmatini qilib, uyini fayzga to’ldiradigan xotin olayotgan yigitlarimiz bir necha yil xotinining ota-onasi tarafidan ta’minlanishi qaysi mantiqqa to’g’ri keladi?

Johillar zamonida qiz farzandli bo’lgan otalar buni o’zlariga or bilib, qizlarini tiriklay ko’mganlarini bilamiz. Hozirgi otalar esa qizlarini birovga xotin qilib berayotganlaridan faxrlanib, buni to’y qilib, elga ovoza qilayotganlarida qanchalik oriyat bor? Yana qiz sho’rlikning otasi kuyov bo’lmishning uyini uy, joyini joy qilishga, mashina, kiyim-kechak bilan bir umr ta’minlashga ham tayyor. Unutmang, ushbu urf bo’lgan barcha yangi narsalar bid’atdir.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:  «Albatta, eng sodiq Kalom  Allohning Kitobidir, eng yaxshi hidoyat Muhammadning hidoyatidir. Ishlarning eng yomoni yangi paydo bo’lganlaridir. Har bir yangi chiqqan ish bid’atdir. Har bir bid’at zalolatdir. Barcha zalolat do’zaxdadir», dedilar».

(Ikki Shayx va Nasaiy rivoyat qilishgan. Nasaiyning lafzi).

Azamat ShAROFIDDINOV, Jizzax viloyati Sh. Rashidov tumani Ziyokor QFY
«Jizzaxlik» jome’ masjidi imom xatibi