Svetoforning qizil chirog’ida yangi boy «Mersedes»da kelib to’xtagan ekan, orqadan «Zaporojes» kelib urilibdi. Yangi boy jahl bilan pastga tushibdi. «Zaporojes» haydovchisi 80 yoshli otaxon ekan.
— E, ota, ko’zga qarab yursangiz bo’lmaydimi? — debdi yangi boy. — Qizilda to’xtash kerak edi! Nega to’xtamadingiz? Tormozingiz ishlaydimi o’zi?
— Yo’q, — debdi qariya bo’sh kelmay. — Tormozim 20 yildan beri ishlamaydi.
— Xo’sh, endi nima qilamiz? Qanday tuzatib berasiz mashinamni? Ko’ring, dabdala qip tashladingiz! Melisa chaqiraveraymi?
— Melisani nima qilasan urintirib? Buyoqqa yur, hozir to’lab qo’yaman o’sha pulni! Yur, chiq mashinamga!
— E, ota, bo’ladigan gapni gapirsangiz-chi! O’zingiz shalog’i chiqqan «Zaporojes»da yuribsiz-u, katta gapirishingiz nimasi?
— To’layman dedimmi, demak to’layman! Chiq dedim mashinaga!
Yangi boy ensasi qotib qariyaning mashinasiga o’tiribdi.
— Sen 80 ga kirgan odamni kamsitding-a? — debdi qariya. — Otangdanam katta odamni ranjitding-a? Hozir ko’rasan, to’layman! Xo’sh, qancha bo’ladi?
— Qo’ysangiz-chi ota, — debdi kulgisi qistab yangi boy. — Bo’ladigan gapdan gapiring!
Qariya unga alam aralash qarab olibdi-da, debdi:
— Hozir ko’rasan! Mashinang-u, uyingminan qo’shib sotvolaman hozir!
Shunday deb qariya qo’liga o’rindiq ostidan xum olibdi va og’iz qismini bir-ikki ishqalab nariga qo’yibdi. Bir payt shovqin ko’tarilib, shundoq tepalarida haqiqiy jin paydo bo’libdi.
— Assalomu alaykum, xo’jayin! — debdi jin ikki qo’lini ko’ksiga qo’yib. — Xizmatingga muntazirman!
Yangi boy bu manzarani ko’rgandayoq tamom bo’layozgan ekan. Bir qariyaga, bir jinga qarab nimadir demoqchi bo’libdi-yu, qo’rquv ustun kelibmi, gapira olmabdi. Qariya esa xotirjamlik bilan jinga buyuribdi.
— Boshlanishiga bir choynak achchiq ko’k choy damla!
— Bosh ustiga, xo’jayin!
Jin choy olib kelish uchun ko’zdan g’oyib bo’lishi bilan yangi boy jonlanib qolibdi.
— O-ota, b-bu jin-a? H-haqiqiy jinmi?
— Ha, — debdi qariya yangi boyga mensimaygina boqib. — Rostakam jin bu! Ko’rdingmi? Meni yomon ranjitding lokigin, bolam!
Yangi boyning miyasi allaqachon boshqa xayollar bilan chirmalib bo’lgandi. Nimalarnidir hisob-kitob qilib, hovliqqancha qariyaga yuzlanibdi.
— Ota, anavi remontniyam, mashinamniyam qo’yavering! — debdi u. — Ha, endi bu yaroqsiz bo’lsa, boshqasini sotib olaveraman. Siz… Mana shu jinni menga sotmaysizmi?
— Jinni-ya? Hayronman…
— Hamma buyruqni bajaradi-a?
— Ko’rding-ku!
— Bo’pti, gapning dangalini ayting! Qancha beray? Hozir qo’ng’iroq qilaman, yigitlarim mana shu yerga opkelishadi pulni!
— Hayronman, — debdi qariya. — Shu jinga ja o’rganib qoluvdim-da! Qo’ymading-qo’ymading-da! Mendanam qaysar bolaykansan! Bo’pti, 50 milyon ko’kida beraqol!
— Shu xolosmi?
— Ha, shu xolos.
Yangi boy unisi-bunisiga qo’ng’iroq qilib qariya aytgan pullarni opkeltiribdi. Qariya esa xumni yangi boyning qo’liga tutqazibdi-yu, pullarni olib «Zaparojes»ida uyiga jo’nabdi.
Yangi boy azbaroyi xursandligidan uyiga qanday kelganiniyam sezmay qolibdi. Ichkariga kiribdi-yu, xotinini ko’zdan panaroq xonaga yetaklab kiribdi va eshikni ichkaridan tambalabdi.
— Biz hozir dunyodagi eng boy odamlarga aylanamiz, xotin, — debdi hovliqib. — Men haqiqiy jin topib oldim.
— Voy, alahsirayapsizmi? Qanaqa jin?
— Hozir ko’rasan.
Yangi boy xumning og’iz tarafini bir-ikki ishqalagan ekan, birdan shovqin ko’tarilib, shundoq tepasida ulkan jin paydo bo’libdi.
— Assalomu alaykum, xo’jayin, — debdi jin ikki qo’lini ko’ksiga qo’yib. — Xizmatingga muntazirman!
Yangi boy «Ko’rdingmi?», degandek og’zining tanobi qochgancha xotiniga qarab qo’yib jinga yuzlanibdi.
— Menga boshlanishiga bir milliard ko’kida hozir qil!
— Buning iloji yo’q, — debdi jin. — Meni qiynamang!
— Mayli, bir milyon dollar paydo qilib turaqol!
— Sirayam iloji yo’q!
— Ie, nega iloji yo’q? — tutoqib ketibdi yangi boy. — Hech bo’lmasa mana shu uyimning yonida bundanam hashamatliroq uy paydo qila olarsan?
— Sirayam iloji yo’-o’q! — og’ir xo’rsinibdi jin.
Yangi boy bo’laricha bo’libdi. Jinni qaysarga yo’yib… Nima deyishni bilmay… Oxiri so’rabdi:
— Vey, tasqara, qariyaning oldida ja uddaburon eding-ku!?. Nima keladi o’zi qo’lingdan?
— Qo’limdan ko’k choy damlash keladi xolos, xo’jayin!..
Yangi boy bu gapni eshitibdi-yu, miyasi g’uvillab, boshi gir-gir aylanib, yuragida sanchiq turib kutilmaganda polga yuztuban qulabdi.
Olimjon HAYIT tayyorladi