UYQU DORI

Odam har kuni ishlab charchaydi. Yosh o’tgani sari bu charchoq uyquning beliga tepgani yomon. Kelasan, kechki ovqatni istar-istamas tanovul qilasan. O’ringa cho’zilasan. Ammo uxlay olmaysan.

Men surishtira-surishtira, oxiri buniyam yo’lini topdim. Bir tanishim maxsus mashg’ulotni o’rgatdi. Agar shu mashg’ulotni chin ko’ngildan bajarsangiz, tez uxlab qolarkansiz. Xullas, o’sha mashg’ulot manaman degan uyqu doridan ham kuchliroq ekan.

Demak… Avval o’ringa chalqancha yotdim. Tanamni bo’shashtirdim. Sekin-sekin nafas ola boshladim. Hech narsani o’ylamadim. Nigohlarim shiftga qadaldi. Jin ursin, ikki yildan beri mana shu yaramas shiftni oqlamabman-a!.. Yo’q, yo’q, nimalar deyapman? Miyani chalg’itish kerak, chalg’itish!.. Yaxshisi, ko’zlarimni yumaman!.. Ha, o’zimni xuddi yoglardek tasavvur etaman. Shundan so’ng o’ylay boshlayman. Ana shunday!..

“Men quyoshman! Men ulkan quyoshman!.. Atrofimni ko’m-ko’k osmon qoplagan. Jim! Xotirjamlik, xotirjamlik!..Ana, o’zimdan issiqlik ajratib chiqarmoqdaman! Chalg’imayman! Chalg’ishga haqim yo’q. Hamma tashvishlarga tupuraman! Ana, barmoqlarim, belim qizib boryapti! Boshim… Ie, boshim qani? Ha, mana u. Agar shu taxlit qiziyversa, hademay kal bo’lib qolaman. Yo’q, qizishdan kal bo’lmayman. Shampunni yangilash lozim. Ha, o’zim yangi shampun ixtiro qilaman. Mog’orlagan nondan ushatib tog’oraga solaman. Ustiga qaynoq suv qo’yaman. Ikki dona tuxumni sindirib suvga tashlayman. Picha uksus ham qo’shaman. Aytgancha, ikki tomchi koka-koladan ham aralashtiraman. Shunda shampunim yaxshi ko’piradi.

Uf-f, tag’in xayol olib ketdi-ya! Axir, tanishim bu mashg’ulotni o’tayotib yoqimli narsalar haqida o’ylashni maslahat bergan!.. Tasavvur qilaman… Boshlig’im chet elga ketayotgandi, chegaradan o’tkazishmadi! Ura-a-a!!!

To’g’ri-da, O’rta Yer dengizi, Gavay orollariga yuqoridan tekin yo’llanma berilsa, darrov boshlig’im xotinini yoniga oladi-da, yo’rg’alaydi. Biz xodimlarni bo’lsa, kartoshka terishdan nariga jo’natmaydi…

Yo’q, bu turishda umuman uxlay olmayman shekilli. Sanash kerak, sanash… Bir, ikki, uch, to’rt, besh, olti, yetti… Ie, devormiyon qo’shnim o’tgan yili yetti yuz ming so’m qarz olgandi, haliyam qaytarmadi-ya yaramas! Ikki kunga deb olgandi-ku!..

Jim! Xotirjamlik! Asosiysi xotirjamlik! Mening ishlarim yaxshi. Hech qanday ko’ngilsizlik meni ta’qib etmaydi. Ikki hafta oldin “Moskvich”imning old oynasini o’g’rilar yechib ketgani u darajada katta ko’ngilsizlik emas, ha! Kuni kecha mashinaning o’zini olib qochishganini ko’ngilsizlik desa bo’ladi. Umuman to’g’ri qilishdi olib qochib. Allaqachon “Jiguli” sotib olishim kerak edi bo’shashib yurmasdan! Hi-hi-hi-hi!.. O’g’ri sho’rlik o’sha “Moskvich”ni minaman deb rosa azob chekadigan bo’ldi-da!

Ha, mening ishlarim besh! Mana, yaqinda uch xonali kvartira egasi bo’ldim. Yigirma yil navbatda turgandim. Nihoyat kvartira berishdi. To’g’ri, shahar markazidan emas. Ammo yaqin atrofdagi shaharchalar bemalol ko’rinib turadi. Uy haqiqiy, toza betondan qurilgan. Ikkita lifti bor. Biri yuk, ikkinchisi odam tashiydi. Uyning shundoq burchagida kimyoviy mato tozalash korxonasi bor. Ajoyib korxona ekan! Bir oy oldin yettita choyshabni yuvdirishga bergandik, kecha o’shani o’n to’rtta qilib qaytarishibdi azamatlar.

Men xotirjamman. Ko’zlarim ham yumilib boryapti. Qiziq, nega ko’zlarim ochiq qolyapti. Miyam xotirjam-ku! Axir, hayotim havas qilsa arzigulik darajada yaxshi. Mana, yaqinda o’n uch yashar o’g’lim chekishni tashladi. Uni maktabdan haydashdi, lekin o’g’lim xotirjam…

Men xotirjamman. Tanam muzdan ham sovuqroq… Ie, nega muzdan sovuq? Sovqotdim shekilli. Eh, ko’rpa juda kalta ekan. Oyog’imgacha berkitmayapti. Hechqisi yo’q. Tanishimning mashg’uloti yordamida isib olaman. Ha, o’zimni pul deb tasavvur qilaman..

Men pulman, pul! Ka-atta pul! Jin ursin, o’sha katta pulning ko’rinishi qanday ekan?.. Mayli, tasavvurimga sig’masa-da, shu yo’l bilan “Jiguli”ga pul yig’ib olaman…

Obbo, soat jiringlayapti. Tong otib qoldimi deyman? Nima qilish kerak? Ha, o’rindan tanishim o’rgatgandek chap tomonim bilan turaman. Ana shunday. Undan keyin xayolan takrorlayman:

“Men to’yib uxladim! To’yib uxladim. Mening ishlarim juda yaxshi! Hayotim ajoyib kechmoqda!”

Olimjon HAYIT