BIROVNING SOChI
Kecha erim uyga kirib keldi-yu, qarasam, kiyimida birovning sochi…
— Xo’sh, bu kimning sochi? — dedim soch tolasini qo’limda o’ynatib.
— E, bu sartaroshxonada ilashgan bo’lsa kerak.
— Ha-a, hali u ayol sartaroshmi?
— Vey, xotin, o’tgan gal kiyimimdan ip topgansan. Tortaverding, tortaverding, oqibati nima bo’ldi? Yubkangni so’kib tashlading.
— Ha, so’kib tashladim. Endi yubkasiz yuribman. Oladigan maoshingiz bo’lsa, bitta ro’molchagayam yetmaydi.
— Yursang yuraver! Peshonangni tirish bosib yotibdi-yu, yubkaga balo bormi?
— O’zingizam bir oynaga qarasangiz bo’lardi. Xudo biladi kimlarga o’xshashingizni.
— Kimga o’xshardim? Otam bilan onamga o’xshayman… Umuman, rashk qilaverib jonimga tegib ketding, bildingmi?
— To’g’ri-da, ilgari uyqu orasida faqat xurrak otardingiz. Endi bo’lsa, dam kulasiz, dam tirjayasiz. Menga o’rta barmog’ingizni ko’rsatasizmi-ey!..
Xullas, o’sha kuni kechgacha gaplashmadik. Kechqurun yotar mahali undan so’radim.
— Qaerda yotasiz? Poldami, karavotdami?
— Polda! — dedi u g’ururini ko’rsatgisi kelib.
— Ie, ertalab karavotda emasligingizni unutib tusholmay o’lasiz pastga.
— Vey, nima qilyapsan?.. Nega chiroqni o’chirding halitdan?
— Chiroqni o’chirganim yo’q. Boshingizni yostiqminan berkitdim. Mayli, kichkinagina teshikcha qo’ya qolay! Tag’in bo’g’ilib o’lmang!..
Ishonasizmi, shungayam xursand bo’lib ketdi tushmagur erim. Bir zumda xurrak ota boshladi. Bechoraga qara-ab turib juda achinib ketdim. Ha, ishonavering, judayam rahmim kelib ketdi. Yoniga o’zim uchun ham joy soldim…
Shunaqamiz-da biz ayollar! O’z erimizdan a’losi yo’g’-u, baribir qadriga yetmaymiz!.. Xayrli tun, dugonajonlar! Faqat sizlar erlaringizning polda yotishiga yo’l qo’ymanglar!.. Keyin… Begona soch topib olsangiz, menga o’xshab rashk qilib yurmanglar! Yaxshisi, avval o’sha sochning rangiga boqinglar!
Grigoriy KOFMAN
Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi