U mendan «Mashinangiz bormi?» deb so’radi. Men esa: «Ha, albatta», dedim. Shundan so’ng u: «Rostdanmi?» dedi. «Ha, faqat u menga emas, onamga tegishli. Agar menga turmushga chiqsang, u seniki bo’ladi», dedim.
U xursand bo’ldi. Keyin mendan mashinaning rasmini jo’natishimni so’radi. Men vannaga kirib, kir yuvadigan mashinani rasmga olib jo’natdim. Ikki daqiqadan keyin qarasam, u meni bloklab qo’yibdi. Balki, unga tikuv mashinasi bor yigitlar yoqar?!
* * *
Bir odam advokatga kelib, maslahat so’rabdi:
— Do’stim mendan 500 ming qarz olgan. Lekin hech ham tan olmayapti. Nima qilsam bo’ladi?
Advokat:
— Siz do’stingizning yoniga boring-da, bir million qarz ekanini unga ayting!
— Axir u bir million emas, besh yuz ming qarz ekanini aytib, to’polon qiladi-ku?!
— Ana shu gapi sizga isbot bo’ladi!
* * *
— Xotinjon! Men bugun maosh oldim! Yur, senga qimmatbaho ko’ylak bilan brilliant ko’zli uzuk sotib olamiz!
— Voy, dadasi, menga bunday matohlar kerak emas. Undan ko’ra, shu pullarni olib o’rtoqlaringiz bilan toqqa borib dam olib keling!
— Hurmatli radiotinglovchilar, sizlar «Ideal er va ideal xotin» ertagini tingladingiz.
* * *
Harbiy xizmatdagi askarga sevgan qizidan xat kelibdi. Do’stlari bilan ochib qarashsa, oppoq qog’oz. Hech narsa yozilmagan.
— Nega bunday? — deyishsa, askar:
— Arazlashib qolgandik, — dermish.
* * *
Ichki ishlarga ishga kirmoqchi bo’lgan bola hamma komissiyadan o’tib, oxiri boshliqning oldiga suhbatga kiribdi.
Boshliq:
— Xo’sh, mana, komissiyadan yaxshi o’tibsan. Qani, ayt-chi, Kumushga kim zahar berib o’ldirgan?
— Bilmayman, o’rtoq boshliq.
— Nyutonning boshiga tepadan nima tushgan?
— Uni ham bilmayman…
— Senga bir hafta muhlat. Aniqlab kelasan, — debdi.
Yigit uyiga kelsa, dadasi so’rabdi:
— Ha, o’g’lim, ishga olishdimi?
— Ha, dada, olishdi. Birinchi ish kunimning o’zidayoq ikkita jinoiy ish ham berishdi.
* * *
Shifokor bemorga dedi:
— Sizga nechi pullik narkozdan qilay?
— Eng arzonidan!
— Yaxshi, uxla, uxla, uxla-yo…
* * *
Beshta og’ayni choyxonada o’tirsa, telefon jiringlabdi:
— Allo, adasi, kecha men sizga aytgan tilla zanjirni bugun qo’shnimiz sotib chiqdi. Olaveraymi?
— Ha, olaver!
— Keyin internet orqali yangi telefonga ham buyurtma berib yubormoqchiman, maylimi?
— Mayli!
— Kelasi hafta 8 mart bayrami ekan. Shunga yangi ko’ylak ham tiktirmoqchiman. Uydagi puldan olib, tikuvchiga borib kelsammikin degandim?!
— Xo’p, mayli, boraver!
Telefon suhbati tugagach, yigit telefonni joyiga qo’yib, debdi:
— Og’aynilar, manavi telefon o’zi kimniki edi?