* * *
Ikki chumoli o’yingohda futbol bo’yicha mahalliy terma jamoa mashg’ulot o’tkazishini tomosha qilardi. Biri ikkinchisidan so’radi:
— Bilasanmi, biz ikkimiz hammadan zo’rmiz!
— Masalan, kimdan?
— Masalan, anavi futbolchilardan.
— Nega endi?
— Chunki biz jahon chempionati finalida yuz foiz tarkibda maydonga chiqamiz.
* * *
— Og’ayni, «I don’t know» ning tarjimasi qanaqa bo’ladi?
— Men bilmayman.
— Obbo, bugun nega omadim kelmayapti-a? Hech kim bilmaydi-ya!
* * *
70 yashar qariya do’konga kirib sotuvchidan ikkita kostyum tanlab berishini iltimos qildi. Sotuvchi undan so’radi:
— Ota, nega ikkita kostyum olishingiz kerak? Tinchlikmi?
— Ha, dadam bilan birga to’yga boramiz.
— Dadam bilan? Voy, dadangiz necha yoshdalar?
— Bu yil 100 yoshga to’ldi.
— Kimning to’yiga borasizlar?
— Dadamning dadasi, ya’ni, mening bobom uylanyapti.
— Nima? Bobongiz necha yoshdalar?
— 130 da.
— Voy men o’lib qo’ya qolay? Zarilmikan bobongizga 130 yoshda uylanib?
— O’ziga qolsa, hayotda uylanmasdi, dadasi qo’ymayaptikan.
* * *
Bolakay dadasiga dedi:
— Dada, oyim mashinani sizdanam zo’r haydarkan.
— Bo’lishi mumkinmas.
— Mumkin. Masalan, o’zingiz qo’l tormozga qo’yilsa, mashina bir metr ham yura olmaydi derdingiz. To’g’rimi?
— To’g’ri.
— Oyim qo’l tormozga qo’yib mashinani 15 metrgacha yurgiza oldi.
* * *
Yangi boy xotiniga dedi:
— Og’aynim Sotimning odida juda xijolatda qoldim-da!
— Nega?
— Bir oyning ichida uch marta xotinining ta’ziyasiga taklif qildi. Men bo’lsam, uni bir martayam taklif etolmadim.
* * *
Shaharlik erkak qishloqdagi og’aynisinikiga mehmon bo’lib borgandi. Uy egasi kechqurun uxlashga yotishdan oldin, mehmonga dedi:
— Bizning qishloqda hammani xo’roz uyg’otadi.
— Shunaqami? Unda o’sha xo’rozingni soat 7: 30 ga qo’ygin!
* * *
2300 yil. Radiodan navbatdagi xabarni o’qib eshittirishyapti:
— Mars orbitasida salonida o’lgan haydovchi bilan qadimiy elektromobil topildi. Zamonaviy texnologiya imkoniyatlaridan unumli foydalanish natijasida olimlar haydovchini tiriltirishga muvaffaq bo’lishdi.
* * *
Erkak do’stidan so’radi:
— Bu yilgi olimpiadani tomosha qilasanmi?
— Yo’q.
— Nega?
— Doping qabul qilganlikda ayblab xotinim meni olimpiada tomoshasidan mahrum etdi.
* * *
Xotin eridan so’radi:
— Men siz bilan ajrashib boshqasiga tegib ketsam, achinarmidingiz?
— Begona erkakka achinib jinni bo’libmanmi?
* * *
Universitet professori talabadan imtihon qabul qilyapti. Professor so’radi:
— Imtihon nima?
— Imtihon — bu ikki aqlli odamning suhbati.
— Agar shu ikki odamning biri ahmoq bo’lsa-chi?
— U holda ikkinchisi stipendiyadan mahrum bo’ladi.
Olimjon HAYIT tayyorladi
Olimjon Hayitning turli mavzulardagi xabarlari, maqolalari, hikoyalari endi «Telegramm» dagi alohida kanalda! Bizga qo’shiling, afsuslanmaysiz!
t. me/olimjonhayit