«ZO’RLARNING ZO’RI MENMA-A-AN!!!»
Parpi piyonning beshinchida o’qiydigan o’g’li Tolmasvoy zaifroq chiqib qoldi. Ozg’inligi tengqurlarining kulgisini qistatar, jahli chiqib so’kinsa ko’plashib do’pposlashga tushishardi. Xudoning bergan kuni Tolmasvoy shalviragancha yuz-ko’zi ko’karib, kiyimlari yirtilib uyga kelardi. Enasi Savilnisa bo’lganicha bo’ldi. Necha marta zo’ravonlarnikiga hassasini to’qillatgancha borib dag’dag’a qildi. Baribir Tolmasvoyini do’pposlayverishdi…
Bugun esa enasini hayron qoldirib, soppa-sog’ kirib keldi. Yuz-ko’zi ham ko’karmagan, kiyimlari ham yirtilmagan. Ustiga-ustak og’zi qulog’ida edi.
— Voy, bolajonim, nima bo’ldi? Tinchlikmi? — so’radi Savilnisa Tolmasvoyni aylanib goh kiyimlari, goh yuz-ko’zlariga chaqchaygancha termilarkan. — Bugun do’pposlashmabdi. Bo’larkan-ku sog’ kelsang! Ha, o’sha mushtumzo’r tengqurlaringnikiga kecha yana borib aytadiganimni aytganman. Ota-onalariga hammasini gapirganman. Agar yana Tolmasvoyimni do’pposlasa, hassam sinib ketguncha savalayman deganman. Qo’rqadi-da! Qo’rqmay qaergayam borishardi!
— Ena, — dedi Tolmasvoy battar og’zining tanobi qochib. — Hassangizdan qo’rqmagan ular. Boshqa sababi bor.
— Qanaqa sabab?
— Zo’r usul o’ylab topdim.
— Usul? Ha-a, demak ularni toshbo’ron qilgansan. Yoki yo’g’on xodaminan bittasini boplab tushirgan bo’lsang, qolganlariga sichqonning ini ming tanga bo’p ketgan. Shundaymi? To’g’ri-da, qachongacha o’sha juvonmarglarning kaltagini yeysan? Senam yerdan chiqqan qo’ziqorinmassan. Bitta-yu bitta xudodan tilab olgan bolamsan. Boplabsan!
— Yo’-o’q, — kuldi Tolmasvoy. — Toshbo’ron ham qilganim yo’q. Yo’g’on xodaminan ham tushirmadim.
— Ie, unda qanaqa usul o’ylab topa qolding? Gapir! Gapirsang-chi!
Tolmasvoy bir muddat taraddulanib turdi-da, javob qildi.
— Endi ko’plashib do’pposlamoqchi bo’lishgandi, portfelimni shartta yerga tashlab, ko’zlarimni chaqchaytirib, aftimni bujmaytirib:
«MEN KORONAVIRUSGA UChRAGANMA-AN!»,
deb baqirovdim, hammasi tiraqaylab qochib ketdi.
Olimjon HAYIT
loading…