INTELLIGENT MUShUK (hajviya) Mushohada

Tanishib qo’yaylik, mening ismim Leonardo! Uydagilarning aytishicha, xorijda tavallud topgan ekanman. Balki shu sababli did masalasi menda nozikroqdir.

Xo’jayinim oldin meni shunchaki Leo deb chaqirardi. Ozg’in, ko’rimsiz va jussam kichkina, qo’rqoq bo’lganim uchun hurmatlagisi kelmagan chog’i. Yillar o’tib men ham semirdim, oppoq yunglarim qalinlashdi, dumim uzaydi, yo’g’onlashdi. Qarabsizki, xo’jayin menga boshqacha ko’z bilan qaraydigan bo’ldi. Ko’pincha yoniga o’tqazib qo’yib, hasratlashadigan, moviy ko’zlarimga uzoq-uzoq tikilib qoladigan odat chiqardi. Qo’liga go’shtmi, kolbasami, ishqilib, nima tushsa, menga ilina boshladi.

Injiq

Intelligentlar o’ziga yetguncha injiq bo’lishadi. Maqtanish emas-u, xashaki mushuklarni ko’rsam, g’ijinim keladi. Mundoq o’ziga qarashniyam bilishmaydi. Muomalani-ku, gapirmay qo’ya qolay. Yonidan o’tib qolsam, xunukdan-xunuk miyovlab salom berishadi. Mushuk degan miyovlashga sal e’tibor beradi-da! Kuni kecha uy oldida tursam, qo’shnining xashaki malla mushugi menga ustunga osilib chiqishni o’rgatmoqchi.

— Vey, olifta, — dedim dumimni hurpaytirib. — Bu maktabda o’qiganimga ancha bo’ldi! Undan ko’ra, duch kelgan yerga dumalab yotavermaslikni o’rgansang bo’larmidi…

Gapim yoqmadi mallaga. Cho’zib-cho’zib miyovladi-yu, menga yaqin keldi. Bildimki, mushtlashish niyati bor.

— Ogohlantirib qo’yay, — dedim o’ng qo’limni yuqoriga ko’tarib. — Men falon davlatning mushugiman. Shunaqa himoya usullarim borki, o’zimga javob bermayman. Xafa bo’lish yo’q!..

Qo’rqmaysan-a qo’rqmaysan, chalish! Tirnoqlarimga ko’zi tushdi shekilli, sekin-sekin ortga tislandi-da, ura solib uyiga qochdi. Shundan beri yuvoshib, muloyimlashib qolgan malla. Shunaqa muloyim salom beradiki, quloqlarimga ishonmay ketaman. Ikki marta sichqon ovlab kelib oldimga tashladi. Hoynahoy, do’stlashish niyatida bo’lsa kerak. Qarshi emasdim. Ammo nima qilay, intelligentlar sichqon yemaydi-da!

Menga toza havo kerak

Bilmadim, ota-buvalarim emin-erkin, hayhotday hovlilarda yashab o’tishgani uchunmi, ba’zan katalak kabi kvartiraga sig’may ketaman. Ko’chaga chiqay desam, boya aytganimday qayoqdagi xashaki mushuklar bilan tillashishga, yovlashishga to’g’ri keladi. Orqavarotdan g’iybatimni qilishayotganini ko’rsam yo sezsam, asab buziladi. Ko’pincha o’shalarga qo’shilay, chiday, moslashay deyman-u, nimadir meni qaytaraveradi. Yana asab dosh bermaydi. Shuning uchun torgina xonani aylanib chopa boshlayman. Charchaguncha chopa-chopa, divanga yonboshlayman-u, mudrayman. Musofirning uyqusiyam hadeganda shirin kechavermaskan. Ko’zim ilindi deguncha o’lgan buvim tushimga kirib, oyog’imdan tortaveradi. Yaqinda malladan tushimning ta’birini so’ragandim, sovuqdan-sovuq qilib «Yoniga chaqiryaptiykan buving» dedi ablah. Shundan beri malladan ko’nglim qoldi…

Voy-voy-voy-ey, nafasim qaytib ketyapti! Menga toza havo kera-ak! Uy eshiklarini ochib qo’ysangiz-chi, xo’jayin!

Yashash qiyin ekan

Iloj qancha, og’a, biz intelligentlar o’z vazifamizni sidqidildan ado etib o’rganganmiz. «Uy jonivorisan» deyishdimi, demak, har qanday sharoitdayam uy ichida bo’lishimiz shart. Xo’jayin kelib chaqirganda, «labbay» deb miyovlashimiz kerak. To’g’ri, bu yil bo’yi ko’chani ko’rmaymiz deganimas. Chiqamiz, aylanamiz, istirohat qilamiz. Ana shunday lahzalarda bir narsa alam qiladi. Basharamni ming marta ko’rganlar ham menga xuddi kelgindiga qaragandek qaray boshlaydi. Mushuklar to’dasiga yaqin borib qolsam, o’zlaricha mehmonnavozlik qilmoqchi bo’lishadimi, «keling mehmon», deb qo’yishadi.

— Axir, menam shu yerlikman, ikki yildan beri yashayman! — degim keladi. Til aylanmaydi. Chunki bizning zotda odat shunaqa. Asab buzildimi, tamom, til tanglayga yopishadi, ensa qotib imi-jimida ortga qaytib ketiladi.

Burch

Mushuk o’z burchiga sodiqlik bobida itlardan sira qolishmaydi. O’z hududini qattiq turib himoya qiladi. Menam dastlabki kunlarda shunday yo’l tutdim. Yo’q, qonimga ko’ngilchanlik singgani uchunmi, deraza, devorimiz atrofida izg’iydigan yovvoyi mushuklarga shunchaki po’pisa qildim. O’zimga yomon bo’ldi. Ikki marta basharamni buzib ketishdi. Qarasam, boshimga chiqvolishadigan. Kutilmaganda hujumga o’tdim. Intelligentcha mushtlashish usullarini qo’lladim. «Bu usul qanaqa bo’ladi? deysizmi? Tushuntiraman, «territoringiz»ga da’vogar yovvoyi mushuk «movlab bostirib kelayotganda, to’satdan bir zarba berasiz-u, qochasiz. Javob, o’sha mushuk qaytib uyingizga yaqin yo’lamaydi. Mana shu intelligentcha usul deyiladi. Nolimayman, hozir atrof tinch, unda-munda o’tib qoladiganiyam hisob beradi menga. Hatto qo’shnimiz mallayam uyoq-buyoqqa o’tmoqchi bo’lsa, albatta akang qarag’ayga xushomad qilishni unutmaydi.

Sevgi o’zi nima?

Bovam rahmatli aytib bergan. Bizning erkaklar faqat o’zimiznikilarga ko’ngil qo’yishgan ekan. Innaykeyin erkak bo’lg’usi sevgilisiga oldin obdon xushomad qilarkan. Ko’nglini olarkan, kerak bo’lsa, mushukchasiga she’rlar o’qib tashlarkan. Mana shu qishloqqa kelganimdan beri bir narsaga hayron bo’laman. Mushuklar ba’zida shunaqa beo’xshov movlab qolishadiki, cho’chib uyg’onib ketaman. «Nima balo, eshak hangrayaptimi?» deb hayron bo’laman. Bilsam, ular birovni sevib qolishsa, shunaqa tillashisharkan. Qurib ketsin, mushuk ham shunaqa qo’pol, madaniyatsiz bo’ladimi? Sal muloyimlashadi, og’ir-bosiqlik bilan muomala qiladi-da! Kim bilsin? Urg’ochilariyam shunaqa munosabatni xush ko’rishsa kerak-da!..

To’g’ri, men hali hech kimni sevib qolganimcha yo’q. Adashmasam, umrimning oxirigachayam qalbim qilt etmasa kerak. Chunki bu qishloqda mening didimga, intellektimga to’g’ri keladigan mushukning o’zi yo’q. Topilgan taqdirdayam, u xuddi anavilarnikiga o’xshagan muomalani so’raydigan, muhabbatimga qo’poldan-qo’pol javob qaytarsa, hayotda uylanmaganim bo’lsin!

Olimjon HAYIT