OLAPAR MONOLOGI
(hajviya)
Tom
Yosh ham o’tib qoldi shekilli. Soqol-mo’ylovga oq tushdi. Ilgari xonimlarning ortidan kun bo’yi chopsam ham charchamasdim. Endi bo’lsa, ikki hatladimmi, tamom, tilim osilib, ariqdagi suvga yuguradigan bo’ldim. Xudo ko’rsatmasin, yomg’ir yo qorli kecha ko’chada qolib ketsam, bir oy yo’talib yursam kerak. Yaxshiki, xo’jayin mening rahmimni yegan. Kichina bo’lsayam uycham bor. Bir o’zim zo’rg’a sig’aman-u, ammo yog’in-sochinli kunlarda dar qolmayman. Boshimni tuynukchadan chiqaraman-da, shallobo bo’lib, dumi yulingan musichaday tumshayib qolgan daydi mushukvachchalarni, urg’ochi itlarni tomosha qilaman. Yo’q, ularga dag’dag’a qilmayman. Ishonasizmi, qarigan sari dushman, sotqinlarni, hatto ketvorgan xonimchalarni ko’rib qolsangizam, yurak potirlamay qo’yarkan. Aqlga bo’ysunib qolarkansiz. «Xo’sh, shuni quvib yetdim, talab tashladim, yo qo’rqitdim, yoki bo’lmasa, muhabbat izhor qildim ham deylik, keyin-chi? Keyin nima o’zgaradi? Shox chiqadimi? Vey, itlarga hayotda shox chiqmagan. Mol emas-ku, harqalay!» der ekansiz. Menam uycham tuynugidan boshimni chiqari-ib yotganimda xuddi shularni xayolimdan o’tkazaman. Hech bo’lmaganda, soch-soqol oqargani esga tushadi-yu, sharmanda bo’lishdan o’zimni tiyaman. Oqibatini o’ylayman. «E, yursa yuravermaydimi? Menga nima? Endi yarimta nonga tekin sherik yetmay turuvdi», deyman-u, ko’zni yumib olaman. Ha, ko’z yumib olishda gap ko’p. Dushmanlik, zo’rlik, xotinbozlik shu zahoti meni tark etadi. Buni sizga tajribali, umri davomida ko’p bora yaxshi-yomonni ko’rib qo’ygan it sifatida aytdim.
Hazil
Xo’jayinim topilmas odam. Yegulikdan qismaydi. Qachon ko’rsangiz, yalog’imda hech bo’lmaganda bitta suyak turadi. Biroq bir qilig’i menga yoqmaydi. Ba’zida shu qilig’ini ko’z oldimga keltirsam, tuklarim tikka bo’ladi, jig’ibiyron bo’lib, o’tgan-ketganni talab tashlagim keladi. Xullas, xo’jayinimning menga yoqmaydigan qaltis hazili bor. Qachon yegulik, yo noyob ovqat bilan meni siylamoqchi bo’lsa, uch-to’rt-o’n karra qo’lida ushlab turgan o’sha taomga sakrashni talab qiladi. Hazil aralash «Qani, qani, sakra, ololsang seniki, yo’qsa, haqingni malla mushukka bervoraman» deb qo’rqitadi. Bilaman, bu hazil. Baribir o’sha taom meniki bo’ladi. Lekin nima qilay? Xo’jayin baribir xo’jayin-da! Oriyat kuchli kelib sakrayveraman. Xo’jayinga yoqish uchun tilimni chiqarib, turli qiliqlar ko’rsataman. Axir, mening yoshimda shuncha marotaba sakrashning o’zi bo’ladimi?! Xo’jayin bilmaydi, sezmaydi, his qilmaydi. Ovqatni qo’lga kiritishga kiritaman, biroq keyin uzoq vaqt ariq bo’yida chalpillatib suv simiraman. Shunday qilmasam, o’pka qurg’ur azob beradi. Yurak tushmagur hadeganda dukillab bezovta qilaveradi. Bunaqada o’lib qolish hech gapmas, oshna!
«Boksyor»
Ko’pchilik «Itlarga maza, ular bir-biriga hasad qilmaydi, bir-birini tuhmat balosiga yo’liqtirmaydi, hammalari qarindosh-urug’ kabi umr kechiradi» deb o’ylaydi. Bekor gap. Mana, yaqinda xo’jayin yana bir it olib keldi. Oti-chi, «Boksyor»mish. Bashara… Ko’rsangiz, «Nima balo, tramvayning tagida qolganmi bu?» deysiz. O’ziyam ja oliftaykan. Yunglarini shampun bilan yuvarkan! Ishonasizmi, xo’jayin unga o’zi yashaydigan uy ichidan joy beribdi. Buyam mayliydi, sportchiman deb maqtanganiga o’laymi?! Hali hovliga kirib ulgurmay, mushuklar qolib menday mo’ysafidgayam sakrab ko’rdi, ha! Maqtanchoqlikda olamni buzadigan xilidan ekan-da, bachchag’ar! Ammo menam anoyi emasman. Bir marta, ikki marta indamadim. Sakradi, qandaydir «priyom»lar ko’rsatdimi-ey! Qarasam, haddidan oshadigan. Oxiri chidolmay, «sdachi» qaytardim. Vey, alamiga chidolmay rosa sakradi o’ziyam! Ichimda «Qani, sakrab qaergacha borarkansan, olifta!?» dedim-da, kutdim. O’l-a, xalqda «Buzoqning yugurgani somonxonagacha» deb bekorga aytishmagan. Xo’jayin hammamizga sakrayverganini ko’rib qoldi-yu, bir hafta ovqatdan qisib qo’ydi. Uygayam kiritmadi. Sportchi bir haftagacha so’rining tagida uxladi. Tavbangga tayanmaysan-a tayanmaysan. Yuvosh tortdi-qoldi. Hozir basharti uychamning oldidan o’tib qolsa, albatta egilib, salom-alik qiladi. Hol so’raydi, yassi basharasini ko’z-ko’z qilib, tirjayib ham qo’yadi. Shunday ekan, yaxshi-yomon itlarga maslahatim shuki, hech qachon xo’jayinni ranjitmang! Qarindosh, tanish-bilishlarning ko’nglini qolldirmang! Duch kelganga hurib shallaqilik qilavermang! Xo’jayinning berganiga shukr qiling! Shunda men Olaparga o’xshab uzoq yashaysiz. Hurmat topasiz, rizqingiz butun, yolg’iz boshingizni balolardan asraydigan tomingiz bo’ladi. «Vov-vov-vov!!!» Ya’ni, omon bo’ling!
Olimjon HAYIT
loading…