Haqiqiy hangomaning bundan battari bo'lmaydi…

 

SIChQONBOY OG’A

 

Tajriba

 

Peshana qursin, yosh ham bir joyga yetib, soqol-mo’ylov oqardi. Tezroq chopsam, yurak dukillab, harsillaydigan bo’ldim. O’zim bir paytlar san’at darajasiga olib chiqqan, ne-ne sichqonboylarning havasini keltirgan, qo’polroq qilib aytganda, muhabbat masalasiyam hafsalamni pir qildi. Sattang-a, ketvorgan sichqonoy, sichqongullarni ko’rsam, tuyoqchamni silkitib ketadigan bo’ldim. Ammo o’tgan umrimga sira afsus chekmayman. Otam rahmatli Sichqonboy qunduz mo’ylov baroq mushukning changalida qolib yorug’ dunyoni tark etayotganda: «Iloyo olgin-u oldirmagin» deb duo qilgandi. Otamning duosi o’q chiqdi. Qishloqning o’nqir-cho’nqir dalalarida, pana-pastqam uylar yonida yelib-yugurib katta tajriba to’pladim. O’rtoq, yor-og’ayni orasida yugurishda, mushukka chap berishda, yemish qidirib topishda mendan o’tadigani bo’lmadi. Ba’zi og’ziga kuchi yetmagan qarindoshlarim meni orqavarotdan «josus» ham deydigan bo’lishdi. Alam qilgan-da! O’zlari qaysi yemish qaerda turishini, unga qanday ega chiqish yo’lini topolmay halak edilar. Qanchasi hali baroq, hali qora, olachipor, manaman degan Sibircha mushuklarning qo’liga tushib o’lib ketdi. Hammasining ta’ziyasida shaxsan o’zim qatnashganman, ha! Taniganlarim bilan rozi-rizolik ham tilashganman. Nimayam derdim? Buni hayot uchun kurash deb qo’yibdi. Hushyor, dilgir bo’lmasang, mushuk tugul qayoqdagi qurbaqaning qo’lida halok bo’lishing hech gapmas, ukam!

 

Sevgidan kuyganman

 

Ishbilarmonligim, topqir va sezgirligim faqat oilaviy hayotda qo’l kelmadi, na iloj!?

Ajoyib kunlarning birida Sichqonnisani uchratdim. Odatga ko’ra quvlashdik, sinashdik, tillashdik, turmush qurdik. Yelkaga ola xurjun tushgandan keyin akang qarag’ay Sichqonboy og’a g’imirlab qoldi-yov! Hali un, hali bug’doy doni, hali go’sht, kolbasa qoldiqlarini tashib bola-chaqa boqdim. Peshonam sho’r bo’lmay o’lsin, Sichqonnisaning onasiyam, buvi-yu, momosiyam katta-katta xirmonlar yonida aylanib, o’sha yerlardan yemish tashib o’rgangan ekan. Xotinboy ham bir kuni shartta masalani ko’ndalang qo’ydi.

— Podvalda o’tirib sichqonchalaringizga tikilaverish jonimga tegdi, — dedi u dumchasini likillatib. Bilamanki, sichqonnisa dumchasini likillatdimi, demak, ahvol jiddiy. Yo erdan ko’ngli sovigan, yo yo’rig’iga yurg’azish payiga tushgan chiqadi. «Eh» degancha peshanaga urdim-u, Sichqonnisaning talabini ado etishga majbur bo’ldim. Xayriyatki, qishloq chetidagi katta xirmonda tanish okaxonlar boridi. Tilini topib, Sichqonnisaniyam o’sha xirmonga a’zo qilib qo’ydim. Qarangki, qilgan xatom hech qancha o’tmay bilindi-qo’ydi. Sichqonnisaning mo’ylovi ko’tarildi.

— Sizam erkakmisiz? — dedi u bir kuni indagi bir uyum donni ko’rsatib. — Bola-chaqa boqish mana bunaqa bo’ladi! Ertadan kechgacha chopasiz-u, men topgan yemishning yarmisiniyam topolmaysiz. Erkakmisiz o’zi?

— Vey, dumchangga qarab gapir! — bo’sh kelmadim menam. — Senga kim gaplashib bergan o’sha xirmonni? Katta xolangmi? E, xolaning o’zi yo’g’-u senda! G’irt yetimchayding! Tag’in…

— Ajrashaman! — deya baqirdi u inning uyog’idan buyog’iga chopib. — Bunaqa erning boridan yo’g’i yaxshi! Inni bo’shatib qo’ying!..

Xullas kalom, men inni bo’shatdim. Uch birday sichqonvoylarim chirqillagancha qolaverishdi…

Yaqinda eshitib qoldim, Sichqonnisa ja kuchayib ketganmish. Manaman degan mushuklarniyam yo’rig’iga solvolganmish. Aytgani aytgan, degani degan, yegani faqat go’sht-u, toza bug’doydan tortilgan unmish. Nima deyin? Dardimni kimga aytay? Shu xabarni tanish-bilish kalamushlardan eshitdim-u, dumimni tuggancha, ters o’girilib ketaverdim. Muhabbat, sadoqat, sichqoniylik kabi muqaddas tuyg’ularga qo’l siltadim…

 

Yurakning mazasi yo’q

 

Nolimayman, xirmon-pirmonga chiqib qolsam, yo ko’cha-ko’yda yursam, savlatidan mushuk hurkar sichqonlar ham ikki qo’lini ko’ksiga qo’yib salomlashadi. Meni hurmatlab Sichqonboy og’a deb chaqirishadi. Hurmatimni joyiga qo’yib, inimgacha kuzatib qo’yadiganlariyam bo’ladi. Ammo shuyam tatimaydi.

Yosh bir joyga yetib, haligiday soqol-mo’ylov oqargach, tez-tez yurak qurmag’urning mazasi qochadigan bo’lgan. Yo’q, haliyam g’ayrat zo’r. Ketvorgan sichqonoylarni ko’rsam, xasta bo’lishiga qaramay yurak dukillab qo’yadi. Tavakkal ularning ortidan chopgim keladi, mushuk panjasi tegmagan muloyim, yoqimtoy yunglarini silab-siypalab erkalagim keladi. Ba’zida yugurvoramanam! Shu mahal qurib ketkur nafas pand beradi. Bo’g’zimga tiqiladi-yu, xuddi yovvoyi mushukka duch kelgan kabi dag’-dag’ titray boshlayman. Sudrala-sudrala inimga arang kirvolaman. Shu ko’yi uzoq vaqt jon olib jon beraman. Dardimni podvalning sovuq devorlariga aytaman. O’lay agar, ovozimni it ham eshitmaydi. Chunki nafas bo’g’ilgan mahal ovoz ham juftakni rostlab qolgan bo’ladi. Yum-yum yig’lab yurakni changallayman-u, bu yorug’ dunyoda qo’lim kaltaligidan kuyaman, qachonlardir amma-xola, tog’a-jiyanlarim bo’lgani esga tushadi. Qara-ya, birontasi xabar olmaydi! Kimsan Sichqonboy og’a bormikan, nima qilayotganakan, tirikmikan, yeyishga yemishi bormikan, deydigan mardning o’zi yo’q! Axir, vaqtida ulargayam ko’magim tekkan. Ba’zilariga qishlik g’amlashda o’lib-tolib ko’maklashganman, jiyanchalarni sudraklab katta qilganman, mushuk quvganda yungimni hurpaytirib zo’rlikka zo’r berganman. Qartayib qolganlarining og’ziga don tutganman. Endi-chi?..

Shunday o’ylar bag’rimni ezib, atrofga qarayman. Aksiga olganday shu tobda ko’ngil tegirmonda yangi tortilgan unni tusab qoladi. Be, bu tuya hammomni orzu qilganday gap-da! Kimga kerakman? Qondoshlar yuz burib turganda, boshqasidan nima kutay?..

Eh, ana, tag’in yurak qaltiray boshladi. Endi nima bo’ladi? Ishqilib, daydi mushukka yem bo’lmayin-da! Mayli, shu podvalda yurakni changallab o’lsam ham roziman! Xor bo’lmasam bas! Sichqonvoylarim, qaydasiz? Ovoz bering! Dushman hamlasini qo’yib turing! Otangiz, kimsan Sichqonboy og’aning yuragi bezovta bo’lyapti! Kalamush bovani chaqiring, kalamush bovani! Ajabmas, bir chimdim dorisidan qarz berib tursa-yu, bizam yov changaliga tushmay, tinchgina uxlab olsak!

Olimjon HAYIT

 

Haqiqiy hangomaning bundan battari bo'lmaydi…Haqiqiy hangomaning bundan battari bo'lmaydi…Haqiqiy hangomaning bundan battari bo'lmaydi…