ChUMOLI
(hajviya)
Vey, ko’zingga qarab yursang o’lasanmi? Bor yo’g’i sassiq suvaraksan-u, gerdayishing nimasi? Hali uyingga kirsang, tirik qolasanmi-yo’qmi, buni xudo biladi. Uy egasi aerozol sepgan bo’lsa, bo’g’ilib o’lasan-ku, xumpar! O’tkinchi dunyoda munday qumursqagarchilik qilsang kamayib qolasanmi? E’tiboring uchun men qanotli chumolilar zotidan bo’laman. Ota-bobolarim sattang-a devzira guruch, qorni qappaygan arpa, bug’doylarni ko’tarib, daryoning narigi qirg’og’igacha uchib o’ta olgan. Sen tugul, qo’ng’izlar, arilar ham ularga yaqinlasha olmagan. Chunki nishlari o’tkir bo’lgan. Nima qilayki, peshonam yarqiramagan ekan. Shaharda yashaganim yetmay, qismatning do’llari, bo’ronlari qanotimni sindirgan. Nishlarimni o’tmaslashtirgan. Yomonlarning kasriga qolganman. Nishlarimni oldinga uzatay desam, tumshug’imdan nariga o’tmaydi. Buyam yetmaganday, menda bo’y, savlat ham yo’q. Qarshimdagilarga faqat boshimni osmonga ko’tarsamgina qaray bilaman. Lokigin fe’lim baribir otamga tortgan. Xo’rlikka toqat qila olmayman. Xafa qilgudek bo’lsa, manaman deganni bo’ralab so’kishga qurbim yetadi. Ana, tunov kuni xirmonga chiquvdim aylanib. Ochig’i, qornim to’q, uyim donga to’la edi. Shunchaki zerikib chiqdim. Ishonasanmi, xirmon zo’ravonlar, tulkiday ayyorlarniki bo’libdi-qolibdi. Bizday g’arib chumolilar chirana-chirana yiqqan xirmonni talon-taroj qilib yotishibdi. U yerda senga o’xshagan suvaraklar ham talaygina ekan. Tekintomoqlar nuqul qorin to’ydirish payida. Birontasi «Hoy, hech bo’lmasa uch-to’rtta bug’doyni anavi sho’rlik chumolilargayam qoldiraylik, harqalay mehnati singgan» demaydi. Alam qilgani, sening qarindoshlaring quturgandan quturibdi. Pashshani, arini, qo’ng’iz-u, sichqonni umuman tan olishmayapti. Tartibga chaqirmoqchi bo’lgandim, sendan semizroq suvarak yo’limga chiqdi-da: «O’zingni bosvol, rizqim yarimta bo’lmasin desang, tuyog’ingni shiqillat! Hozir ari og’aga tayinlasam, adabingni berib qo’yadi», deb po’pisa qildi. Azbaroyi alam qilganidan, mushuk og’aga arznoma bitmoqchiyam bo’ldim. Nima qilay? Mushuk og’aning tilida yozish qo’limdan kelmaydi. «Qasos qiyomatga qolmas» dedim-u, asta ortga qaytib qo’ya qoldim…
Ie, ie, qarg’a aka, yaxshi yuribsizmi? Og’zingizda nima tishlab oldingiz, aka? Go’sht? O’, qaerdan ola qoldingiz? Nima? Nima deb qag’illadingiz? Eh, tilingizni tushunmaganim yomon-da! To’g’ri-da, bizday g’ariblar chumolidan boshqasi bilan tillasha olmaymiz. Shunday yaralganmiz. Biz yuvosh-mo’min, qo’y og’zidan cho’p olmaydiganlar xilidanmiz. Mayli, hali ko’ramiz, qish kelsin, holingiz qanday kecharkin.
Hay-hay, kimsan? Nega meni bosib o’tasan, noinsof? Qani, basharangni ko’ray-chi! Voy-bo’, men filmikan debman-a! Atigi shilqim qurbaqaning singlisi ekansan-u! Menday qanotdor chumoli avlodi davomchisini sindirmoqni, ezg’ilab tashlamoqni xohladingmi? Senga yo’l bo’lsin?!. Kerak bo’lsa, fil bilan olishishga kuchim yetadi. Ja epini topa olmasam, nozik yerini chaqib qochaman. Sen-chi, o’zingni malika qilib ko’rsatib, shilqim qurbaqaboylarni aldashingni bil!..
Darvoqe, qizlar masalasida gap ketdimi? Sira shu mavzu tugamas ekan-da! Uch-to’rt kundan beri endi esdan chiqaruvdim…
Men ham erkakman. Sayr qilib yurganimda, ko’plab nozaninlarga ko’zim tushadi. Meni ko’rgan oliy zotli suvarakoylar ham beixtiyor qanot qoqib, go’yo nozli boqa boshlashadi. Asalarixonlar tegramni aylanib uchib, meni obdon kuzatishadi. Qop-qora matodan ko’ylak-lozim kiygan pashshabonular ro’paramga qo’nib, tillashishga urinishadi. Afsus, ming afsus, kimligimni, nishlarim kaltaligi, qanotim yo’qligini ko’rgach, yuz burib ketishadi. Mehnatsevarligim, bolaparvarligim, mehribonligim, qalbim to’la muhabbat ekanigayam qarab o’tirishmaydi. Nimaymish, ularga qanot qoqsa, dunyoning yarmiga uchib yeta oladigan, nishi uzun, bo’ydor, oyoq-qo’li chaqqon erkak kerakmish.
Mayli, suvarakboy, ko’rib turibman, bu hasratlarimni eshitib, ko’zlaringga yosh keldi chog’i. Xafa bo’lma, bir boshga bir o’lim-da endi! Bilaman, senam menday g’aribsan. Bu dunyo shunaqa, og’ayni! Qarindosh-urug’chilik faqat zo’rlarda bo’ladi. Bizdaylar bilan qarindosh bo’lishga or qilishadi. Kel, do’t bo’lamiz, suvarakboy! Rozimisan? Barakalla! Ja tushungan yigit ekansan! Basharti, aerozoldan bo’g’ilib o’lmasang, ertaga yana ko’rishayli-ik! Birgalashib dalaga chiqardik. Momom aytib bergan, dala qumursqalari juda ochiqko’ngil, soddadil bo’lisharkan. Ajabmas, o’sha yerdan baxtimizni topsak-a?
Olimjon HAYIT