AYFON
(hajviya)
Telefon jinnisiman. Do’kondami, bozordami, yangi telefon ko’rib qolsam, tamom, g’imirlab qolaman, yuragim boshqacha urib, yursam ham, tursam ham o’sha qurmag’ur ko’z oldimda aylanaveradi. Eh, shunchadan beri qanaqa telefonlarni ishlatib tashlamadim! Lekin baribir ko’nglim to’lmadi. Niyatim bitta. Ayfonga yetishish. Afsuski, akang qarag’ay qanchalik ishqiboz bo’lmasin, bu telefonga kuchim yetmasdi. Cho’ntak ko’tarmasdi. Ayfonni tushlarimdagina sotib olar, hammaga maqtanardim. Tushlar o’ngidan kelishi mumkinligini Yangiobod bozoriga borgan kunim bildim. Qarasam, qator telefonlar safini bezab orzumdagi Ayfon turibdi. Bir muddat unga havas bilan tikilib turdim-da, go’yoki hoziroq sotib olmoqchi bo’lgan odamdek sotuvchidan narxini so’radim.
— Yuz ellik ming so’m, — javob qildi sotuvchi.
— Nima? — quloqlarimga ishonmay qayta so’radim men. — Qancha dedingiz?
Sotuvchi meni qimmatsiradi deb o’yladimi javobini takrorlab, ketidan qo’shib qo’ydi:
— Yuz ellik ming so’m-u, lekin kami bor, aka!..
Xursandligimdan dodlab yuborayozdim. Axir… Bu judayam arzon-ku! Do’konda ayfon ikki-uch milyon turadi. Bu esa… To’g’ri, Xitoyniki ekan. Ammo aft-basharasi, husni-jamoli do’kondagi ikki milyonlikdan sira qolishmaydi. Kattaligiyam, tugmachalariyam, jozibasiyam o’sha-o’sha!..
Xullas, bir yuz yigirma ming so’mga orzumdagi ayfonni sotib oldim. Ko’chaga chiqarkanman, atayin ayfonimni qo’limda ushlab, barchaga ko’z-ko’z qilardim.
Avtobusga o’tirdim-u, maqtangim kelib xotinimga SMS yozib yubordim. Negadir javob kelavermagach, MMS yozishni ma’qul ko’rdim. Ayfonlar Internetga moslashgan, MMS lar juda tez va aniq ketadi deb eshitgandim. O’zimning suratimni tanladim-da, ostiga «Seni judayam sevaman» degan so’zni tirkab xotinimga yubordim. Birozdan keyin javob keldi. Ammo xotinimdanmas, qandaydir Adalat degan ayoldan. U menga «Ahmoq» deb javob yozibdi. Hayron bo’lib, ungayam javob yozdim.
«Meni haqorat qilmang! Xotinimgaydi bu MMS, adashib sizga tushib qolibdi! Men sizni tanimayman…»
Birozdan so’ng tag’in o’sha Adalatdan javob keldi.
«Zato’ men seni yaxshi tanivoldim. Agar yana bir marta ahmoqlik qilsang, erim seni shunaqa sevib qo’yadi, shunaqa sevib qo’yadi…»
O’sha-o’sha orzumdagi ayfonning SMS, MMS laridan foydalanmay qo’ydim.
Bu ham yetmagandek, ayfonimning muzikasiyam o’zimga yoqmadi. Juda baqiroq va dag’al ekan ovozi. Muzikasini uladim deguncha, sobiq qaynonamning tovushi kelganday bo’laveradi. Rahmatli qaynonamniyam tovushi shunaqa dag’al va kuchli, yoqimsiz edi. Hafsalam pir bo’lib muzikayam eshitmay qo’ydim.
Yaqinda xotinim «Oyimdan borib xabar oling» deyaverib hol-jonimga qo’ymadi. Ochig’i, bu qaynonamning ming’ir-ming’iri yoqmasdi. Xotinimning ra’yini qaytarolmay, qaynonam yashaydigan uygacha bordim. Lokigin shayton «pod’yezdi yoniga borgin-da, boshqa yoqqa burilib ket, xotiningga «Oying uyda yo’g’akan» deb bahona qilasan» deyaverdi. Shunday qildim ham. Qarangki, endi boshqa yoqqa burilganimni bilaman, ayfonimning «Navigator»i ishlab ketdi-yu, baland ovozda «Siz manzildan adashdingiz, chapga yuring» deydi-ya, vey!..
Buyam mayli. Shu ayfonni sotib olgandan beri qo’ng’iroq qilishdayam sarsonman. Masalan, bir kuni yarim tunda xotinimning mazasi qochib «Tez yordam chilar olib ketishgandi. Ertasiga aytilgan bannisaga qo’ng’iroq qildim.
— Kecha sizlarga bir mijozni olib kelishgandi! — dedim muloyim ovozda.
— Ha-a, o’sha sizga tegishlimidi? — so’radi dag’dag’a bilan begona erkak. — Kechasi bilan adabimni berdi-ku! Mo’ylovini olaman deyishimni bilaman, bir hurdi, bir hurdi!..
— Vey, haqorat qilmang, — dedim jahlim chiqib. — U… Hurmaydi… Odam… Undan keyin… Mo’yloviyam yo’q!..
— Mayli, mayli, xavotir olmang! — meni tinchlantirgan bo’ldi erkak. — Asosiysi, tez orada ko’payishadigan bo’lib turibsizlar! Yetti zabardast o’g’lon tug’iladi!
— Nima? — esxonam chiqib ketayozdi. — Yetti o’g’lon?.. Og’zingizga qarab gapiring! Q-qaerdan orttira qolibdi shuncha o’g’lonni? A-axir…
— Men qaerdan bilay? Ko’chaga haydab solgan bo’lsangiz, topgandir-da o’ziga munosibini!..
Shundan keyingina men ahmoq gapirayotgan veterinarligini bilib qoldim. Bildim-u…
Ayfonimdan ko’nglim qoldi. Hozir unga qaragim ham kelmaydi…
To’g’risini aytsam, hozir «Samsung-Geleksi» deganlari modadaymish. Yaxshisi, o’shandan olaman. Xitoylik ayfonimni esa qo’shnimga hadya qilaman. Ayfon tufayli asabim buzilgan paytlarda rosa ustimdan kulardi. O’ziyam bir qiynalsin!
Olimjon HAYIT