KILLERNING KUNDALIGI
(hajviya)
15 may.
Ikki haftadan berisiga ishsizman. Har zamonda kaftim qichishib-qichishib qo’yyapti. Tag’in qo’l qurg’ur chiqib ketib qolmasin degan maqsadda uydagi suvaraklarni o’qqa tutdim. Eng oxirgisini ushladim-da, pechkaning trubasiga bog’ladim va ustidan dazmol bosdim.
Kechqurun xotinim kelib qo’limdagi dazmolni hamda yarmi ichilmay qolgan aroqni tortib oldi.
16 may.
Nihoyat buyurtma oldim. Yo’q, odam o’ldirishgamas, xat ekan. Pochtachi xotin adashib birovning xatini menga tashlab ketibdi. Pochtachini tutib oldim-da, qo’limdagi aroqni koftasiga sepib yubordim. Keyin o’zim yaxshilab tozalab qo’ydim. Xotinim meni kofta ko’targan holda, pochtachini koftasiz ko’rib sal bo’lmasa ikkovimizga baravar aroq sepib yuborayozdi.
17 may.
Pashshalarni o’qqa tuta boshladim. Qo’shnim devorni taqillatdi. Nega uyimda to’polon ko’tarilayotganini bilmoqchi bo’ldi. Menam taqillatib qo’ydim yaxshigina. Yo’q, devornimas, qo’shnining o’zini. Xotinim kelib qo’shnini haydadi va qo’limdagi yarmi ichilmagan aroqni tortib oldi.
18 may.
Xotinimga yordamlashishga ahd qildim. Uydagi kirlarni ivitib qo’ydim. Xotinim kelishi bilan kirlarga qo’shib uniyam ivita boshladim. Jonholatda vannadan yugurib chiqdi-da, quruq kiyimlarini kiydi. So’ngra nihoyatda achchiqlanganidan bo’lsa kerak yarmi ichilmagan arog’imni ichib tashladi.
19 may.
Buyurtma oldim. Yo’q, bu safar xatmas, haqiqiy qotillikka. Buyurtmachi va’da qilingan pulning yarmini opkelib berdi. Dast o’rnimdan turib do’konga chiqdim-u, yana bir yashik aroq oldim. Xotinim ko’rib qolmasligi uchun ishonchli joyga berkitib qo’ydim.
Kechqurun odatdagidek xotinim keldi. Buyurtmachini oldiga solib quvdi. Meni esa, shunday haqoratladiki… Aytishga uyalaman.
20 may.
Buyurtmada ko’rsatilgan bankirga qarata o’q uzdim. Bankir hayron bo’ldi. Shundan so’ng men uni kuch bilan yerga ag’anatdim. Soqchilari jag’imni sindirishdi. Keyinroq bilsam, to’pponchamni uyda unutib qoldirgan ekanman. Aroqdan bo’shagan shishani to’pponcha qilib otibman.
21 may.
Bir kasbdoshim keldi. Bankirni yo’qotolmaganim uchun endi u ikki kishini birdaniga — meni va bankirni yo’q qilishi lozimmish. Men bankirdan boshlashini taklif etdim. Kasbdoshim o’ylab ko’rishi kerakligini aytdi. Ikkovimiz oshxonada bosh qotirib o’tirganimizda xotinim kelib qoldi. Kasbdoshimni derazadan irg’itib yubordi.
22 may.
Yana ishsizman. Kaftlarim qichishib-qichishib qo’yyapti. Buyoqda suvaraklar bolalagandan-bolalabdi. O’shalarni o’qqa tutishga kirishdim. Ishqilib, xotinim qurg’ur kelib qolmasin-da!