VASYa TOG’ANING AYTGANLARI
Bilasizmi, mening hayotim xuddi qo’shiqqa o’xshaydi. Xotinim Tereza shunday degan…
Eh, xotinim ikkalamizning hayotimiz naq mo»jizaning o’zi. Mana, hamma bir-biri bilan bahslashgani-bahslashgan. Uchar likop bormi-yo’qmi deb tortishishadi. Men esa, o’sha likopni to’yimning ertasigayoq ko’rganman, ishonavering! Naq boshimning tepasidan o’qday uchib o’tgan…
Oh, to’y, to’y!.. Men to’yimni oltinga o’xshataman. Chunki, ertasigayoq oltinsifat sap-sariq chaqa kaftlarim orasida qolib ketgan…
Bizning nikohga esa, havas qilsangiz arziydi. Nega deysizmi? Mana, masalan, mendan so’rab qolishadi:
— Xotiningiz kiyimlaringizni tozalab beradimi?
— Yo’q, — deyman boshimni baland ko’tarib. — U faqat cho’ntaklarimni tozalab beradi…
To’g’ri-da, mening xotinimda zarracha kamchilik yo’q. To’g’ri, u juda kamtar ayol. O’zining bir kamchiligidan noliydi. U ham bo’lsa, eri borligidan…
Shunga qaramasdan, biz bir-birimizni juda sevamiz. Garchi, yillar o’tgan sari o’zimni sal anaqaroq tuta boshlagan bo’lsam-da!
Esimda, bir vaqtlar uning yonida qo’llaridan ushlagancha soatlab o’tirib chiqardim. Hozir esa… Be, u o’tirishlar qayoqda?! Negaki, pianino ota-onamlarnikida qolib ketgan.
O, qanday qo’shiq aytardi. Ovozi naq ko’ksidan otilib chiqardi. Men o’zimni ovutish uchun nuqul ko’ksiga termulib o’tirardim.
Hozir esa, mening eng sevimli mashg’ulotim — xotinimdan bo’salar olish. Sababi, u shu lahzalardagina gapirmay tek turadi.
Biz xotinim bilan doimo birgamiz. Mana, yaqinda xotinim kinokomediya tomosha qilishga borgandi. Aytishicha, kulaverib, sal bo’lmasa o’lib qolayozibdi. Men bo’lsam, juda afsuslandim. Yana bittagina seansga qolgandaydi, balki…
Ha, biz xotinimminan faqat u dam olishga ketgandagina birga bo’lmaymiz. Shundayam mening zerika boshlaganimni his qilishi bilan ortga qaytishga va’da beradi har safar. Afsuski, bizning oilaviy jamg’armamiz bu qadar uzoq vaqt dam olishga yo’l bermaydi.
Yana bizning oilaviy hayotimizda hamisha muhabbat g’olib keladi. Yo’q, olimpiadadagiga o’xshab yutishmas, balki, shunchaki ishtirok etish…
Yaqinda xotinim bir gazetani o’qib qolibdi. U yerda yozishlaricha, Afrikaning qaysidir qabilasida erkaklar o’z xotinlarini do’stlariga, qo’shnilariga sota boshlashganmish. Albatta u mendan so’radi:
— Meniyam sotgan bo’larmiding?
Ishonasizmi, men qanday javob qildim?
— Xotinjon, seni sotib aqldan ozibmanmi? Tekinga bervoraman, tekinga!!!
ARKADIY ININ
Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi