Haqiqiy hangomaning bundan battari bo'lmaydi…

 

 

* * *

 

Buyurtmachi prorabdan so’radi:

— Qurgan uylaringizning devorlari juda yupqaga o’xshayapti-da!

— Hechqisi yo’q, hali bu devorga gulqog’oz ham yopishtirib chiqishadi.

 

* * *

 

Erkak yaqin do’stidan so’radi:

— Do’stim, nima deb o’ylaysan? Mening hayotimdagi qora kunlar bir kun kelib tugarmikan-a?

— Albatta tugaydi. Odam abadiy yashamaydi-ku, axir!

 

* * *

 

Ayol eri bilan birga butiklardan biriga kirib norkali shuba tanlayotgandi. Do’kon sotuvchisi kelib so’radi:

— Nima qidiryapsizlar?

Er javob qildi:

— Kuyalar uchun yem qidiryapmiz.

 

* * *

 

Ishga kechikayotgan xodimga boshlig’i qo’ng’iroq qilib so’radi:

— Qachon ishga o’z vaqtida kelishni o’rganasan-a? Mana, bugun ham ishga kechikyapsan!

— O’rtoq boshliq, ikki minutda yetib boraman. Hozir «probka»da turibman!

— Vey, ko’zingni kattaroq och, xumpar! Men sening uy telefoningga qo’ng’iroq qildim!

 

* * *

 

Bank hisobchisi mijozdan so’radi:

— Bankimizdan qancha kredit olmoqchisiz?

— 100 million so’m.

— O’z vaqtida qaytarishni qanday kafolatlaysiz?

— Bilasizmi, go’dakligimda ota-onam meni kaltaklasa, har safar albatta javob qaytarganman.

 

* * *

 

Xotin eridan so’radi:

— Qarang, sochimni kalta qilib kestirdim! Endi qari kampirga o’xshamayapmanmi?

— Yo’q, jonim, endi qari cholga o’xshayapsan.

 

* * *

 

Kampir besh yashar nevarasidan so’radi:

— Bolajonim, xohlaysanmi senga uxlashingdan oldin ertak aytib beraman?

— Yo’q, sizning ertaklaringiz doim xurrak bilan tugaydi.

 

* * *

 

Yo’l patrul xizmati xodimi qariyaning mashinasini to’xtatib dedi:

— Otaxon, tezlikni oshirdingiz, jarima to’lang!

— Pulim yo’q.

— Unda haydovchilik guvohnomangizni olib qo’yaman!

Guvohnomani endi qariyaning qo’lidan olgandi, yonidan yarqiragan chet el mashinasi o’qday uchib o’tib ketdi. Yo’l patrul xizmati xodimi qayta-qayta hushtak chaldi. Shunda mashina to’xtab, bo’yi ikki metr keladigan barzangi tushdi va yaqin kelib so’radi:

— Kim menga hushtak chaldi?

Qariya vaziyatdan foydalanib qolish uchun tizzalari titrayotgan militsionerning qulog’iga shivirladi:

— Yaxshilikcha guvohnomani cho’z! Bo’lmasa kim hushtak chalganini aytaman.

 

* * *

 

Jinnidan ota-onasi so’radi:

— O’g’lim, eshitishimizcha, shifoxonada uylanib olganmishsan. Nega bizlarni to’yingga aytmading?

— O’zlaringiz ham meni to’yingizga aytmagansiz-ku!

 

* * *

 

2031 yil. Texnika o’ta rivojlanib ketgan. Ertalab er xotiniga dedi:

— Xotin, ustaramda pul tugab qopti! Dazmolingdan shundoq ikki ming so’m tashlab yuborgin!

Olimjon HAYIT tayyorladi

Olimjon Hayitning turli mavzulardagi xabarlari, maqolalari, hikoyalari endi «Telegramm» dagi alohida kanalda! Bizga qo’shiling, afsuslanmaysiz!

t. me/olimjonhayit