Haqiqiy hangoma mana munday bo'pti!..

 

 

DO’STLAR

(hajviya)

 

Santexniklar Qulmatvoy hamda Gulmatvoylar navbatdagi kvartiradan ishni tugatib chiqishgach, tashqarida bi-ir sigaret chekib olmoqchi bo’lishdi.

— Qara, — dedi Qulmatvoy sherigiga. — tashqari zo’r! Qushlar sayrab turibdi, quyosh nur sochayapti…

— Bilasanmi, nega qushlar bizning do’stimiz? — savol tashladi Gulmatvoy.

— Bilaman. Ular qurt-qumursqani yeyishadi.

— Nima bo’pti? Qumursqalar senga tegishmaydi-ku!

— To’g’ri.

— Ana ko’rdingmi? Masalan, kakkuni olaylik. U necha yil yashashimizni aniq aytib bera oladi. Shuning uchun ham biz uni do’stimiz deymiz.

— E, qayoqda. Do’stmas. Tanishdan nariga o’tolmaydi. Mana, to’tini haqiqiy do’st deyish mumkin. Chunki, gaplashadigan odam qolmaganda u bilan bemalol laqillashib o’tirsa bo’ladi.

— To’ti gaplashishi mumkin. — dedi Gulmatvoy. — Lekin seni boplab so’kishiyam mumkin. Mana, chumchuqlar haqiqiy do’st. Turli matallarda ularning nomi keltiriladi.

— E, mataldan nima foyda? — labini burdi Qulmatvoy. — Men haqiqiy do’st deb kaptarlarnigina ayta olaman.

— Sabab?

— Sababi shundaki, kuni kecha parkni aylanib yursam, tepadan kelib paltoimni iflos qilib ketdi. Agar u shunday qilmasa, paltoimni yuvdirish hali veri esimga kelmasdi.

Olimjon HAYIT tayyorladi

 

loading…