Har qanday odamning kelajagini tajribagina bezaydi. Bunga o’zim shaxsiy tajribamda guvoh bo’lganman.
Masalan, kunlarning birida olibsotardan kinoga chipta sotib oldim. Keyin bilsam, chipta bugungamas, kechagi kun uchun ekan. Buyam mayli, chipta umuman kinogamas, planetariyga mo’ljallangan bo’lib chiqdi. Bo’shashgancha chiptani quchoqlab qolaverdim. Ammo afsuslanmadim. Chunki bildimki, tajribam oshdi. Demak, keyingi gal chipta olsam, yaxshilab tekshirib ko’raman.
Uzoq yillar itdek ishlab mashinaga pul to’pladim. Tanishlarim mashina sotib olmasligimni aytib ogohlantirishsa ham quloq solmadim. Yig’a-yig’a ajoyib kunlarning birida bozorga tushdim-da, naqd besh yuz ming so’mga mashina sotib oldim. Bachchag’ar bozordan uygacha binoyidek yurib kelgandi. Hovliga kirdi-yu, taqa-taq o’chdi. Qani endi motorga o’t qo’yolsam! Bunisi mayliydi, eshigini ochib tashqariga chiqa olmay rosa xunob bo’ldim…
Xullas, ertasi kundan boshlab topganimni o’sha shaldiroq aravaga sarfladim. Sozladim-u, ming afsus, bozorda olgan pulimning yarmisigayam sotolmadim. Lekin uyga xursand qaytdim. Nega deganda, men yana bir sohada tajriba to’pladim. Tajribamni gohi-gohida tanishlar mashina haqida gap ochsa, asta zipillab qolishimdan ham bilib olsangiz bo’ladi.
Ha, tajriba orttirish uchun faqat o’z ustingda amaliyotlar o’tkazish lozim ekan. Chunki o’zingdan bo’lak hech kim yetarlicha tajriba to’plashda yordam bera olmaydi.
Mana, bir kuni o’zimga yangi ko’ylak tiktirdim. Chevar kiydirib qo’ydi. Juda yarashdi o’zimga. Qarangki, uyga kelgach, qaniydi yecha olsam… Ko’ylak qurmag’urni ustimga qaynoq suv quya-quya zo’rg’a yechib olishdi. Baribir ranjimadim. Tajribam oshdi. Endi chevarga ko’ylak tiktirmaydigan bo’ldim.
Yana bir voqea esimga tushsa, kulimsirab qo’yaman. Ruhan yengil tortaman. qalbimda faxr tuyg’usi uyg’onadi.
Xullas, tishimni davolatish uchun tish do’xtiriga borgandim. Ular ikki kishi ekan. Ikkovlashib tishimni kovlayverishdi, kovlayverishdi. Keyin allambalodan gips tayyorlab tishimga surtishdi. Og’riqdan jonim chiqib ketayozdi. Bor ovozda kasalxonani boshimga ko’targudek baqirdim. Qo’rqib ketishdimi, jonholatda qo’llariga ombur olib boyagi gipsni ko’chirish payiga tushishdi. Go’ring nurga to’lgurlar, gipsga qo’shib sog’ tishimniyam sug’urib olishganiga nima deysiz. O’sha-o’sha «s», «j», «z», «f» harflarini ayta olmaydigan bo’lib qoldim. Biroq afsus chekmayman. Men tajriba to’pladim. Tajribamning foydali jihati shundaki, o’shandan beri anavi ikki tish do’xtiriga yaqin yo’lamayman.
Ochig’ini aytsam, shaxsiy hayotda ham ko’p qoqilganman. Hammasiga mana shu yaramas tajribasizlik sabab bo’lgan.
Ko’chadagi svetoforlarga qarab turib bir kuni o’ylab qoldim. Bularning qadriga yetish uchun yuk mashinasi ostida qolib ko’rish lozim degan xayolga bordim va katta tezlikda kelayotgan mashina yo’liga chiqdim…
O’shandan beri qo’ltiqtayoq qo’ltig’imdan tushmaydi. Duduqlanadigan bo’lib qolganman. Shunga yarasha tajribam ortdi. Men svetoforlarni boshqalarga nisbatan chuqurroq his eta olaman…
Mana, yigit bo’lib men ham qachonlardir uylandim. Xotinim bo’shashgangina, ochiqko’ngil, kamsuqum chiqib qoldi. Qiziqqonligim, ayollarga azbaroyi o’chligim bois unga bir marotaba xiyonat qilib ko’rdim. Indamadi. Ikki, uch, to’rt, besh marta xiyonat qildim… Ketib qoldi onasinikiga. Undan so’ng boshqasiga uylandim. Ikki yil men bilan yashadi. Ikki farzandli bo’ldi-yu, meni tashlab ketdi…
O’sha-o’sha oladigan maoshimning deyarli hammasi nafaqaga ketadigan bo’ldi. Baribir achinmadim. Chunki hayotning achchiq zahrini totib ko’rdim, tajriba to’pladim. Tajribamdan kelib chiqib duch kelganga uylanib ketavermaydigan bo’ldim.
Azizlar, bir ishga qo’l urishdan oldin tajriba masalasida albatta o’ylab ko’ring! Armonda qolmaysiz!
Olimjon HAYIT tayyorladi