Bo’riboy aka — tadbirkor
Qalin o’rmonning bir cheti. Bu yerni Bo’riqishloq deb atashadi. Ammo qishloqda faqat birgina bo’ri istiqomat qiladi.
Bugun ham u sigaret chekkancha do’koni yonida turardi. Uzoqdan harsillagancha kelayotgan quyonni ko’rdi-yu, hushyor tortib, sigaretini tashladi. Ko’zlari olayib, ikki qo’lini beliga tiradi. Quyon yetib kelgach, dag’dag’a aralash savol tashladi.
Bo’ri: — Ie, shalpangquloqmisan? Vey, ko’ziga ko’zoynak taqqan quyonni birinchi ko’rishim. Kimsan? Gapir xumpar!
Quyon: — Men… Jurnalistman, og’a.
Bo’ri: — Ha-a, jurnalistmisan? Aytdim nimaga quloqlaring shalvirash o’rniga tik turibdi deb! Jurnalist ekansan-da! Xo’sh, nega kelding? Pishirib qo’yibdimi Bo’riqishloqda?
Quyon: — Haligi… Sizdan intervyu olishga keluvdim, og’a!
Bo’ri: — Xa-xa-xa-xa!!! Mendan-a? Vey, omading borakan. Men jentlmenman. Agar ota-buvalarim zamonida xuddi shu gapni gapirganingda, teringni shilvolishardi.
Quyon: — Jentlmen nima, og’a?
Bo’ri: — Shuniyam bilmaysanmi? Nima qilib jurnalist bo’lib yuribsan unda? Jentlmenlar quyonlarga tegishmaydi. Tiqilib o’lishni xohlashmaydi. Kallani ishlatishni bilishadi. Xo’p, gapni kalta qil-da, savolingni ber!
Quyon: — Og’a, mana, do’kon quribsiz, savdolar qalay?
Bo’ri: — Zo’r. Ayniqsa, kechki payt jonivorlar ovdan qaytayotganda qo’lim qo’limga tegmaydi. Ie, ho’v, kalamushvachcha, senga nima kerak? Pivo? Puling bormi o’zi? Namuncha qaltiraysan? Pulni ber-e, sherbachchaning sho’rvasiga tushkur! Sur endi bettan! Anavi mushuklarni qaranglar! Borlaring nariga? Bu yer svidanie qiladigan joymi? Hozir bir urib…
Quyon: — Og’a, axir, ular mijoz-ku! Nega ularga qo’pol muomala qilyapsiz? Har holda savdo madaniyati degan gaplar bor…
Bo’ri: — Nima? Qanaqa madaniyat? Bu yaramaslar madaniyatni tushunarmidi? Shunaqa po’pisa qilib turmasang haddilaridan oshib ketishadi. Ishonasanmi, menga «ho’kiz» deb laqab qo’yvolishibdi. Shalpangquloq, bo’rining ho’kiz bo’lganini qaerda ko’rgansan?
Quyon: — Bilmadim… Aytganday, kankurent yo’qmi deyman bu atrofda? Ja dadilsiz?
Bo’ri: — Bo’riboy og’aga kankurent bo’ladigani hali bu qishloqda tug’ilmagan.
Quyon: — Litsenziya masalalari hoynahoy…
Bo’ri: — O’v, nima, sen tergovchimisan? Namuncha surishtirib qolding? Qanaqa litsenziya? Litsenziya, mana, o’zimman! Xo’sh, gaping bormi? Ayt, gaping bormi deyapman? Hozir bir urib boshingni chaqib qo’yaman!
Quyon: — Uzr, ming bor uzr, og’a! Og’zimdan chiqib ketdi-da!
Bo’ri: — Yana ogohlantirib qo’yay, bu yerning bo’risi menman! Qadamingni o’ylab bos!
Quyon: — To’g’ri, ammo kun kelib ayiq buva tashrif buyurib qolsa, litsenziya so’rasa deyman-da!
Bo’ri: — Ayiq buvangni o’zim tinchitaman. Sen savolingni ber! Jig’imga tegmaydigan, yumshoq savollardan ber!
Bo’riboy og’a aravakashmi?
Quyon ko’zoynagini to’g’rilab olib navbatdagi savolga o’tadi.
Quyon: — Og’a, eshitib qoldim, tadbirkorlikdan tashqari aravakashlik ham qilib turarkansiz. Tirikchilik-da-a?
Bo’ri: — Uf-f! Ja mahmadona jurnalist ekansan o’zingam! Vey, bo’rining aravakashlik qilganini qaerda ko’rgansan? Qaerdan olding bu gapni?
Quyon: — Haligi… Mish-mishlar…
Bo’ri: — Men-chi, yigirmata aravani sotvolib arendaga berganman. Ot, eshaklar tortib yuribdi. Menga oyiga arenda puli berib turishadi. Sen, mahmadona shuni nazarda tutgandirsan-da!?
Quyon: — Ha-a, yo’lda qatnayotgan aravalar siznikimi?
Bo’ri: — Ha-da, meniki bo’lmay, katta xolangniki bo’larmidi?
Quyon: — Og’a, ot aravalarga umuman chiqib bo’lmaydi-ya?! Yoningizdan g’iz etib o’tib ketishadi! Qo’l ko’targancha qolaverasiz! Shunaqa tez yurishadi-ki…
Bo’ri: — Qandini ursin! Ot-da ular, tez yurmasa, tuyoqlari tuz to’playdi. Qolaversa, ular ekspress. Zamonga qarab qadam bosishadi.
Quyon: — Anavi hangi og’adan xafa bo’ldim.
Bo’ri: — Nimaga? Ie!.. Vey, sen jurnalistlarni tushunmayman. Senlarni sira xursand qilib bo’lmaydi-ya! Nuqul noliysanlar! Nima yomonlik qildi senga hangi?
Quyon: — Hozir o’shaning aravasida kelgandim. Har qadamda to’xtayverib xit qildi. Yana… Faqat urg’ochi oyimchalarga to’xtaydi. Arava to’lib ketdi. «Hoy og’a, «peregruz bo’ldi-ku! Bu qonunga to’g’ri kelmaydi-ku» deyishimni bilaman, bir hangrab berdi-i!..
Bo’ri: — Hi-hi-hi-hi-hi-i-i!!! Shuning uchunam hangi-da u, ovsar! Urg’ochilarga to’xtamay, senga to’xtasinmi?
Quyon: — Buyam yetmaganday, hali manzilga yetmay, ayiq buvaning xotini «falon joyda yuk bor» degandi, meni tushirib o’sha yoqqa survordi. Alam qildi! Yaramas, yo’l haqiniyam ko’tarib qo’yibdi!
Bo’ri: — Ko’tarishi tayin. Chunki u arenda puli to’laydi. Shundan orttirib, ho’tikchalarini boqishi kerak.
Quyon: — Grafik-chi? Xalqqa xizmat qilgandan keyin yagona grafik bo’yicha ishlasa bo’lmaydimi?
Bo’ri: — Haddingdan oshaverma, jurnalist! Grafik hozir pul, pul va yana pul! «Pilon»ni bajardimi, xohlasa yuradi, xohlamasa, suradi. I-i-i-i-i!!! To’xtab tur! Anavi kelayotgan Sherxon akaning mashinasimi? Obbo, shunisi yetmay turuvdi o’zi! Sen shu yerda tura tur, men darrov oynani yopib kelay! Bo’lmasa, kelib boshimni qotiradi. Hujjat so’rayverib xit qiladi…
Quyon Bo’riga zimdan tikiladi-da, o’zicha g’udranadi: «Hali seni bir boplay, yeb to’ymas! Shunaqangi maqola yozayki, enangni uchqo’rg’ondan ko’rgin!..»
Oradan hech qancha vaqt o’tmay, Bo’ri qaytib keladi.
Quyon: — Og’a, do’koningizga tulkilaram kirib turishadimi?
Bo’ri (aftini bujmaytirib, tishlarini g’ijirlatib): — Basharasi qursin tulkilarning! Kirib shunaqa eshiladiki, ensalarim qotib ketadi! Bo’rivachchalarimga tayinlab qo’yganman, tulkining qorasi ko’rindi deguncha ko’plashib quvib solishadi.
Quyon: — Yana bir savol. Do’koningizda gigiena qoidalariga deyarli amal qilinmas ekan. Qarang, hammayoq ivirsib yotibdi. Ninachi opalar tekshirishmaydimi? Yo ularniyam quvib solasizmi?
Bo’ri: — Sen tirmizakka boya aytdim, bu yerning Bo’risi menman, men! Lokigin Ninachi opalaring bilan ham kelishganman. Har holda ular ayiq og’aning vakillari-da! Tili bir hammasining! O’zimga qolsa-ku, ninachining ninalarini bittalab yulvolardim. Kelib qolsa, g’ijinim keladi, «Bo’riqishloqda gigiena nima qilsin? Sur bettan!» devorgim keladi. Nima qilayki, ayiq og’aning hurmati bor. Tishimni tishimga bosaman, uka!
Quyon: — Mana, suhbatimiz ham tugadi, og’a. Ishonamanki, ajoyib intervyu chiqadi. Bu intervyuni o’rmonimizda chop etiladigan «O’rmon mo»jizalari» gazetamizda chiqartiraman. Rosa shov-shuv bo’ladi.
Bo’ri (sal kalovlanib, uyoq-buyoqqa qarab oladi-da, quyonning qulog’iga shivirlaydi): — Menga qara, sen ja chegaradan chiqib ketding. Savolning ja qaltislarini berding-da!
Quyon: — Shunisi bilan qiziq-da! Odamlar haqiqatni o’qib maza qilishadi.
Bo’ri: — Yo’-o’q, uka, bu ishing menga ma’qulmas. Xo’-o’sh… Menga qara, oxirgi marta qachon sabzi yegansan?
Quyon (o’ylab turib): — Bir oy burun.
Bo’ri: — O’h-ho’, shuning uchunam ko’zingdan ko’zoynak tushmaydi-da! Nima, kattalaring maoshga sabzi berishmaydimi?
Quyon: — Oxirgi paytlarda faqat qotgan non berishyapti.
Bo’ri: — Unda kel, senga bir xalta sabzi beraman. Yaqinda daladan terdirib keluvdim. Evaziga sen shu maqolangni gazitingga bermaysan.
Quyon: — Voy, nega?
Bo’ri: — E, ayiq og’aning ko’zi tushsa, darrov chopib kelib, qonimni ichadi, borimni shilvoladi. «Boyib ketdingmi?» deyaverib ovora qiladi.
Quyon (o’ylab turib): — Mayli, unda gazetaga bermayman. Opchiqing sabzini!
Bo’ri: — Mana bu boshqa gap! Kallang ishlarkan-ku, Shalpangquloq!..
U yugurgancha do’koniga kirib bir xalta sabzi olib chiqadi-da, quyonning qo’liga tutqazadi. Quyon esa ketayotib, o’zicha mulohaza qiladi: «Shoshmay tur, Bo’riboyvachcha, oldin sabzingni to’yguncha yeyman, ana undan keyin intervyuni gazetaga chop ettiraman. Senam bir adabingni yegin, noinsof!»
Olimjon HAYIT