Esimni tanibmanki, bir gap xotiramdan chiqmaydi. Bobommi, yo bobomning bobosimi, ishqilib, kimdir: «Ho’v bola, qobiliyatli bo’lish uchun ham shunday tug’ilish kerak», degan ekan. Keyinchalik momom qo’shimcha qildi. «Bolam, boy bo’lish uchun ham omad tug’ma bo’lishi lozim odamda», dedi momom bosh qashib. Ikki gapni bir-biriga solishtirib rosa mag’zini chaqdim. Haq gapni aytishgan ekan. Bizning avlodda qobiliyat ham, omad ham tug’ma ekaniga shubham qolmadi.
Masalan, omadni olaylik. Yaqinlarimdan birining ko’zlari ko’rmasdi. Shunday tug’ilgan ekan. Shuning uchun u kishiga do’kondayam navbatsiz sariyog’mi, unmi, shakarmi, noyob mollarmi, ishqilib, hammasini tekin berishardi. Buyam yetmaganday, mahallada har zamon har zamon qo’y so’yilsa, kalla-pochasi o’shanikiga oqib kelardi. Qo’ni-qo’shnilar esa unga xudoning bergan kuni hasad qilishardi. To’g’ri, omadli odamga hasad qilishadi-da!..
Tog’am ham o’ziga yetguncha omadli edi. Traktorda tuni bilan g’o’zalarga qandaydir sassiq dori separdi. «Za to» ertalab uyga bir bidon sut, qatiq, quti-quti tuxum, sariyog’, go’sht bilan kirib kelardi. Vaholanki, bularning hammasi tekinga berilardi. Qo’shnilar buni ko’rgandan keyin tinch o’tiradi deysizmi? Quvurboshiga to’planvolib tozza tog’amning g’iybatini qilishardi. Ie, qanaqa odamsizlar o’zi? Tog’am omadni quchoqlab dunyoga kelgan bo’lsa, aybdormi?..
O’sha tog’amga yana bir marta omad kulib boqqani hech esimdan chiqmaydi. O’ttiz yil traktorchilik qilib biror marta yangisini minmagan ekan. Nuqul birovdan qolgan eski traktorlarni tutqazib qo’yisharkan. Omadning erta-kechi bo’lmaydi, ha! Kunlarning birida tog’am traktorida bir cho’loq odamni urib ketibdi. Traktorning pachog’i chiqibdi. Ishonasizmi, bir hafta deganda yap-yangi, moyi ketmagan traktor berishdi. To’g’ri, cho’loqning tuzalishiga ancha-muncha pul sarfladi, melisaga qatnayverib holi quridi. Lekin asosiysi, omad undan yuz o’girmadi. Yangi traktorli bo’lvoldi.
Xolalarimdan biri he-ech daladan beri kelmasdi. Qachon qarasa, suv, loy kechib yurardi. Brigadir edi-da! Momomdan dakki yegani yegan edi. Mana, uniyam omadi keldi. Kutilmaganda nogiron bo’lib to’shakka mixlandi-yu, pensiyaning kattasini o’sha xolam oladigan bo’ldi. Vey, hatto bizgayam tutun puli, kul puli qilib choychaqa ulashardi. Qo’shnilariga ham xudo ikki qo’llab berdi. Bir-birining darvozasi yoniga yig’ilib xolamga hasad qilishganini o’z ko’zim bilan ko’rganman.
Bir ukam bor. Nuqul bosh og’rig’idan nolir, ishining ham haligiday tayini yo’g’rog’idi. Kimdir aql bo’lib… Mana, boyib ketdi xumpar. Nega deysizmi? Ukamning davleniysi chatoq chiqibdi. Ko’tarilib ketaverarkan. Allakim «Bor, bannisada yarim kilo qon topshirsang, tekinga qorningni to’ydirishadi, pul ham beradi» deganakan. Boribdi… Bilmadim, sizga yolg’on, menga chin, olti oy deganda ukam o’zini o’nglab oldi. Uyini shifer qildirdi, eski taxtali eshigi o’rniga temir darvoza qurdirib, hovlisiga ikkita qo’chqorni boylab qo’ydi. Tag’in olti oy yarim kilodan qon topshirsa, uyining yonbosh tarafiga yangi imorat ham solvolarkan.
Yana bir yaqin qarindoshim qand kasaliga uchragan. Yoniga yaqinlashsangiz, o’qchiyverib, kekiraverib xit qilvoradi. Ammo mahallaning oldi bo’lvolgan. Tekinga grechka, tag’in allambalolarni uyiga to’kib ketishadi. O’shalarning yarim-yalchisini sotib egniga bir qator sarpo kiydi. Po’rim bo’p qoldi qarindoshim. Hozir ko’chadan o’tib qolsa, hali tili chiqib chiqmagan go’dak ham g’iybatini qilmasa, mana, men turibman!..
Bir ammavachcham tut teraman deb daraxtga chiqqan ekan. Chap ko’ziga daraxt novdasi kirib ketibdi. Xeshlar «sho’rlik o’lib qoladi» deyaverib quloqni qomatga keltirishgandi. Omadli pusht a’zosi-da! O’lmadi. Aksincha, nogironlikka chiqib, mo’may pul olyapti. Avtobusga chiqsayam, kerile-eb turib qog’ozini ko’z-ko’z qiladi. Pattachi shu zahoti tilini tishlaydi.
Maqtanish emas-u, ammo haqiqatan avlodimizda omadsiz odamning o’zi yo’q. Bobomning katta jiyanlaridan biri birgina nevara ko’rgan-u, omadi kelgan. Nevarasi haliyam sil kasalliklari dispanserida ro’yxatda turadi. Har yili manaman degan sanatoriyda dam oladi, toza havo, davolanish tekin, do’xtirlar uni ko’rdi deguncha ikki qo’lini ko’ksiga qo’yib bir qadam ortga tislanadi. Salobati bor-da qurmag’urning!..
Yoki bo’lmasa, katta ammamning nevarasini olaylik. Erini qachonlardir mashina urib beva qolgan. Hali-hali mahallaqo’mdagilar oyma-oyiga kirib, go’sht, yog’, guruch, makaron, qo’yiga, sigiriga alohida yem tashlab ketishadi. Bola-chaqasiga mahalla chevarlariga aytib tekin kiyimlar tiktirib berishadi. Shunday omadli oilani albatta hasadgo’ylar nishonga oladi-da! Borki, hasad qilishadi, yo’qsa nima bo’lardi? O’tiraverardik so’ppayib!..
Kaminaning o’zi ham omaddan quruq qolmagan. Inastrankaga uylanganmiz. Uning esa dakumenti chataq. Hech qaerga borolmaydi. Shunday ekan, bizning oilada «Oyimnikiga ketib qolaman, uyimga oborib qo’y», degan dahmazalar bo’lmaydi. Amriqoga ketvorgan taqdirimdayam bilamanki, kelsam, xotinboy uyda bo’ladi. Yana bir omadim, hadeganda hujjat almashtiraman deb ortiqcha pul sarflayvermayman. Navbatda turib xun bo’lmayman. Qobiliyat masalasidayam xotinjonimni xudo qismagan. Tez-tez kasallanib turadi. Lekin menga do’xtir chaqir deb dag’dag’a qilmaydi. O’ziga o’zi ukol qiladi-qo’yadi. Turolmay, harsillab yotgan bo’lsayam, qo’liga ignani tutqazsangiz bas, ukol albatta qilinadi deyavering!..
Mening yana bir omadim shundaki…
Ochig’i, o’tgan kuni bannisadan kelayotib bilib qoldim. Mahalladagi bemaza yigitlar orqamdan g’iybatimni qilishyapti ekan. Nimaymish, men bannisaga tushib maza qilibman. Zo’r ukollarni tekinga olayotganakanman. Bannisaning mashinalari nuqul meni tashiydigan bo’lib qolganmish. Ie, okasi, buni omad deydilar! Qani, senam infarkt bo’lib ko’r-chi, qo’lingdan kelarmikan?..
Yashirmayman. Bizning mahallada hasadchi deganning zo’rlari yashaydi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, ular ko’plashib, infarkt bo’lish harakatiga tushishganmish. Aytishlaricha, to niyatga yetib o’sha zo’r ukollarni tekinga olmaguncha, bannisaning o’sha mashinasida to’yib kataysa qilmaguncha tinchishmasmish.
Mayli, urinib ko’rishsin! Lokigin aniq bilaman. Omad tug’ma bo’lmasa, baribir o’xshamaydi. Bizga bekor hasad qilishibdi. Axir… Biz omadlimiz, oka!
Olimjon HAYIT