“VRACh”

Qo’shni kvartiraga do’xtir ko’chib keldi. Be, uning qabuliga hadeganda kirib bo’psiz! Odam degani hech qaerga sig’maydi. Kechasi kelib navbatga yozilib ketishadi. Hatto, navbat talashib mushtlashib ketganlarni ko’rdim… Nimani davolarkan deysizmi?.. Tuzalmaydigan kasallarni.

Masalan, har bir bemorga muloyim gapiradi, hazillashadi… Har bir kasalga bir xil dori yozib beradi va o’lgungacha kuniga uch martadan ichishni buyuradi. Aytgancha, o’sha dorini albatta aroqminan ichish lozim ekan. E, qaysi ahmoq bunaqangi dovalanishdan voz kechadi?.. To’yib ichvolgandan keyin og’zi qulog’iga yetib narigi dunyoga ravona bo’laveradi…

To’g’ri, yana bir vrach bor. Qarib qolgan. Qirqta kitob yozgan. Qandaydir sovrinlar ham olgan. Qanday kasal bilan kelma, tinchlantirish o’rniga battar qiladi. Afsus bilan bosh chayqaydimi-ey, tilini tishlaydimi-ey!.. Lekin shundoq qarab turib qachon o’lishingni daqiqa, soniyasigacha aytib beradi.

—     Siz besh kun o’n uch daqiqadan so’ng o’lasiz!..

Yo’q, xato qilibdi. O’limidan xabar topgan bechora bir kunga yetmay olamdan o’tdi…

E, bunaqangi do’xtirga kim ham borardi. Bepulga davolasa bormas!..

To’g’ri-da, o’zining tuzalmaydigan kasalini kim ham bilgisi keladi? Vey, vrach bo’lsang, meni nima bilan kasallanganimnimas, nima bilan sog’ligimni ayt!.. Yolg’ondan gapiravermaysanmi!.. Bunaqangi gaplar uchun pulni ayamaymiz. Chunki, vrach degani qanchalik bilimsiz bo’lsa, uning oldiga shuncha ko’p odam keladi.

Bu sinalgan usul-da!

Semyon ALTOV

Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi