«MATQOVUL» MEHMONXONASI
(intermediya)
Ko’p xonali uy mehmonxonasi to’rida Matqovul qovunchi eski sochiqqa yelpingancha pishillab o’tirardi. Aftidan mehmon kutmayotgandi. Shu taxlit bir mizg’ib olmoqchi edi. Kutilmaganda eshik sharaqlab ochiladi va ichkariga Ichketar mirob kiradi.
Ichketar: — As-as-as-s-s-salomu alayko’-o’-o’m, boy aka!
Matqovul (azbaroyi qo’rqib ketganidan o’rnidan sakrab turadi): — Nega kelding, it?
Ichketar: — Xapa qivottisiz, oka! Kerak bo’lsa-chi, o’sha itingizningam dumini qistirib tashlayman. Ha endi-i-i-i… Mehmonxonangizni bir ko’llatib qo’yaylik devdik-da, oka!
Matqovul: — Pishirib qo’yganmidi menikiga kelib?
Ichketar: — Yo’lda Yurak og’riq opachamni ko’rib qoluvdim. Matqovul akang bugun osh damlaydi, hammamizni mehmon qilmoqchi deb qoldi. Kelaverdim sekin. O’ziyam hali zamon kirib qoladi. Ho’v oka, namuncha rangingiz oqarib ketdi? Bezovta qip qo’ydimmi?..
Matqovul (o’rniga cho’kishga-da qo’rqib eshitilar-eshitilmas shivirlaydi): — I-iltimos, uka, birpas tinchlangin, chuqurroq nafas olishga qo’ygin!
Ichketar: — Xo’-o’-o’p, okaginam!
Shu mahal eshik qaytadan ochiladi-yu, Yurak og’riq opacha pildiragancha kiradi.
Yurak og’riq opacha: — Soleyko’-o’m! O’h-ho’-o’, jamoat jam-ku! Munday chaqirib qo’yayinam demaysiz-a, jon oka! Menam begonamasman-ku-u-u!
Matqovul Yurak og’riq opachani ko’rgani zahoti allaqachon ko’ksini changallagan ko’yi tek turib qolgandi. Pishillashi yanada kuchayib Yurak og’riq opachaga mo’ltiraydi.
Matqovul (peshonasini sovuq ter bosib, qo’rqa-pisa qimirlab): — Enangni uyiga kirganday bostirib kelaverasanlar-a, noinsoflar! Bir og’iz ogohlatirayinam demaysan. Men… Xudodan senlardaqa mehmon so’raganmidi-im?..
Ichketar: — Ie-e-e, oka, nolimang! Sizday mehmondo’st, ko’ngilchan odamga yarashmaydi nolish. Bir cho’qim-bir cho’qim osh yesak yebmiz-da endi! Voy-bo’-o’!!!
Yurak og’riq opacha (Matqovulning ko’ksiga mushtlab olib): — Inim to’g’ri aytdi, oka! Bir erisangiz eribsiz-da!..
Matqovul dahshatdan dag’-dag’ titray boshlaydi. Shu asnoda mehmonxonaga Yo’tal kulfurush Bosh og’riqkalni ergashtirgancha kiradi.
Yo’tal kulfurush: — Vuy-y-y-y!!! Havo qolmabdi-ku mehmonxonada! Sal uyoq-buyog’inglarga qarab o’tirmaysizlarmi? Qani, bir ichkariga toza havo kiritvoray-chi! O’zim harakat qilmasam o’tiraveradi bular! O’h-ho’-o’-o’!!! Uh-voy-uh-uh-h-h!!! Vey, Bosh og’riqkal, yordam bermaysanmi munday?
Bosh og’riqkal: — Siz havo kiritib turing, men ungacha Matqovul akamning boshini massaj qip qo’yaman!
Yo’tal kulfurush: — Kal, ko’rdingmi yo’lda? Anavi Bodmaymoq menminan poyga o’ynamoqchi bo’ldi-a?
Bosh og’riqkal: — Ha, ko’rdi-im! Ahmoq-da!
Yo’tal kulfurush: — Oka, qorinni sal siqimlab turing, hozir havoni tozalavoramiz!..
Zum o’tmay ostonada G’ashali hozir bo’ladi. Uning ortidan Bodmaymoq qo’rqa pisa mo’ralaydi. G’ashalini ko’rganlarning barchasi darhol jim bo’ladi. Yo’tal kulfurush hiq-hiqlaydi. Yurak og’riq opachani qaltiroq tutadi. G’ashali hammaga hukmronlarcha g’o’ddayib boqadi.
G’ashali: — Vey, kulfurush, sotkani ber tez! Sirroz Albertovichga va’da qilgan yerim boridi. Chaqirmasam, odobsizlik bo’ladi. Tez bo’l!
Yo’tal kulfurush (qisinib, qimtinib): — O’h-ho’-o’-ey-y-y!!! H-haligi… Oka, p-puli tugab qoluvdi!
G’ashali: — Ber dedim!
Yurak og’riq opacha: — Inim, unda birato’la Isitma otinoyiniyam chaqira qoling! Qatordan qolib ketmasin sho’rlik!
G’ashali: — O’shaningiz ja ezma-da! Ezilaverib odamning qonini qaynatvoradi. Ha mayli, bir so’hbatini olsak olaylik!..
Bodmaymoq (o’ashalining beliga yopishib): — Haligi… Og’a, Bezgak bovaniyam chaqirsak bo’larmidi?!. Boya choyxonada ko’rib qoluvdim. «Senlar ja surbetsan, bova kerak bo’lsa, zipillab kelasan, ziyofat chiqsa, imi-jimida survorasanlar», deb rosa norozi bo’ldi.
G’ashali: — Zap to’g’ri gapni aytding, maymoq! Malades! Bezgak bova bu yerga kelsa, hammaga jon kiritvoradi. Ashulalar ayttirib, ko’ngillarni yayratadi. Chaqiramiz, maymoq, chaqiramiz!..
Yurak og’riq opacha: — Innaykeyin… O’pkanisa singlim ham qatordan tushib qolmasin, yaxshilar! Harqalay, anchadan beri bizminan ziyofat yeydi.
Ichketar (daf’atan it kabi irillab): — Unda Tovonog’riq tog’a, buyrakmallalarniyam ayttirvorish kerak. Osh kamayib qolmaydi. Jamoa bo’lib ziyofat yesak, gashti bo’lakcha bo’ladi-da, nima deysiz, Matqovul aka? Alyo-yo, brat! Sizga nima bo’ldi? Hadeb biz gapiraveramizmi? Siz shu mehmonxonaning egasi bo’lsangiz, umidminan kelganmiz, axir! Biror nima deng-da endi!..
Matqovul allaqachon bo’lari bo’lib, burchakdagi divanga chalqancha yotib qolgandi. Nuqul harsillar, ihlar, hojatxonaga chiqishi lozimligini bilar, biroq o’rnidan qo’zg’alishga qo’rqardi. Titrab-qaqshab sal boshini ko’tarishga jazm etadi.
Matqovul (iyaklari takillab): — M-mehmondan b-bo’lsin!..
Shunday deydi-yu, boshini qaytadan yostiqqa qo’yib, ko’zlarini chirt yumib oladi. Hash-pash deguncha ko’ngil qulog’iga shivirlaydi.
Ko’ngil: — Tag’ir birpas chidang, xo’jayin! Karima kennoyim halizamon kep qoladi. Sizni bannisaga opketadi. Manavi surbetlardan qutulamiz, hi-hi-hi-hi-i-i!!!
Matqovul (orzusi ushalishidan umidvor bo’lib mamnun bosh qimirlatadi): — Qaniydi, azizim, qaniydi!
Ko’ngil: — Keyin-chi, og’a, yana bir gap. Bu surbetlar mehmonxonangizni yodlavolishgan. Keyinam tap tortmay kelaverishadi. Bezor qip tashlashadi ikkimizni.
Matqovul: — Nima qilsa bo’ladi unda?
Ko’ngil: — Boshliqqa yalinib bo’lsayam shahardan vaqtinchaga ijara uy topish kerak. Ana shunda mehmonlaringiz bizni topolmay qolardi. Hammasidan qutulardik.
Matqovul (ko’zlarini katta-katta ochib): — Haqsan! Karima kennoying kelsin, tayinlayman! Bu uyda yashasam, kelaverishadi bezbetlar!
Oradan yarim soatcha o’tib, Matqovul qovunchini kasalxonaga olib ketishadi.
Bir soatdan so’ng chaqirilmagan mehmonlardan narilaganini his etadi.
Tezroq shahardan ijara uy topishga umid bog’lab, ukol ta’siridami, uyquga ketadi.
Olimjon HAYIT